"Al Vahda" ustozi: "O'yinni "quritish" uchun ikkinchi bo'limda yana bir o'yinchini tushirishga to'g'ri keldi"

Абдулвосит Бектемиров
15 okt 2026, 11:52
OCHL 2 musobaqasining 2-turi doirasida o'tkazilgan "Nasaf" - "Al Vahda" uchrashuvidan so'ng (1:2) mehmonlar bosh murabbiyi Perikles Shamuska va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi Fakundo Kruspzskiy o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

"Uchrashuv juda qiyin kechdi. Biz butun hafta davomida raqibni o'rgandik va bu o'yinga tayyorgarlik ko'rdik. Boshida ustunlikni qo'lga kiritganimizga qaramay, ikkinchi bo'limda g'alabali hisobni ushlab qolish og'ir bo'ldi. Biroq, futbolchilarimizning to'g'ri mentaliteti va jamoaviy ruhi ishimizni oxiriga etkazishga va bu uch ochkoni olishga imkon berdi", - dedi mehmonlar bosh murabbiyi Perikles Shamuska.


"Birinchi navbatda, jamoamiz uchun juda xursandman. Biz ajoyib futbolchilar va kuchli murabbiyga ega bo'lgan kuchli raqibga qarshi juda og'ir o'yinda uch ochko ishlashga muvaffaq bo'ldik. Eng muhimi, biz g'alabani uyga olib ketyapmiz va men jamoamiz bilan juda faxrlanaman", - dedi uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi Fakundo Kruspzskiy.

- Bu mavsumda turnirdagi asosiy maqsadingiz nima?

- Maqsadimiz - finalga chiqish va titul uchun kurashish. O'zim haqimda kichik bir faktni qo'shimcha qilaman: avvalroq "At-Taavun" bilan OCHL pley-offiga ikki marta chiqqanman. Endi menda "Al-Ahli" bilan ushbu turnirda muvaffaqiyatga erishish uchun ajoyib imkoniyat bor.

O'yinchiga savol

- Jamoangizda yuqori individual mahoratga ega ko'plab futbolchilar yig'ilgan. Ular bugun o'zlarining maksimumini ko'rsata oldimi yoki jamoa bundan ham yaxshiroq o'ynashga qodirmi?

- Ha, biz tarkibimizda ajoyib individual sifatlarga ega o'yinchilar yig'ilganini bilamiz. Aynan shu narsa bizni ajoyib jamoa qiladi. Ammo biz erishilgan yutuqlarda to'xtab qolmaymiz: har bir yangi o'yinda bundan ham yaxshiroq ishtirok etish va o'z maksimumimizni namoyish qilish uchun har kuni tinmay ishlaymiz.

- Bugun jamoangiz asosan himoyadan o'ynadi. Bu sizning o'yin uchun boshlang'ich strategiyangiz edimi yoki "Nasaf" sizni himoyaga yotishga majbur qildimi?

- Bizning asosiy g'oyamiz - har doim hujum va himoya o'rtasidagi balansni saqlash. Ochiq aytaman: o'yinning dastlabki 15 daqiqasida "Nasaf" yuqori pressing qo'lladi, bu esa himoyadan chiqishimizda jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi. Ammo shu oraliqdan so'ng o'yinchilarim o'yin borishini nazorat ostiga olishdi, to'pga egalik qila boshlashdi va o'zimizning odatiy uslubimizda kombinaciyalar qilishdi.

Ikkinchi bo'lim oxirida men haqiqatan ham o'yinni "quritish" uchun qo'shimcha himoyachini maydonga tushirishga va 5-4-1 sxemasiga o'tishga majbur bo'ldim. "Nasaf"da zarbasi kuchli, sifatli futbolchilar juda ko'p, ular jarima maydonchamiz oldida doimiy ravishda xavf tug'dirib turishdi. Bunday paytlarda zonalarni yopa bilish kerak va biz buni uddaladik.

obshiy foto.jpeg

- Taktika bo'yicha savol. Sizningcha, "Nasaf"ga qarshi natijaga erishish uchun qaysi biri samaraliroq: himoyadan o'ynashmi yoki hujumkor uslubda harakat qilishmi?

- Bizning falsafamiz har doim hujumkor futbolga asoslanadi. Bugungi o'yinga kelsak, biz raqibning ma'lum bir sxemasiga tayyorgarlik ko'rgandik. Biz ular to'rtta himoyachidan iborat chiziq bilan tushishini (garchi o'yinlarning birida ular beshta himoyachidan foydalangan bo'lsa ham) va bizning g'oyalarimizni yopadigan ma'lum bir blokni qurishlarini kutgandik.

Ammo o'yin davomida, ayniqsa ikkinchi bo'limda moslashishga va qarshi hujumlardan foydalanishga to'g'ri keldi. Agar jamoa himoya, yarim himoya va hujum chiziqlari o'rtasidagi balansni to'g'ri ushlab tura olsa, u har qanday raqibga, shu jumladan "Nasaf"ga ham muvaffaqiyatli qarshilik ko'rsata oladi.

fakundo kruzpskiy.jpeg

O'xshash yangiliklar


Абдулвосит БектемировMuallif