"Al-Sadd" Farg'onadan quruq qaytgan edi: "Neftchi"ning OCHLdagi eng so'nggi yorqin sahifasi qanday yozilgandi?

Iskandarov Abdulaziz
14 sen 2026, 15:30
Bugun farg'onaliklar uchun katta futbol bayrami - "Neftchi" klublar miqyosida Osiyoning eng nufuzli musobaqasida o'z yurishini boshlaydi. Raqib - Iroqning "Eyr-Fors" klubi.

Mazkur uchrashuv jamoa uchun haqiqiy tarixiy ahamiyatga ega. Sababi, farg'onaliklar naq 19 yillik tanaffusdan so'ng qitaning bosh klublar turniriga qaytdi. "Neftchi" oxirgi marta 2007 yilda OCHLda ishtirok etgan bo'lib, shundan so'ng yillar davomida asosan ikkinchi darajali hisoblangan OFK Kubogida harakat qilgan edi.

Murosasiz davr formati va guruh haqida

O'sha vaqtlarda OCHL reglamenti hozirgidan keskin farq qilardi: guruhdan faqatgina birinchi o'rinni egallagan yagona jamoa keyingi bosqichga yo'l olardi. Hatto mamlakat gegemoni hisoblangan "Paxtakor" ham kuchli raqobat va shu qatiy format qurboni bo'lib, ketma-ket bir necha bor guruhda qolib ketgani buning yaqqol isnoti edi.

Qolaversa, o'sha davrdagi safar o'yinlaridagi logistika, uzoq parvozlar va raqib maydonlaridagi bosim hisobga olinsa, jamoaning o'shanda to'plagan 10 ochkosi chinakam qahramonlikka teng edi.

2007 yilgi mavsumda "Neftchi" "S" guruhida "Al-Najaf" (Iroq), "Al-Karama" (Suriya) va "Al-Sadd" (Qatar) kabi jiddiy raqiblar bilan kurash olib borgandi. Ilk turdayoq Iroqqa safar qilgan farg'onaliklar Akmal Xolmatovning goli evaziga minimal 1:0 hisobida zafar quchib, uyga 3 ochko bilan qaytishgan edi.

photo_2026-09-14_13-42-05.jpg

Ikkinchi turda esa Farg'ona Navro'z bayramini nishonlayotgan kuni Suriyaning "Al-Karama" klubi qabul qilindi. O'sha yillari Farg'onadagi "Istiqlol" stadioniga nafaqat vodiydan, balki respublikaning boshqa viloyatlaridan ham minglab muxlislar kelar, tribunalar hech qachon bo'sh qolmasdi. Muxlislarning shiddatli qo'llab-quvvatlashi ostida Osiyo klublari uchun Farg'onada o'ynash chinakam sinovga aylangandi. Minglab muxlislar ko'z o'ngida Anvar Berdiev va Nosir Otaqo'ziev o'z nomiga gol yozdirib, jamoaga 2:1 hisobidagi muhim g'alabani taqdim etdi.

gettyimages-52673450-2048x2048.jpg

Uchinchi turda Dohaga safar qilgan "Neftchi" "Al-Sadd"ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. O'sha paytda qatarliklar safida Osiyoning eng yaxshi futbolchisi Xalfan Ibrohim to'p surar va hisobni ham aynan u ochgandi.


Farg'onadagi shiddat va Sarkisyanning ishonchi


Ikki davra doirasidagi javob o'yinida "Al-Sadd" Farg'onaga tashrif buyurdi. O'sha paytda Qatar klubi tarkibida yo'qotishlar talaygina edi. O'yin oldidan "Neftchi" bosh murabbiyi Yuriy Sarkisyan o'z fikrlarini yashirib o'tirmagandi:

"Biz guruhda yetakchilikni davom ettirish uchun bu o'yinda g'alaba qozonishga umid qilamiz. Qolgan uchta o'yinimizdan ikkitasini uyda o'tkazamiz va agar ikkalasida ham g'alaba qozonsak, chorak finalga yo'llanma olishimiz mumkin", - degan edi tajribali mutaxassis. Shu bilan birga, u bu guruhni turnirdagi eng murakkab kvartetlardan biri deb atagandi.

O'z navbatida, raqib ustozi - urugvaylik taniqli murabbiy Xorxe Fosatti jamoadagi kadrlar muammosidan nolib o'tgan edi:

"Har bir jamoa jarohatlardan aziyat chekadi, ammo "Al-Sadd" bilan sodir bo'layotgan voqealar ilgari hech qachon bo'lmagan. Xalfan Ibrohim, Ibrohim Abdulmaged va Yusef Ali jarohat olgan, Felipe Xor esa diskvalifikaciya qilingan. Qolaversa, "Neftchi" maydonining holati yaxshi emas va injiq maydon to'pni aniq uzatishni qiyinlashtirishi mumkin, shuning uchun bizga maxsus taktika kerak", - degandi Fosatti.

gettyimages-77332421-2048x2048.jpg

Dramatik echim va afsus


Farg'onadagi o'yin mezbonlarning hujumlari bilan boshlandi. Hali 1-daqiqadayoq Iqboljon Akramov tezkor gol urib, hisobni ochdi. To'g'ri, 17-daqiqada Emerson muvozanatni tikladi, biroq Nasim Shoimovning goli "Neftchi"ga muhim g'alabani keltirdi.
Shundan so'ng farg'onaliklar guruhdan chiqish uchun qulay imkoniyatga ega bo'lishgandi. Biroq so'nggi ikki uchrashuvdagi omadsizlik - o'z maydonida "Al-Najaf" bilan durang va Suriyadagi so'nggi tur bahsi hammasini o'zgartirib yubordi. "Al-Karama"ga qarshi hal qiluvchi o'yin oldidan "Neftchi" 10 ochko bilan birinchi, suriyaliklar esa 8 ochko bilan taqib qilib turgandi. Safarda hatto durang ham keyingi bosqichga olib chiquvchi edi, ammo "Al-Karama" o'z uyida 2:0 hisobida g'alaba qozonib, peshqadamlikni tortib oldi.

gettyimages-143334476-2048x2048.jpg

O'sha davrda porlagan Anvar Berdiev, Akmal Xolmatov, Nosir Otaqo'ziev va Iqboljon Akramov kabi yetakchilar o'zbek futboli tarixida o'z nomini muhrlab qoldirishgandi. Oradan yillar o'tib, tarix yangidan boshlanmoqda. Muxlislar endi yangi avlod vakillaridan ham xuddi o'sha shiddat, matonat va g'alabaga bo'lgan ishtiyoqni kutib qolmoqda.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia