"O'zbekiston xalqi bu tarixiy onlardan zavq olishi kerak" - eronlik jurnalist bilan intervyu (to'liq)

Iskandarov Abdulaziz
15 iyun 2026, 10:50
O'zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtiroki nafaqat mamlakat balki qita miqyosida ham katta qiziqish uyg'otgan.

"Mehr news" nashri jurnalisti Mehdi Mortazavian saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov bilan suhbatda O'zbekiston terma jamoasi, Eron ko'rayotgan qiyinchiliklar va yangi davr xususida to'xtalib o'tdi.

- Eron 2014 yildan buyon Jahon chempionatlarida muntazam qatnashib kelmoqda. O'zbekistonda bu ilk bor yuz beryapti. Ushbu faktor oldindagi musobaqada rol o'ynaydimi?

- Eron - Osiyoning Jahon chempionatlaridagi eng tajribali vakillaridan biri. Milliy terma jamoa 2014 yildan buyon dunyo birinchiliklarini muntazam ravishda o'tkazib yubormay kelyapti. Bunday barqarorlik esa jamoaga xalqaro futbolning eng yuqori cho'qqisida bebaho tajriba to'plash imkonini berdi.

Bugungi kunga kelib, Eron uchun shunchaki Jahon chempionatiga yo'llanma olishning o'zi etarli emas. Endi talab va kutishlar butunlay boshqacha. Forslar qitaning yetakchi futbol mamlakatlaridan biri sifatida etirof etilmoqda va jamoatchilik ulardan navbatdagi qadamni kutyapti. Bugungi maqsad - guruh bosqichidagi uchta o'yin bilan cheklanib, uyga qaytish emas. Amir G'alenoi qo'l ostidagi jamoa turnirda uzoqroq qolishni, to'rtta yoki beshta uchrashuv o'tkazishni chin dildan maqsad qilgan. Albatta, jamoa atrofida hanuz taktik va texnik savollar mavjud, bosh murabbiy ham ma'lum darajada tanqidlarga uchrab turibdi, biroq talablar avvalgi avlodlarga nisbatan ancha yuqori ekanligi shubhasiz.

O'zbekiston uchun esa Jahon chempionatiga chiqish - ulkan tarixiy yutuq. Musobaqada 32 ta yoki 48 ta jamoa ishtirok etishidan qati nazar, JCH futbol olamidagi eng yirik voqea bo'lib qolaveradi va butun dunyo nigohini o'ziga qaratadi. Ilk bor qatnashayotgan terma jamoaning qadamida hamisha o'ziga xos sehr bo'ladi. Debyutantlar dunyo sahnasida o'zlarini ko'rsatish uchun turnirga o'zgacha kuch, yuqori motivaciya va shijoat bilan tashrif buyurishadi.

- Fabio Kannavaroning tajribasi bu borada qo'l keladimi?

Ishonchim komilki, O'zbekiston mana shu ishtiyoqdan unumli foydalana oladi. Bundan tashqari, murabbiylar shtabini Fabio Kannavaro boshqarayotgani jamoa uchun katta ustunlikdir. Uning Jahon chempioni va jahon futbolining eng hurmatli namoyandalaridan biri sifatidagi tajribasi futbolchilarga ushbu tarixiy voqea bilan bog'liq bosim va mas'uliyatni engib o'tishda yordam beradi.

Hozirgi bosqichda O'zbekiston uchun eng muhim omil - o'z kuchiga bo'lgan ishonch. Bu - etarlicha istedod va sifatli ijrochilarga ega jamoa. Agar futbolchilar ushbu tarixiy lahzalarni his qilib, o'z imkoniyatlariga ishonishsa, O'zbekiston Jahon chempionatida yorqin o'yinlar ko'rsatishga va ijobiy natijalarga erishishga to'la qodir.

- Jahon chempionatiga tayyorgarlik oxirgi mundiallarga olib borilgan taraddud bilan farq qilyapti. Jamoa Meksikada yashaydi. O'yinlar boshqa shaharlarda bo'lib o'tadi. Logistikada muammolarga uchralishi aniq. Bu omil ta’sirini o'tkazmaydimi?

- Eron ushbu Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida jiddiy muammolarga duch kelayotgani haqidagi fikrga qo'shilaman. Buning asosiy sabablaridan biri - jamoaning qarorgohi (bazasi) va o'yinlar o'tkaziladigan stadionlar o'rtasidagi logistika bilan bog'liq vaziyatdir.

Eron terma jamoasining mashg'ulotlar lageri Meksikada joylashgan bo'lsa-da, guruh bosqichi uchrashuvlari AQSHning Los-Anjeles va Sietl kabi shaharlarida bo'lib o'tadi. Turnirning geografik tuzilishi tufayli Meksikadagi baza va mezbon shaharlar o'rtasidagi masofa boshqa ehtimoliy variantlarga qaraganda nisbatan qulayroq tuyulsa-da, baribir bu omil jamoaning tayyorgarligi va umumiy o'yiniga o'z ta’sirini o'tkazmay qolmaydi.

Zamonaviy futbol faqat taktika va texnik mahoratdangina iborat emas. Tiklanish jarayoni, safarlarni to'g'ri tashkil etish, jismoniy holat va futbolchilarning energiyasini saqlab qolish ham xuddi shunday muhim ahamiyatga ega. Eronlik futbolchilar turnir davomida Meksika va AQSH o'rtasida bir necha bor parvoz qilishlariga to'g'ri keladi, bu esa, o'z-o'zidan, qo'shimcha jismoniy va ruhiy zo'riqishlarni keltirib chiqaradi.

Jahon chempionati darajasida esa har bir kichik detal katta farqni yuzaga keltirishi mumkin. Yo'l charchog'i, mashg'ulotlar jadvalidagi o'zgarishlar va tiklanish uchun vaqtning qisqarishi o'yin sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Ayniqsa, uchrashuvlar qisqa vaqt oralig'ida o'tadigan va har bir bahs hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgan bunday yirik turnirda bu omillar yaqqol seziladi.

Shunday bo'lsa-da, murabbiylar shtabi bu qiyinchiliklardan to'liq xabardor. Endilikda asosiy masala - Eron terma jamoasi futbolchilarning tiklanishi, yo'l logistikasi va o'yinlarga tayyorgarlik jarayonini qanchalik samarali boshqara olishida qolmoqda.

photo_2026-06-14_19-27-43.jpg

- Eronda oltin avlod tugamoqda. O'zbekistonda esa yaxshi avlod yetishib chiqyapti. Forslar yangi davrga o'tishga tayyormi?

- Eronda Amir G'alenoiga nisbatan bildirilayotgan asosiy tanqidlardan biri - uning yosh futbolchilarga etarlicha imkoniyat bermayotgani bilan bog'liq. Buning oqibatida, Eronning "oltin avlodi" deb tariflanuvchi jamoaning o'zagi so'nggi o'n yil ichida deyarli o'zgarishsiz qoldi. Eron bu avlodlar almashinuvi jarayonini ancha yaxshiroq boshqarishi mumkin edi, degan fikrga qo'shilaman, biroq bosh murabbiy ko'proq tajribali o'yinchilar xizmatiga tayanishni afzal ko'rdi.

Shunday bo'lsa-da, men kelajakka optimistik ruhda qarayapman. Eron Olimpiya (U-23) terma jamoasi juda istedodli va men bu tarkibni mamlakat futbol tarixidagi eng kuchli yosh avlodlardan biri bo'lishiga chin dildan ishonaman. Ushbu futbolchilarning ko'pchiligi 2030 yilgi Jahon chempionatida Eron terma jamoasining asosiy suyachiga aylanishi kutilmoqda, shu boisdan ham avlodlar almashinuvi jarayoni allaqachon boshlanib ulgurdi, deb hisoblayman.

- Jahon chempionatida imkoniyatlarimiz haqida gapirish qanchalik real?

- O'ylaymanki, O'zbekiston xalqi birinchi navbatda mana shu tarixiy lahzalardan zavq olishi kerak. Jahon chempionatiga ilk bor yo'llanma olishning o'zi - ulkan va olamshumul yutuq. Jahon chempionati - bu futbol bayramidir va o'z milliy terma jamoangning xalqaro futbolning eng oliy sahnasida to'p surishini ko'rishning o'zi o'zgacha baxt hisoblanadi.

Bu borada olib qaraganda, O'zbekiston allaqachon tarixiy natijaga erishib bo'ldi. Futbolchilar, muxlislar va butun mamlakat o'zlari amalga oshirgan bu buyuk ishdan faxrlanishlari lozim. Ko'plab xalqlar uchun Jahon chempionatiga chiqish o'nlab yillar davomida ushalmas armon bo'lib kelayotgan orzudir.

Guruh bosqichidan keyingi raundga chiqish masalasi esa - butunlay boshqa mavzu. Bu ko'p jihatdan qur'a natijalari, jamoaning o'sha vaqtdagi sport formasi va tajriba kabi omillarga bog'liq bo'ladi. Biroq, natijalardan qati nazar, O'zbekistonning turnirdagi ishtirokining o'ziyoq ulkan muvaffaqiyatdir va bu lahzalardan yurtdoshlaringiz chin dildan zavqlanishlari kerak.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia