Ravshan Haydarov: "Vaqt masalasida ham, iqlim masalasida ham muammolar bo'lmaydi"

Sherzod Nurmatov
14 sen 2026, 15:05
O'zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo o'yinlari oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Turnir oldidan fikrlar:

Osiyo o'yinlari - qitamiz uchun juda katta musobaqa, ko'plab sport turlari ishtirok etadigan kichik Olimpiada hisoblanadi. Barcha turnir qatnashchilariga, guruhimizdagi raqiblarimizga o'zlari oldilariga qo'ygan maqsadlariga erishishlarini tilayman.

O'zbekiston eng sara sportchilari bilan musobaqada munosib ishtirok etish uchun tashrif buyurdi. Biz ham bu nufuzli turnirga yil davomida tayyorgarlik olib bordik. Musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, medallar uchun kurash olib borish maqsadida keldik.

Tashkilotchilik haqida:

Avvalambor, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiramiz. Bu kabi juda katta musobaqani qabul qilayotgan Yaponiyaga rahmat aytamiz. Tashkiliy tarafdan yurtingiz har doim musobaqalarni yuqori saviyada o'tkazib kelgan. O'ylaymanki, bu turnir ham yuqori darajada tashkil etiladi.

Moslashish jarayoni haqida:

Vaqt tafovuti bo'yicha moslashish ishlarini Toshkent yig'inidan boshlaganmiz. Yaponiya bilan 4 soat farqimiz bor, shunga yarasha futbolchilarning moslashish ko'nikmasini olib bordik.

Toshkentdagi yig'inimizdan keyin Xitoyning Dalyan shahrida tayyorgarlikni davom ettirdik va nazorat uchrashuvini o'tkazdik. U erning iqlimi ham Yaponiya bilan o'xshash va oradagi vaqt farqi 1 soatni tashkil etadi. O'ylaymanki, vaqt masalasida ham, iqlim masalasida ham muammolar bo'lmaydi. Futbolchilarimiz ko'nikma hosil qilib bo'lishdi.

Eslatib o'tamiz, U-23 terma jamoamiz musobaqadagi ishtirokini 15 sentyabr kuni Filippinga qarshi bahs bilan boshlaydi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 11:30 da Nagoyada joylashgan “Minato Soccer Field” maydonida bo'lib o'tadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати