"Agar JCHdan chetlatishganida, meni birinchi reys bilan uyga jo'natib yuborishgan bo'lardi". Ilgiz Tantashev bilan intervyu

Оқил Абдубарноев
10 okt 2026, 10:40
O'zbekiston terma jamoasi shu yozda birinchi marta Jahon chempionatida ishtirok etdi. JCHda yana bir o'zbekistonlik – hakam Ilgiz Tantashev ham o'zini ko'rsatdi. U ham Jahon chempionatida debyut qildi va uchta o'yinni boshqardi. So'nggisi nimchorak finaldagi Paragvay va Fransiya o'rtasidagi qirg'inbarot bahs bo'ldi.

Sport24 muxbirlari Boris Korolyov va Sergey Kozlov Tantashevdan uning avtoustaxonadan hakamlikkacha bo'lgan yo'li, tanqidlar, yangi qoidalar, Milorad Majich bilan ishlashi va Sergey Karasyovning salohiyati haqida batafsil so'rab bilishdi.

"Amerikada odamlar futbol bilan yashadi. Muhit sezilmadi, degan fikrga qo'shilmayman"

– JCHga borishingizni eshitganingizda nimalarni his qildingiz?

– Tariflab bo'lmaydigan quvonch. Oxirgi lahzagacha hech kim hech narsani bilmasdi. Biz O'zbekistondagi o'yinda ishlashimiz kerak edi, boshlanishiga 10 daqiqa qolganda yordamchimga hamkasbi qo'ng'iroq qilib, rasmiy tayinlov chiqqanini aytdi. Kiyinish xonasiga kirishimiz bilan ko'zimizga yosh keldi. Bu orzuga 20 yil bo'lgandi va u ushaldi.

– Siz AQSHga uchib keldingiz. U yerda hakamlar uchun sharoitlar qanday edi?

– Ajoyib! FIFA qulaylik uchun hamma narsani qildi: joylashuv, mashg'ulotlar, ovqatlanish, tiklanish. Bu ayniqsa muhim edi: Mayamida jazirama issiq edi, hamma tinmay terlardi, shuning uchun mikroelementlar o'rnini to'ldirish kerak edi. Mehmonxona – besh yulduzli, hammasi ko'ngildagidek.

– Shtatlarga ko'chib o'tish istagi tug'ilmadimi?

– Bilasizmi, men 45 ta davlatda bo'ldim, lekin men uchun Yerdagi eng yaxshi joy – Toshkent!

– Ko'pchilik AQSHda futbol bayrami shukuhi sezilmaganini aytdi.

– Bunday fikrdan hayratdaman. Va unga qo'shilmayman. Har bir o'yinda – anshlag. Juda katta qiziqish, turli davlatlardan kelgan muxlislar sayr qilib, hordiq chiqarishdi. Muhit ajoyib edi. Qatar yoki Rossiyada ichkaridan qanday bo'lganini bilmayman-u, lekin Amerikada odamlar futbol bilan yashadi.

– Ziddiyatlar kelib chiqmadimi? Har holda hakamsizlar – kimdir ishingizdan norozi bo'lishi mumkin. Aytaylik, sizni tanib qolib, nimalarnidir gapirishni boshladi.

– Hammasi tinch o'tdi. Biz betaraf kiyinardik va ommaga kamroq ko'rinishga harakat qilardik.

"Sovuq hududlarda suv ichish tanaffusi ortiqcha edi"

– JCHda birvarakayiga qoidalardagi bir nechta yangiliklar sinovdan o'tkazildi. Qaysi biriga o'rganish eng qiyini bo'ldi?

– Jarahatlar bilan bog'liq bo'lganiga. Odam haqiqatdan ham jarohat olganmi yoki yo'qmi, shuni tushunishingiz kerak. Ehtimol, siz unga nisbatan ishlatilgan qo'pollikni o'tkazib yuborgandirsiz. Agar boshdan jarohat olgan bo'lsa, qopqonga tushib qolish va shifokorlarni chaqirish xavfi katta – vaholanki o'yinchiga aslida yordam kerak emasdir. Shu tariqa siz uning jamoasini bir muddat ozchilikda qoldirasiz.

– To'pni o'yinga kiritishdagi besh soniyalik qoida haqida qanday fikrdasiz? Vaqt cho'zilishining oldini olish uchun hakamlar endi teskari sanoqni olib borishmoqda.

– Bu futbol foydasiga ishlaydi. O'yinchilar shoshilishni boshlaydi, to'pni tezroq o'yinga kiritadi. Vaqtni cho'zganlik uchun sariq kartochka ko'rsatish kerak bo'lganda boshqa bosim his qilmaysiz – hammasi aniq.

– Og'izni qo'l bilan to'sib gapirganlik uchun beriladigan qizil kartochka haqidagi fikringiz ham qiziq.

– Bunda ham mantiq bor. Agar og'izni to'sish ziddiyatni keltirib chiqarsa, qoida ishlaydi. Og'izni to'sgan holda mushtlashuvga olib kelishi mumkin bo'lgan haqoratli gaplarni aytish mumkin. To'g'ri, hakam bazan buni VARsiz ko'ra olmaydi.

– Bu JCHda suv ichish uchun tanaffuslar turlicha reakciyalarga sabab bo'ldi. Bu haqiqatan ham har doim zarurmidi?

– Hammasi ob-havoga bog'liq. Mening Paragvay – Fransiya o'yinim +39 daraja issiqda o'tdi – bu chidab bo'lmas issiq. Uch daqiqalik tanaffus futbolchilarni ham, hakamlarni ham qutqarib qoldi. Sovuq iqlimli hududlarda bu ortiqcha edi, ammo FIFA yagona standart joriy qildi.

"Ha, men qandaydir ig'volarni ko'rmadim – lekin Paragvay shuning uchun yutqazdimi?"

– Paragvay – Fransiya, ehtimol pley-offdagi eng mojaroli o'yin bo'ldi. Yakunda yuz bergan qirg'inbarotga tayyorgarlik ko'rganmidingiz?

– Butun turnir davomida barcha jamoalarni kuzatdik. Bu terma jamoalar o'zidan nimani taqdim etishini, aniq o'yinchilar nimaga qodirligini tushunib turardik. Shuningdek, o'yindan oldin tahlilchilar bilan ham ishladik – ular taktikani va standart vaziyatlardagi o'ziga xos jihatlarni tushuntirib berishdi.

– O'yindan oldin sizga qanday tavsiyalar berilgan edi?

– Tushunib turardim: Fransiya barcha jihatlar bo'yicha kuchliroq edi. Paragvayda faqat bitta yo'l bor – raqibga futbol o'ynashga yo'l qo'ymaslik. Aks holda hisob yirik ko'rinish oladi. Shunday bo'ldi ham: darhol provokaciyalar boshlandi.

– Nega paragvayliklarni jazolamadingiz?

– Vazifa antiprovokaciyalarga ilinib qolmaslik edi: o'yinchi biror harakat qilganida, raqib esa reakciyani bo'rttirishni boshlaganda. Sariq kartochka hech kimda savol tug'dirmaydigan darajada muqarrar bo'lishi kerak. Agar shubhali kartochka bersangiz, besh daqiqadan so'ng, ehtimol, ikkinchisi uchun chetlatishga to'g'ri keladi. O'yindan keyin chetlatish yoki sariq kartochkalar ko'pligi sababli yutqazdik, deb aytmasliklari uchun.

– Vaqt o'tib o'sha o'yindagi ishingizni qanday baholaysiz?

– Bazi vaziyatlarda tafsilotlarni ko'ra olmasdim – ular mendan yashiringan edi. Faqatgina his-tuyg'ularga tayanib qaror qabul qilish esa mumkin emas.

– O'yindan keyin siz ko'plab tanqidlarga uchradingiz.

– Bunga mutlaqo normal munosabatdaman. Bizning ishimizda bu odatiy hol. Biroq, bu so'nggi paytlarda menga nisbatan qilingan eng kuchli xeyt (nafrat) bo'ldi.

– Buni qanday engib o'tdingiz?

– Normal holatda. Xeyt har bir o'yindan keyin bo'ladi. Agar Paragvay mening aybim bilan yutqazganida fojia bo'lardi. Lekin Fransiya keyingi bosqichga natijaga ta’sir qilgan hakamlik xatolarisiz o'tdi. Ha, men paragvayliklarga sariq kartochkalar bermadim, qandaydir provokaciyalarni ko'rmadim. Lekin ular shuning uchun yutqazishdimi? Yoki qayerdadir nazorat qilmaganim uchun kimdir og'ir jarohat olib, uni kasalxonaga olib ketishdimi? Unday bo'lmadi. Qachonki sening aybing bilan jamoa mag'lub bo'lib, Jahon chempionatini tark etsa – bu muammo. Bunisi esa nima bo'pti?

– Sobiq hakam Shapron sizning hakamligingiz haqida shunday dedi: "Tantashev butun o'yinni buzgan paragvayliklarni himoya qildi, VARsiz penalti ham bermas edi. Go'yoki men havaskor hakamga qarab turgandek edim".

– U o'z fikrini bildirdi. Lekin havaskor hakam Jahon chempionatiga borib qolmaydi. Buning uchun ulkan va mashaqqatli yo'lni bosib o'tish kerak.

– Bu o'yin uchun siz "L'Equipe" nashridan JCH tarixidagi eng past bahoni oldingiz.

