

Ushbu muhim start oldidan saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov Eronning Mehr.news nashri jurnalisti va eksperti Mehdi Mortazavian bilan suhbatlashdi. Quyida ushbu suhbatning eng muhim jihatlarini keltirib o'tamiz.

"O'zbek klublari bugun o'z taraqqiyoti va o'sishi sari jiddiy qadamlar tashlayotganiga ishonchim komil. Agar O'zbekiston milliy jamoasi shunday yuqori darajaga ko'tarilayotganini ko'rayotgan bo'lsak, buning asosiy sababi klublarga qaratilayotgan e'tibordir. Klublar o'z oldiga qo'yilgan maqsadlarga erishishi juda muhim, chunki bu yakunda bosh jamoa va umuman olganda mamlakat futboli rivojiga xizmat qiladi.
Misol uchun, "Paxtakor"ni olaylik. Ular doimo saviyali futbolchilarga va yuqori darajadagi istedodlarga ega bo'lib kelishgan hamda juda kuchli jamoa shakllantira olishgan. Eron safida katta xalqaro tajribaga ega bo'lgan tajribali himoyachi Morteza Purilangaji o'z faoliyatini aynan O'zbekistonda davom ettirishni tanlagani bejiz emas. O'zbekiston kundan-kunga taraqqiy etmoqda va bu rivojlanish tajribali futbolchilarni ham o'ziga tortmoqda.
Shuni ham takidlash joizki, "Paxtakor" va "Al-Ahli" o'rtasidagi bahs hal qiluvchi va ahamiyatli uchrashuv sanaladi. "Al-Ahli" - Osiyo futbolining eng yuqori cho'qqilarida ko'p yillik tajriba to'plagan qudratli jamoa, bu esa mazkur to'qnashuvni yanada jiddiy va qiziqarli qiladi.
"Neftchi" - eng qadimgi klublardan biri va ko'p yillardan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. O'zbek klublar futboli juda yaxshi taraqqiyotga erishganiga ishonaman. Endi bu jamoa "Eyr Fors" kabi kuchli raqibga qarshi bahs olib borishi va juda raqobatbardosh o'yin ko'rsatishi kerak. Har qanday turnirning ochilish o'yini doimo eng muhim bahslardan biri hisoblanadi. Agar jamoa musobaqada muvaffaqiyat qozonishni istasa, har bir raqibga to'g'ri munosabat va qatiyat bilan yondashishi shart", – deydi Mehdi Mortazavian.
Eslatib o'tamiz, bugun turnir doirasida "Paxtakor" Jidda shahrida "Al Ahli" mehmoni bo'lsa, "Neftchi" o'z maydonida Iroqning "Eyr Fors" jamoasi bilan kuch sinashadi.



