

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur murabbiyi - Ilyos Zeytullaev (“Kattaqo'rg'on”)
Ushbu turda Ilyos Zeytullaev boshqaruvidagi "Kattaqo'rg'on" safarda mahoratini namoyish etib, "FarDU" jamoasi ustidan 3:0 hisobida yirik g'alabaga erishdi. Maydondagi to'liq ustunlik, puxta taktika va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmagan o'yin Championat.asia ijodkorlari e'tiboridan chetda qolmadi. Zeytullaev haqli ravishda turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Tur futbolchisi - Asadbek Samariddinov (“Lochin”)
"Lochin" jamoasi vingeri Asadbek Samariddinov "Olimpik-MobiUz"ga qarshi kechgan murosasiz bahsning bosh qahramoniga aylandi. Uchrashuvda o'z hisobiga 2 ta to'p yozdirib qo'ygan vinger jamoasiga 2:1 hisobidagi muhim g'alabani taqdim etdi. Shu tariqa, aynan Samariddinov tur futbolchisi sifatida etirof etildi.

Tur darvozaboni - Vadim Lukyanov (“Kattaqo'rg'on”)
"Kattaqo'rg'on" posboni Vadim Lukyanov "FarDU"ga qarshi kechgan bahsda haqiqiy ishonch ramziga aylandi. U nafaqat o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi (3:0), balki o'yin yakunida belgilangan penaltini ham mahorat bilan bartaraf etib, g'alabani mustahkamladi. Ishonchli seyvlar va muhim vaziyatdagi sovuqqonlik evaziga Lukyanov tur darvozaboni nomiga loyiq ko'rildi.

Tur goli - Daler Tuxsanov (“Olimpik-MobiUz”)
"Lochin"ga qarshi kechgan uchrashuvda "Olimpik-MobiUz" yarim himoyachisi tomonidan kiritilgan to'p turning haqiqiy bezagiga aylandi. Garchi bahs 1:2 hisobida raqib foydasiga yakunlangan bo'lsa-da, futbolchining oyoqning tashqi qismi bilan yo'llagan qoyilmaqom "trivela" uslubidagi zarbasi darvoza to'ridan joy oldi. Ushbu noodatiy va yuqori ijro mahorati talab qiladigan supergol haqli ravishda turning eng chiroyli goli deb topildi.