– Birinchidan, bu qanday reyting o'zi? Bu baholarni qanday mezonlarga asoslanib qo'yishadi? Ikkinchidan, bu bahoni qo'yayotgan odamlar kim o'zi? Uchinchidan, bizning ishimizni baholaydigan rasmiy tashkilotimiz bor. Umuman olganda esa har qanday davlat, bir guruh jurnalistlar yoki sobiq hakamlar, ekspertlar o'z baholarini berishi mumkin. Lekin bu o'sha baho haqiqatan ham ushbu hakamning ishiga mos keladi degani emas.

– Rahbariyat qanday baho berdi?

– Brifingda kartochkalar o'tkazib yuborilgan epizodlar tahlil qilindi. Qaysi vaziyatlarda sariq berish kerakligini aytishdi.

– Paragvay o'yinidan so'ng sizni JCHdan norasmiy ravishda chetlatishgani haqida mish-mishlar tarqaldi.

– Agar chetlatishganida – meni birinchi reys bilan uyga jo'natib yuborishgan bo'lardi. Men Amerikada qoldim, hamma bilan birga mashg'ulot o'tkazdim. Hammasi odatiy tartibda davom etdi.

– Yani chorak final va yarim finalda ishlash imkoniyati bormidi?

– Ehtimol, zaxira hakami sifatida yoki hatto maydonda ham. Umumiy hisobda men uchta o'yinda ishladim. Bazi hakamlarda ikkita, bazilarida bitta bo'ldi, kimdir umuman boshqarmadi. Bunday vaziyatda JCHdagi uchta o'yinni yaxshi natija deb hisoblayman.

Olimpiadadagi ish haqida: "Anrini tushunish mumkin. Hatto men ham g'azablangandim"

– JCHgacha siz Fransiyaning o'yinini, o'zida bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlarida boshqargansiz va u yerda ham mojaro kelib chiqqan – VAR juda uzoq tekshirgani sababli. O'shanda nima bo'lgan edi?

– Fransiya Senegal bilan o'ynadi. Vaziyat o'yindan tashqari holatni aniqlash bilan bog'liq edi. Yordamchim golni hisobga oldi va VAR juda uzoq tekshirishni boshladi. Men o'zim ham asabiylasha boshladim. Zamonaviy texnologiyalar bo'la turib, ofsayd bilan bog'liq qandaydir vaziyatni qariyb 3 daqiqalab tekshirish...

Oxirida ma'lum bo'ldiki, VAR tizimi shunchaki qotib qolgan. Ular hammasini boshqatdan yoqib, chiziqlarni tortishdi. Yakunda biz bu golni bekor qildik, chunki baribir ofsayd bor edi. U yerda faqat Anri emas, men ham, butun stadion ham asabiylashdi. Lekin nima ham qila olardik?

– Fransiyani o'shanda Terri Anri boshqarardi. U bilan gaplashdingizmi?

– U uzoq tekshiruv sababli norozilik bildirishni boshladi, lekin haddidan oshmadi. Terrini tushunish mumkin. Hatto men ham g'azablangandim.

– JCHda siz yana Avstriya – Jazoir o'yinida ishladigiz. Ushbu o'yinda jamoalarga guruhdan chiqish uchun durang kifoya qilardi. Ikkala jamoa ham g'alaba qozonishni xohlayotgani yo'qligi sezildimi?

– Hammasi joyida edi. Faqat oxirida durang hammani qoniqtirishini his qildim: birlari to'pni shunchaki dumalatib yurdi, boshqalari pressingdan voz kechdi. Shu paytda qandaydir shubha tug'ildi, lekin bu uzoq davom etmadi.

– Chunki Jazoir gol urdimi?

– Ha. Bu syurpriz bo'ldi va o'yin qiyinlashadi, deb o'yladim. Baribir avstriyaliklar hisobni tenglashtirishlari kerak edi va ular buni uddalashdi.

– Bo'layotgan voqealarni futbolchilardan birortasi bilan muhokama qildingizmi?

– Yo'q, meni bunday narsalar kamdan-kam tashvishga soladi. Jamoalar qanday o'ynayotgani va nimani xohlayotgani mening muammom emas.

– JCHdagi ishingizga umumiy qanday xulosa bera olasiz?

– Uchta o'yinda ishladim – yaxshi natija. Hamma hakamlarga ham buncha o'yin tegmadi. Albatta, final bosqichlarigacha qolishni xohlagandim, lekin o'xshamadi. Demak, shunday bo'lishi kerak ekan.

– Buni shunchalik xotirjam qabul qildingizmi?

– Bu menga oldinga harakat qilishim uchun kuch, motivaciya va sportcha jahl berdi. Men hali o'z so'zimni aytganim yo'q va bu meni yanada ilhomlantiradi. Hamma maqsadlarga erishilgani yo'q.


