Rashid G'ofurov: "Futbolchilarimiz 3 kun uxlamagandek o'ynashdi"

admin
8 okt 2026, 18:14
Proliga 21-turidan o'rin olgan Respublika FA bilan uchrashuvdan (1:2) keyin "Yaypan" bosh murabbiyi Rashid G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida

- Avvalambor, raqib jamoani g'alaba bilan tabriklaymiz. Kecha ularning Rossiyaga qarshi o'yinini ko'rib, ma'lum bir xulosa qilgandik. Bizga qandaydir xarakter yetishmayapti. 1:0 yutib turib, yutqazib qo'yish holatlari hamma jamoada uchrab turadi, lekin bunchalik ko'p shunaqa bo'lishi normal holat emas. Go'yoki bolalar trenajyor zalidan o'yinga tushayotganga o'xshayapti.

Hozirgacha bunchalik yomon o'yin o'tkazmagandik. Bundan to'g'ri xulosa chiqarib, gaplashib olamiz.

- Bu masala bo'yicha echim bormi yoki jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiyga savollar bordir?

- Yo'q, oldin bunday holat kuzatilmagan. Go'yoki ertalab trenajyor zaliga chiqqandek o'ynashmoqda. O'yindan oldingi mashg'ulotda hamma tetik edi. Bunday holat hech qachon ro'y bermagan. Futbolchilarimiz 3 kun uxlamagandek o'ynashdi. Sabablarini albatta o'rganib chiqamiz.

- Natija maydon sifatiga bog'liq emasmi?

- Yo'q, maydon sifatiga bog'liq emas. Chunki yigitlarimiz "Qo'qon-1912" bilan o'rtoqlik o'yinida bundan ham yomon holatdagi maydonda o'ynagan.

Superliga jamoasi bilan chiroyli o'yin ko'rsatgandik. Shu bois xotirjam edim.

- Jamoa bosh murabbiyi o'zgaradi, degan mish-mishlar chiqa boshladi. Bu xabarlarga nima deya olasiz?

- Bizdami? Buni rahbariyat hal qiladi. Bu yangilikni kutilmagan holat deb bo'lmaydi, chunki murabbiylik faoliyatining o'zi shunaqa. Har doim har narsaga tayyor turish kerak. Istalgan vaqt almashtirishlari mumkin. Agar munosib nomzod bo'lsa, bemalol joyni bo'shatishga tayyormiz.

O'xshash yangiliklar


adminMuallif
Manba: Championat.asia