“Mundial Allplay bilan”. Fransiya – Shvetsiya. Til lug'atini yangi so'z bilan boyitgan Zlatan

Оқил Абдубарноев
30 iyun 2026, 18:05
2026 yilgi Jahon chempionati qizg'in pallasiga kirmoqda. 1 iyulga o'tar kechasi 1/16 final doirasida muxlislar ajoyib qarama-qarshilik guvohi bo'lishadi: Fransiya – Shvetsiya.

Bu ikki terma jamoa nomi yonma-yon kelganda, futbol muxlislarining xayoliga birinchi bo'lib bir inson kelishi tabiiy. Bu inson – Parijni o'ziga bo'ysundirgan va francuz tiliga yangi so'z olib kirgan shvetsiyalik afsona Zlatan Ibragimovich.

Futboldagi inqilob va mutlaq gegemoniya

2012 yilda Qatar investorlari "PSJ" klubini jahon brendiga aylantirish maqsadida Zlatanni Parijga olib kelishdi. Ibragimovich shunchaki jamoaning emas, balki butun boshli chempionatning yuziga aylandi. Uning maydondagi mutlaq ustunligi, akrobatik gollari va o'ziga xos takabburligi tomoshabinlarni lol qoldirdi. Zlatan Parij klubi safida 180 ta o'yinda maydonga tushib, 156 ta gol urdi va jamoani butunlay yangi, global darajaga olib chiqdi.

"Zlataner" – ismdan fel yaralishi

Zlatanning ta’siri yashil maydon bilan cheklanib qolmadi, u madaniyatga singib ketdi. Fransiyaning mashhur "Les Guignols de l'info" hajviy ko'rsatuvi uning obrazidan ilhomlanib, francuz tiliga yangi so'z kiritdi: zlataner.

Bu so'z quyidagi manolarni anglatadi:

– Kimnidir yaqqol ustunlik bilan dog'da qoldirish.

– Ezib tashlash yoki raqib ustidan to'liq hukmronlik qilish.

– Biror ishni qoyilmaqom tarzda uddalash.

Masalan, francuz yoshlari orasida bu so'z kundalik hayotga tezda kirib bordi:

"Men bugun imtihonni zlatan qildim" (Imtihonni qoyilmaqom topshirdim).

"Uni tennisda zlatan qilib tashladim" (Uni yirik hisobda, hech qanday imkoniyat qoldirmay yutib qo'ydim).

So'z shunchalik ommalashib ketdiki, u ko'cha jargonidan chiqib, rasmiy darajaga ko'tarildi. 2012 yil oxirida Shvetsiya Til kengashi bu so'zni (shvedchada "zlatanera") rasmiy lug'atga kiritdi. Birgina sportchining ismi butun boshli harakat feliga aylanib, lug'atlardan joy olishi tarixda juda kam uchraydigan madaniy fenomendir.

Tarixiy xayrlashuv

Francuzlar uning xarakterini ham sevishardi, ham undan g'azablanishardi. Uning kameralar oldida hakamlarni yoki mahalliy tizimni ochiqchasiga tanqid qilishi bazan siyosiy darajadagi janjallarga sabab bo'lardi. Ammo u Fransiya bilan juda jarangdor xayrlashdi. 2016 yilda jamoani tark etarkan, u o'zining ijtimoiy tarmoqlarida shunday yozdi:

"Men qiroldek keldim va afsonadek ketyapman".

Bu ibora futbol tarixidagi eng mashhur iqtiboslardan biriga aylandi. 1 iyulga o'tar kechasi bo'lib o'tadigan Fransiya – Shvetsiya uchrashuvida maydonda Zlatan bo'lmasa-da, uning sharpasi va ikki millatni bog'lab turuvchi ushbu tarixiy fenomeni muxlislar yodidan ko'tarilmaydi.

JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia