⚡️ O'zbekistonlik 2 futbolchi XXI asrda milliy chempionatlarda eng ko'p gol urgan to'purarlar ro'yxatidan joy oldi. Peshqadam – Ronaldu, Messi esa ikkinchi

Eldor Akmurzayev
20 yanv 2023
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiya (IFFHS) 21 asrda milliy birinchiliklar (yuqori divizionlar)da eng ko'p gol urgan futbolchilar ro'yxatini tuzib chiqdi.

Unda yetakchi sifatida Krishtianu Ronaldu qayd etildi. 37 yoshli forvard hisobida 498 ta gol mavjud. Ronaldu Portugaliya, Angliya, Ispaniya hamda Italiya chempionatlarida harakat qilgan. Undan keyingi o'rinlardan Lionel Messi hamda Zlatan Ibragimovich joy oldi.

Top-10 esa quyidagicha:

1. Krishtianu Ronaldu – 498 ta gol;

2. Lionel Messi – 487;

3. Zlatan Ibragimovich – 392;

4. Luis Suares – 364;

5. Robert Levandovski – 357;

6. Nikolas Munos – 328;

7. Aleksandar Jurich – 304;

8. Xose Alfredo Kastilo – 289;

9. Ali Ashfaq – 288;

10. Martin Kamburov – 287.

Shu bilan birga reytingda o'zbekistonlik ikki futbolchi ham bor va ular 200+ gol urgan 89 futbolchidan pastroqda joylashishgan. “Temiryo'lchi”, “Mashal”, “Nasaf”, “Neftchi”, “Bunyodkor”, “Andijon” va “Istiqlol” kabi jamoalar sharafini himoya qilgan Anvar Berdiev XXI asrda 164 ta gol urgan va u bu borada Rud Van Nistelroy (159 gol), Alessandro del Pero (152) kabi futbolchilardan yuqoriroqda turibdi. Shuningdek, Berdiev XX asrda milliy chempionatda 61 ta gol urgani ko'rsatilgan.

Bundan tashqari, to'purarlar qatorida Zafar Xolmurodovning nomi ham bor. O'zbekiston MTJ sobiq a'zosi “Hisor, “Nasaf”, “Mashal”, “Dinamo”, “Xorazm”, “Olmaliq” kabi jamoalarda to'p tepgan. U 21 asrda 151 ta, o'tgan asrda esa 49 ta gol urgan, umumiy gollari soni 200 taligi ko'rsatilgan.

Ma'lumot o'rnida, Anvar Berdiev O'zbekiston chempionatida 505 o'yinda qatnashib, umumiy 225 ta gol urgan va u bu borada rekordchi hisoblanadi. Zafar Xolmurodov 200 ta gol bilan keyingi o'rinda bo'lsa, kuchli uchlikka Shuhrat Mirxoldirshoev yakun yasagan – 194 ta gol.

IFFHS. O'zbekistonning uch klubi 2022 yilgi reytingdan o'rin oldi. “Barsa” 20-o'rinda, Ronalduning jamoasi esa top-500'da ham yo'q


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: IFFHS