

- Rashid aka, uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...
- Avvalambor, assalomu alaykum. Bugungi o'yin haqida fikrimni bildiradigan bo'lsam, raqib jamoani oldindan bilardik - juda ham stabil, yosh va charchash nimaligini bilmaydigan jamoa. Hatto bir kishi kam bo'lib qolgani ham bilinmadi. Bizga qaraganda imkoniyatlarni ko'proq yaratishdi, bizda ham vaziyatlar bo'ldi. Lekin tomoshabop o'yin kechdi, har ikkala tomonda ham imkoniyatlar etarlicha bo'ldi. O'yin birinchi golgacha edi. Shuning uchun tomosha qiladigan tomoshabop o'yin bo'ldi. Menga yoqdi "G'azalkent" jamoasi. Ularni oldindan ham ko'rganmiz, uyda mag'lubiyatga uchraganimizda bilardik qanday kuchga ega ekanligini. Ularni yosh deb bo'lmaydi, maydonga tushgandan keyin yoshning ahamiyati qolmaydi.
- O'tgan turda "Sho'rtan"dan qabul qilingan mag'lubiyatdan so'ng jamoada bir qancha rotaciyalar yuz berdi. Xususan, asosiy darvozabon Ozodbek Marupovni asosiy tarkibda ko'rmadik. Umuman olganda, statistikaga qaraydigan bo'lsak, "Yaypan" eng ko'p gol o'tkazib yuborish va gol urish bo'yicha oqsayapti - eng yomon ko'rsatkichga ega 5 ta jamoadan biri bo'lib turibdi. Bu haqida nima deysiz?
- To'g'ri aytyapsiz. Darvozabonlarga keladigan bo'lsak, bizda uchta darvozabon bor. Har biriga o'yin amaliyoti berish uchun navbat bilan imkoniyat beryapmiz. Hatto darvozani daxlsiz saqlagan taqdirda ham keyingi o'yinda boshqasiga imkoniyat beramiz. Shunday vaziyat bo'lib qoldi. Sababi bizda Superligaga chiqish vazifasi yo'q degani o'ynamaslik kerak degani emas. Lekin imkoniyat boricha hammaning o'yin amaliyotini oshirishga harakat qilyapmiz. Oqsash masalasiga kelsak, har doim o'yinni biz nazorat qilamiz, "Sho'rtan" bilan ham 90 daqiqa davomida o'yin tizginini qo'lda ushlab turdik. Lekin golni raqib urib ketdi - uzoqdan ikki-uchta gol o'tkazib yubordik. Bizda hujumni yakunlaydigan, gollar uradigan hujumchi yo'qligi uchun bazan to'liq pozicion o'yin ko'rsatishga majbur bo'lyapmiz. Har o'yinda buning ustida ishlayapmiz, lekin o'rgatgan boshqa, hujumchining o'zida tug'ma sezgi bo'lishi kerak. Mana, hozir bir himoyachini olib tashlab, yana bitta hujumchini tushurdik, lekin qayoqqa yugurishni, nima qilishni bilmayapti. O'rgatgan boshqa, futbolchining o'zida ham mas'uliyat bo'lishi kerak.
- Himoyachining o'rniga hujumchini tushirdim deb ta'kidlab o'tdingiz. Ko'rsatma bergandirsiz, lekin baribir himoya oxirgi chizig'ida to'rtta himoyachi qolib ketyapti. Qizildan keyin, bir kishi ko'p bo'lib turgan paytda hujumni kuchaytirishning iloji yo'qmidi?
- Aynan shunday qildik. Faqat bizda ikkita tayanch yarim himoyachi o'ynagani uchun, ikkinchi tayanch va uchta himoyachi bo'lganda, ular hujumga o'tganda to'rtinchi himoyachi vazifasini bajarib turadi. Shuning uchun ko'zga to'rt kishi bo'lib ko'rindi. Hujumga o'tganda bittasi qo'shiladi, orqada uchta himoyachi qoladi. Baribir raqib qarshi hujumga o'tganda kimdir ularni yopishi kerak.
- "Yaypan"da moliyaviy ahvol qanday? Safar o'yinlari, maoshlar bo'yicha muammolar yo'qmi?
- Bizda hech qanday muammo yo'q. Hozircha qarzdorlik ham yo'q - maoshlar ham, safar xarajatlari ham o'z vaqtida berilyapti. Mukofot puliga kelsak, mukofot pulini yutgan jamoa oladi. Hozir hatto pulimiz ham tayyor, yutsa - darhol beriladi. Katta xarajat qiladigan jamoalarda muammo bo'lishi mumkindir, lekin bizda hammasi joyida, hammasi yaxshi.



