“Biz o'zimizning eng yuqori darajamizni ko'rsatishimizga to'g'ri keladi” - Goran Tomich

24 noya 2026, 21:57
OFK Chempionlar ligasi-2 doirasidagi “Nasaf” - “Al-Xolidiya” uchrashuvi oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Goran Tomich va futbolchi Seydina Dabo jurnalistlar savollariga javob berdi.

- Goran Tomich, bo'lajak uchrashuv haqidagi dastlabki fikrlaringiz…

 - Barchaga xayrli kech. O'ylashimcha, bu har ikki jamoa uchun juda muhim o'yin. Hozir bosqichning hal qiluvchi pallasi keldi va ikkala jamoa ham g'alaba uchun harakat qiladi hamda o'yinda g'alabani izlashga intiladi. Biz ushbu jamoa bilan Bahraynda to'qnash keldik va ularga qarshi o'ynadik. Ko'rinib turibdiki, “Nasaf”da yaxshi jamoa bor, yaxshi individual futbolchilar jamlangan. G'alabaga erishish uchun biz o'zimizning eng yuqori darajamizni ko'rsatishimizga to'g'ri keladi. Biz tayyormiz va ertangi uchrashuvni intiqlik bilan kutyapmiz.

- Seydina Dabo, sizning fikringiz qanday?

 - Barchaga xayrli kech. Avvalo, shu yerda bo'lganingiz uchun rahmat. Bu o'yinni intizorlik bilan kutyapmiz, oson sinov bo'lmasligini bilamiz. Albatta, biz juda yaxshi tayyorgarlik ko'rdik va astoydil ishladik, chunki raqib jamoa nimalarga qodir ekanligini bilamiz. E'tiborimiz birlashgan holda harakat qilishga qaratilgan, nima qilishimiz kerakligini yaxshi bilamiz. Rahmat.

- “Nasaf” bilan birinchi uchrashuvdan keyin jamoani qanchalik darajada o'rgandingiz? Sizga eng ko'p tashvish tug'dirayotgan jihatlar - “Nasaf”ning qaysi nuqtalari hisoblanadi? 

- “Nasaf”ga qarshi ilk o'yinda ularning o'yin uslubiga aniq tayyorgarlik ko'rgan edik. Bu jangovar ruhga ega, jipslashgan jamoa. Yaxshi jamoaviy o'yinni ko'ryapman, bosh murabbiyning mehnatini qadrlayman - ular nima qilishni xohlashlarini bilishadi va jismoniy jihatdan ham juda yaxshi holatda. Shu sababli futbolchilarimdan ushbu o'yinda bor kuchini ishga solishni so'radim. Yana bir bor takidlayman: ularni mag'lub etish uchun eng yuqori saviyamizni namoyish etishimiz kerak.

- Jamoa tarkibida yo'qotishlar bormi? Jamoa to'liq tarkibda o'yinga olib kelindimi? 

- Jamoaning barchasi shu yerda, barcha futbolchilar safda. Ertangi uchrashuv oldidan asosiy tarkibga kiradigan 11 nafar futbolchini aniqlaymiz, barcha tayyor.

- Ertangi o'yin guruhdagi taqdirni hal qiladigan bahs, ustiga-ustak safarda o'ynayapsizlar. Bunday holat jamoadoshlaringizga bosim o'tkazadimi? 

- Menimcha, hech qanday bosim yo'q, chunki o'z kuchimizni bilamiz. Har bir futbolchining o'ziga xos jihatlari bor, hali oshkor qilinmagan jihatlarimiz ham ko'p. Men uchun eng muhimi - jamoadagi muhit a'lo darajada, hamma o'z ishini yaxshi bajaryapti. Diqqatimiz o'yin rejasiga sodiq qolish va bor kuchimizni berishga qaratilgan. Maydonda nima yuz berishidan qati nazar, bunga tayyormiz. Rahmat.

Eslatib o'tamiz, “Nasaf” - “Al-Xolidiya” bahsi 25 noyabr kuni 18:45da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar

Manba: championat.asia