

Futbolda ko'plab voqealar sodir bo'ladi. Ayrimlarning faoliyati silliq kechsa, boshqalarniki his-tuyg'ularga, kutilmagan burilishlarga va hayotiy saboqlarga boy bo'ladi. Bugungi kunda "Buxoro" sharafini himoya qilayotgan chernogoriyalik vinger Vladimir Rodichning hayoti esa o'ziga xos dramaga boy. 1993 yilda Serbiyaning Belgrad shahrida tug'ilgan futbolchi faoliyati davomida ko'plab qiyinchiliklar va g'aroyib voqealarni boshdan kechirgan.
2026 yil boshida "Buxoro" o'z tarkibiga tajribali futbolchini qo'shib olganini e'lon qildi. Uning o'tmish sahifalarida Yevropaning ko'plab klublari, jumladan, Chempionlar Ligasidagi porloq o'yinlar mujassam edi.

Rad etilgan "Atletiko Madrid" va Chempionlar Ligasi orzusi
Bolaligidan futbolga mehr qo'ygan Vladimir faoliyatini "Grafichar" va "Rad" klublarida boshladi. Uning istedodi tezda ko'zga tashlandi va unga Ispaniyaning mashhur "Atletiko Madrid" klubidan taklif tushdi.
Butun umr xotiramdan o'chmaydigan, yuragimni haligacha jizzillatadigan yagona rasmiy taklif aynan "Atletiko Madrid"dan kelgan edi! Qo'limga shartnomani tutqazishganda, ko'zlarimga ishonmadim... Bu voqea "Malmyo"ga ketishimdan sal oldin ro'y bergandi.
O'sha lahzada hayratdan tosh qotdim, ichimda nimadir portlagandek bo'ldi! Hayajon va ehtirosdan butun vujudim "yonib ketdi"! Qo'llarim qaltirab, darhol sobiq agentim Vladoning raqamini terdim va bor ovozim bilan: "Vlado, iltimos, buni oxiriga etkaz, nima bo'lsa ham hal qil!" – deb baqirib yubordim.
Biroq bu taklif faqat ijara asosida Madridliklarning V jamoasida o'ynashni ko'zda tutardi. Agentining maslahati bilan u taklifni rad etdi va Shvetsiyaning "Malmyo" klubiga o'tdi. Bu qaror unga Chempionlar Ligasida o'ynash orzusini amalga oshirish imkonini berdi.

Qur'a, Zlatanning libosi va Ronaldu bilan tungi uchrashuv
"Malmyo" bilan Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqqan serbiyalik futbolchi haqiqiy bayramni his qildi. U guruhda aynan dunyoning eng kuchli klublariga qarshi o'ynashni istardi.
Xuddi kechagidek esimda: Nikola Jurjichning uyida nafasimizni yutib, qur'a tashlash marosimini ko'z uzmay kuzatardik... Hayajondan yuragim qinidan chiqay derdi, qog'ozga "Real Madrid", "Pari Sen-Jermen" va "Olimpiakos" deb yozib olgandim.
Ekranda sharlar ochilib, guruhimizga birin-ketin "Real", "PSJ" va "Shaxtyor" tushganini ko'rganimda – ichimdagi to'lqinni jilovlay olmadim! Baxt va hayratdan telbalarcha baqirib, sakrab yubordim!
Turnir davomida u o'zining kumirlariga qarshi maydonga tushdi. Parijdagi o'yindan so'ng u shvetsiyalik afsona Zlatan Ibragimovich bilan serb tilida suhbatlashib, uning o'ninchi raqamli libosini olishga muvaffaq bo'ldi. Madridda esa Krishtianu Ronaldu bilan ham hayratlanarli voqea yuz berdi.
Hakamning hushtagi chalinishi bilan yuragim gupillab, bor kuchim bilan tom manoda uning oldiga qarab chopdim! U esa xotirjamgina kiyim almashtirish xonasiga kirishimni aytdi – bir soniya ham kutmay, ortidan shoshildim.
Kirdim, u hech qanday ortiqcha gap-so'zsiz, ochiq yuz bilan o'z libosini menga uzatdi... Ammo keyingi soniyada sodir bo'lgan narsa meni butunlay shokka tushirdi: kutilmaganda u ko'zlarimga qarab: "Sening libosingni olsam maylimi?" – deb so'rab qolsa bo'ladimi?! O'sha lahzada hayratdan karaxt bo'lib qoldim, tomog'imga nimadir tiqildi-yu, tilim kalimaga kelmay qoldi!
Eng qizig'i, "Santyago Bernabeu"dagi 8:0 hisobidagi mag'lubiyatdan so'ng tungi klubga borgan "Malmyo" futbolchilari u yerda yana Krishtianu Ronalduni uchratib qolishadi.
Atigi ikki soat avval maydonda bizni qanday er tishlatganliklarini eslasak, uning bu holatimizga aqli bovar qilmadi, butunlay karaxt edi...
Bizni ko'rishi bilan ko'zlari chaqnab, hayratdan yoqa ushladi: "To'xtanglar, yigitlar, aqldan ozdingizmi, aynan nimani nishonlayapsizlar o'zi?!" – deb yubordi. U bunday shovqin-suronga umuman toqat qilmay, shunchaki sharbat ichib, do'stlari bilan ortiqcha hissiyotsiz ikki og'iz suhbatlashishni va hech qancha o'tmay shirin uyquga ketishni xohlayotganini aytib qoldi.

Zlatan Ibragimovich
Keyinchalik, 2020 yildagi pandemiya davrida Rodich Stokgolmning "Xammarbyu" klubida o'ynab yurganida Zlatan Ibragimovich klub mashg'ulotlariga qo'shiladi. Afsonaviy hujumchining professionalligi va mashg'ulotlarga yondashuvi Rodichda katta taassurot qoldirdi.
Uning bizga bo'lgan munosabatini ko'rish, qanday mashg'ulot o'tkazishini his qilish shunchaki aql bovar qilmas darajada qiziq va hayajonli edi... Xudoyim, qanday yuqori mahorat, qanday dahshatli professional bu!
Har bir harakat, har bir soniya to'liq 200 foizlik kuch va ishtiyoq bilan o'tardi. Oddiygina "kvadrat" o'yinida ham zarracha hazilga, bo'shashishga o'rin yo'q – maydon tom manoda olov bo'lib yonardi!
Ochiqko'ngillik va tribunalarni jim qilish
Rodich o'zining hissiyotga beriluvchan va bolqonliklarga xos xarakteri bilan ham mashhur. Bir safar u o'z jamoasiga foyda keltiradigan o'yinda raqib klubi "Gyoteborg"ning libosini kiyib, pabda muxlislik qilgani shvedlar orasida katta mojaroga sabab bo'lgan edi.
Men har doim ko'nglidagini ochiq-oydin gapiradigan, siyosatdonlik qilib pardozlab o'tirmaydigan odamman – soxtalikni zarracha yoqtirmayman...
Ammo meni "Gyoteborg" libosida suratga tushirib olishdi-yu, shunchaki emas, aynan ig'vo va to'polon ko'tarish uchun ataylab ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborishdi! Bunday g'arazli harakatdan nafratim qaynab ketdi.
Yana bir azaliy raqib "AIK" muxlislarining haqoratli so'zlari va irqchilik kayfiyatidagi hujumlaridan so'ng, u maydonga tushib ularning darvozasiga ikkita gol urdi va tribunalarni jim bo'lishga majbur qildi.
Ichimda nafrat va qahr-g'azab xuddi vulqondek otilib, hamma yoq olov bo'lib yonardi! Birinchi to'pni to'rga qadashim bilan boshimdan o'tgan barcha xo'rliklar bir lahzada ko'z o'ngimdan lip etib o'tdi...
Darhol ularning tribunasi tomon shaxd bilan o'girildim-da, ko'zlariga tik boqib, ko'rsatgich barmog'imni labimga bosdim. Butun stadionni tiz cho'ktirib, muzlatib qo'yadigan sovuqqina sukunat va sukutga cho'mdirish ana shu lahzadan boshlandi!
Muvaffaqiyatsizliklar va ruhiy saboqlar
Faoliyati davomida doim ham hammasi silliq kechmagan. Turkiyaning "Karabyukspor" jamoasiga "Yuventus" sobiq murabbiyi Igor Tudorning taklifi bilan o'tgan vinger u yerda o'zini topa olmadi.
To'satdan telefon jiringlab qoldi – begona, noma'lum raqam. Go'shakni ko'tarsam: "Allo, Vladimir, bu Igor Tudor – Karabyuk bosh murabbiyi", – degan jiddiy ovoz yangradi.
U mening o'yinlarimni diqqat bilan kuzatganini, qanotda aynan mendek shiddatli, kurashchan o'yinchi havodek zarurligini aytganida ichimda umid va hayajon uyg'ondi... Biroq, afsuski, taqdir ekan – bir-birimizga to'g'ri kelmadik.
Turkiyadagi faoliyati uning uchun jiddiy ruhiy sinov bo'ldi. Maydonga kam tushishi uni tushkunlikka tushirgan bo'lsa-da, bundan o'ziga kerakli xulosani chiqara oldi.
Turkiyadagi faoliyatim davomida shunday og'ir, azobli sinovlarga duch keldimki, ularni eslashning o'zi yurakni ezadi. Asosiy tarkibdan chetda qolib, maydonga tusha olmaslik ruhiyatimni tom manoda egovlar, ich-etimni eb yuborardi...
Ammo bu zarbalar meni sindira olmadi – aksincha, har qanday holatda ham tishni tishga qo'yib, taslim bo'lmaslikni o'rgatdi! O'sha damlarda ko'zim ochildi: inson uchun hammasidan ham pul emas, balki maydonga tushib, to'p surib chinakam baxtni his qilish dunyodagi eng buyuk nemat ekanligini butun vujudim bilan anglab etdim!
Kelishilgan o'yinlarga qarshi
Skandinaviyada yashash uning hayot tarzini tubdan o'zgartirdi. U ertalab erta uyg'onadigan, har qanday ob-havoda muzdek ko'lda cho'miladigan insonga aylandi. Ammo, 2025 yil qishida uning vijdoni va professionalligi jiddiy sinovdan o'tdi. "Esters" klubi bilan shartnomasi yakuniga etayotgan Rodichga o'yinni sotish evaziga boshqa joydan shartnoma olib berish haqida taklif tushadi. Futbolchi bu ifloslikka rozi bo'lmay, skrinshotlarni omma oldida oshkor qildi.
Butun faoliyating davomida bunaqa g'alati hikoyalarni faqat chetdan eshitib, kulib, hazillashib yurasan kishi...
Biroq o'z boshingga tushganda hammasi butunlay boshqacha bo'larkan! To'g'risi, shu yoshga kirib, shu bugungi kunga qadar menga hech qachon, hech qayerdan bunaqa aql bovar qilmas, g'aroyib taklif tushmagan edi – haligacha o'zimga kelolmayapman!
Bu harakati orqali u hammani ogohlantirmoqchi edi. U bugungi kun yosh futbolchilariga shunday murojaat qiladi:
Har qanday vaziyatda ham faqat va faqat o'zingizga sodiq qoling! O'z qadringiz, hayotiy qadriyatlaringizga bo'lgan ishonchni hech qachon yo'qotmang!
Sizning samimiyatingiz va ishonchingizdan shunchaki surbetlarcha foydalanib, osongina oyoqosti qilib ketmoqchi bo'lgan bunday tuban firibgarlarning tuzog'iga aslo tushmang, ularning navbatdagi mazlum qurboniga aylanib qolmang! Ehtiyot bo'ling, boshingizni tik tuting!


