

Toshkentliklar dastlabki turni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida musobaqaning amaldagi chempioni "Al Ahli"ga qarshi o'tkazadi.
Keling, Paxtakorning dastlabki raqibi haqida biroz to'xtalamiz.
"Al Ahli" Saudiya Arabistoni futbolining eng nomdor klublaridan biri hisoblanadi. Jamoa 1937 yilda tashkil topgan va 89 yillik tarixga ega.
Klub muxlislar orasida "Al Malaki" (qirollik klubi) hamda Nadi Al Ummah (xalq klubi) laqablari bilan mashhur.

"Al Ahli" o'z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh Sport Siti majmuasidagi "Alinma" stadionida o'tkazadi. Ushbu arena 62 mingdan ziyod muxlisni o'z bag'riga sig'dira oladi.
"Al Ahli" so'nggi yillarda nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Osiyoning yetakchi klublaridan biriga aylandi. Jamoa OFK Elit Chempionlar Ligasining amaldagi va ketma-ket ikki karra g'olibi hisoblanadi.
Jiddaliklar 2024/25 yilgi mavsum finalida Yaponiyaning "Kavasaki Frontale" klubini 2:0 hisobida mag'lub etib, o'z tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo'lga kiritgandi. Oradan bir yil o'tib, "Al Ahli" o'z unvonini himoya qildi. Jamoa 2025/26 yilgi mavsum finalida Yaponiyaning "Machida Zelvia" klubini qo'shimcha bo'limlarda 1:0 hisobida taslim etdi. G'alaba golini Firas Al Buraykan urdi. Shu tariqa, "Al Ahli" 2004 va 2005 yillarda "Al Ittihod" qayd etgan natijadan keyin Osiyoning bosh klub turnirida ketma-ket ikki marta chempion bo'lgan ilk jamoaga aylandi.
Jamoani ayni paytda niderlandiyalik 55 yoshli mutaxassis - Marino Pushich boshqarmoqda. U 2026 yilning 6 avgust kuni "Al Ahli" bosh murabbiyi etib tayinlandi va klub bilan 2028 yilgacha mo'ljallangan shartnoma imzoladi. Pushich bungacha "Tvente", "Feyenoord", Doneckning "Shaxtyor" hamda BAAning "Al Jazira" klublarida faoliyat olib borgan. "Shaxtyor" bilan Ukraina chempionligi va mamlakat kubogini qo'lga kiritgan mutaxassis "Feyenoord" murabbiylar shtabida ham Niderlandiya chempionligini nishonlagan.
"Al Ahli" tarkib jihatidan Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri bo'lib qolmoqda. Klubda Senegal terma jamoasi darvozaboni Eduar Mendi, braziliyalik himoyachi Rojer Ibanes, Turkiya terma jamoasi a'zosi Merih Demiral, braziliyalik Galeno hamda Angliya terma jamoasida o'ynagan Ayven Touni faoliyat olib bormoqda.
Yozgi transfer oynasida jamoa tarkibida katta o'zgarishlar yuz berdi. Riyod Mahrez va Frank Kesse klubni tark etdi. Ularning o'rniga Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Fransishku Trinkau, Armaniston terma jamoasi yetakchilaridan biri Eduard Spercyan, ukrainalik yarim himoyachi Artyom Bondarenko singari futbolchilar bilan tarkib kuchaytirildi.
Jamoaning mahalliy futbolchilari orasida ham Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi vakillari ko'p. Ali Majrashi, Ziyod Al Johani va Firas Al Buraykan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun Saudiya Arabistonining yakuniy tarkibidan joy olgan. Bundan tashqari, Zakariya Havsavi va Solih Abu Al Shamat ham mundial oldidan Saudiya Arabistoni milliy jamoasi yig'iniga jalb qilingan futbolchilar hisoblanadi. Yozda "Al Hilol"dan kelib qo'shilgan hujumchi Abdulloh Radif ham Saudiya termasi safida o'ynash tajribasiga ega.
"Paxtakor" va "Al Ahli" uchun bu Osiyo maydonidagi ilk uchrashuv emas. Tomonlar shu vaqtga qadar 4 marta o'zaro to'qnash kelgan. Mazkur bahslarda 2 tasida "Paxtakor" g'alaba qozongan bo'lsa, yana 2 uchrashuv jiddaliklarning muvaffaqiyati bilan yakunlangan.
Eslatib o'tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 1-turidan o'rin olgan "Al Ahli" – "Paxtakor" uchrashuvi 14 sentyabr kuni Jidda shahridagi "Alinma" stadionida bo'lib o'tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.



