"Persepolis" legionerlar, jumladan, O'runov va Sergeevga qancha maosh to'layotganini oshkor qildi

Оқил Абдубарноев
5 okt 2026, 02:00
Eronning "Persepolis" klubi bosh direktori Paymon Haddodiy jamoadagi 5 nafar xorijlik futbolchining umumiy shartnoma qiymati 4 million 800 ming dollarni tashkil etishini ma'lum qildi.

Ushbu ro'yxatda O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zolari Oston O'runov va Igor Sergeev asosiy o'rin tutadi. Ulardan tashqari, jamoada Daniel Guera, Tevi Bifuma va Marko Bakich kabi legionerlar ham harakat qilmoqda.

Klub rahbari sport dasturidagi chiqishida moliyaviy masalalar ochiq olib borilishini ta'kidladi. "Biz shaffof klubmiz va barcha hujjatlarimiz qayd etiladi. 5 nafar legionerimizning umumiy shartnomasi (maosh va bonuslar) 4 million 800 ming dollar. Qaniydi, mamlakatimizdagi butun futbol muhiti "Persepolis" kabi shaffof bo'lsa", – dedi Haddodiy.

Shuningdek, dollar kursining oshib borayotgani sababli, Eron klubi qishki transfer oynasida boshqa xorijlik o'yinchilarni jalb qilmasligini, qolaversa, legionerlar limiti allaqachon to'lganini bildirdi. Katta ehtimol bilan, yozgi transferlar vaqtida ham yangi chet ellik futbolchilar sotib olinmaydi. Klub endilikda asosiy e'tiborni va mablag'larni mahalliy eronlik futbolchilarni xarid qilishga hamda akademiyaga sarmoya kiritishga qaratadi.

Haddodiy mavsum boshida xorijlik emas, balki mahalliy murabbiy Mehdi Tartarning jamoaga olib kelinishi ham bevosita mana shu iqtisodiy sabablar va dollar kursining o'sishi bilan bog'liqligini tushuntirib, bu qaror o'zini oqlaganini ta'kidlab o'tdi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Varzesh3