Xalqaro maydon: Serbiyadan Chernogoriyaga qadar
Vladimir Rodich Serbiyaning Belgrad shahrida tug'ilgan bo'lsa-da, xalqaro maydonda Chernogoriya milliy terma jamoasini tanlagan. Unga 2015 yilning 2 oktyabr kuni terma jamoa bosh murabbiyi Branko Brnovich tomonidan ilk bor chaqiruv yuborilgan. "Malmyo" klubidagi muvaffaqiyatli o'yinlari orqali e'tiborga tushgan Rodich uchun bu xalqaro darajadagi katta va muhim qadam edi.
Rodichning terma jamoadagi rasmiy debyuti 2015 yilning 9 oktyabr kuni Podgorica shahrida bo'lib o'tgan Evro-2016 saralash bosqichi doirasidagi Avstriyaga qarshi uchrashuvga to'g'ri keldi. Shundan so'ng u milliy jamoa libosida jami 5 ta o'yinda maydonga tushdi. Vinger poziciyasida harakat qilgan bo'lsa-da, bu bahslarda gol urish unga nasib qilmagan.
Vladimir Rodichning Chernogoriya terma jamoasi safidagi so'nggi o'yini 2016 yilning mart oyida Belarus terma jamoasiga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvi bo'lib qoldi. Shundan so'ng u terma jamoaga boshqa jalb etilmadi, biroq uning xalqaro maydondagi bu qisqa tajribasi faoliyatidagi eng yorqin sahifalardan biri bo'lib tarixga kirdi

Alyo, "Buxoro"
2026 yilgi mavsum boshida "Buxoro" tarkibiga kelib qo'shilgan Vladimir Rodich qisqa vaqt ichida jamoa yetakchilaridan biri va muxlislarning yoqimtoyiga aylanishga ulgurdi. Ayniqsa, uning so'nggi turlardagi harakatlari va Superliga yetakchilari darvozasiga kiritgan gollari chempionatning eng muhokama qilinadigan voqealaridan biriga aylandi.
"Paxtakor" darvozasiga trivela: 6 avgust kuni Superliganing 16-turi doirasida "Buxoro" Toshkentda "Paxtakor" mehmoni bo'ldi. Mezbonlarning 2:0 hisobidagi ustunligi bilan o'tayotgan uchrashuvning 75-daqiqasida Rodich oyog'ining tashqi qismi (trivela uslubi) bilan ajoyib supergol urdi. Bu gol buxoroliklarning kambekini boshlab berdi va o'yin 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Chempion "Neftchi"ni tor-mor etishda ishtirok etdi: Oradan ko'p o'tmay, 18 avgust kuni "Buxoro" o'z maydonida amaldagi chempion va turnir jadvali peshqadami "Neftchi"ni qabul qildi. 4:1 hisobida mezbonlarning yirik g'alabasi bilan yakunlangan ushbu bahsda Vladimir Rodich 90+2-daqiqada o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi.
Yubiley gol: Bundan tashqari, Rodich aprel oyida 6-tur doirasida "Qizilqum"ga qarshi kechgan bahsda (2:0) ham o'z hisobiga gol yozdirgan edi. Bu gol ikki jamoa o'rtasidagi tarixiy qarama-qarshiliklarda "Buxoro"ning 51-goli sifatida qayd etildi.
32 yoshli hujumchi Superliganing 18 o'yinida 5 ta gol urib, 3 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