"RPLda ishlay olardim, ehtimol. Har qanday bosimga ko'nikkanman"

– JCHda Rossiya Futbol Ittifoqining hakamlik va nazorat departamenti rahbari Milorad Majich instruktor bo'ldi. U bilan ishlash nasib qildimi?

– Shunday holatlar bo'ldi. Milorad ruschani yaxshi gapiradi, bu esa qulay. Shotlandiya – Marokash o'yinidan keyin u bir nechta ko'rsatmalar berdi: vaziyatlardan uzilib qolmaslik, pressing paytida e'tiborli bo'lish va vaziyatlarga yaqinroq joylashish. Hakamlarda shunday tendenciya bor: darvozabon to'pni tepib yuborishini tushunganingizdan so'ng, jamoaning yuqori pressingini unutib, orqaga qaytishni boshlaysiz. Oqibatda epizoddan uzilib qolishingiz mumkin. Majich doimo masofadagi muvozanatni saqlashni takidlar edi.

– Rossiyada Majichni ko'pchilik, jumladan klublar ham tanqid qilishadi. U kuchli mutaxassismi?

– Mening nazarimda, bu dunyodagi eng kuchli instruktorlardan biri. Uning tajribasi va bilimlari juda qadrli. Bunday inson bilan suhbatlashish – katta imtiyoz (a big privilege. - Sport24). Miloradda amaliy tajriba bor. U tushunadi, hakamlarni va umuman futbolni his qiladi. U bilan sizning omadingiz kelgan!

– Rossiyalik hakamlardan birortasi bilan aloqada bo'lib turasizmi?

– Afsuski, yaqin aloqa yo'q. Lekin ko'pchilik yigitlarni sirtdan bilaman. Men Rossiyaga o'rtoqlik o'yinlarini boshqarish uchun borganman. O'shanda RPLdagi yigitlar zaxira hakami bo'lishgan. Yana esimda, uch yilcha oldin bizga, O'zbekistonga Kirill Levnikov kelgandi.

– Aynan uni o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra eng yaxshi hakam deb topishdi.

– Chin yurakdan tabriklayman!

– Rossiyalik hakamlarni muntazam ravishda tanqid qilishadi.

– Hamma hakamlarni tanqid qilishadi. Bizning ishimiz shunaqa, uni o'zimiz tanlaganmiz. Hakam 89 daqiqa eshakdek mehnat qiladi, bir daqiqada esa nimanidir o'tkazib yuboradi – bo'ldi, u antiqahramon va futbol zanjiridagi eng yomon halqa. Lekin bu yo'lni o'zimiz tanlaganmiz. Demakki, tushunishimiz kerak: jamoatchilik aynan shunday munosabatda bo'ladi. Agar buni engishga kuch va xarakter bo'lsa, unda marhamat. Agar yo'q bo'lsa – boshqa ish bilan shug'ullan.

– Bosim nuqtayi nazaridan siz RPLda ishlay olarmidingiz?

– Ehtimol. Men har qanday bosimga ko'nikkanman – men uchun bu normal holat. Hech qanday muammo yo'q. Tushunaman: agar qayg'urib, o'zimni qiynasam – hech nima yutmayman. Men 2005 yildan beri hakamlik qilaman va ko'p narsani ko'rdim. Mening terim qalin.

– Rossiya futboli haqida so'nggi savol. Jahon chempionatlarida ishlashga Sergey Karasyov juda intilgandi – va agar Rossiya chetlatilmaganida, bunga albatta erishgan bo'lardi. Karasyovning JCHda ishlash istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Bu juda kuchli, savodli hakam. Biz Qatarda uchrashganmiz. Futbolni yaxshi tushunadi.

Ishonchim komil, agar u JCHga borganida, top o'yinlarni boshqargan bo'lardi. Hatto finalga tayinlov olganida ham hayron qolmasdim. Lekin, afsuski, ma'lum sharoitlar sababli bunday imkoniyat yo'q. Alam qiladi. Uning his-tuyg'ulari va holatini tushunaman.


"Lutfullinning mashinasida moy almashtirayotganimda u futbolni tugatdingmi, deb so'radi"

– Keling, faoliyatingiz haqida gaplashamiz. Siz 20 yoshingizda avtoustaxonada ishlagansiz.

– Ha, uzoq o'tmishda shunday bo'lgan.

– Bunga qanday kelindi?

– Men 7 yoshdan 16 yoshgacha futbol bilan shug'ullanganman, keyin jarohat oldim – aynan bolalarni kattalar jamoasiga olishni boshlashgan paytda. Meni esa hech qaerga olishmadi. Bu jiddiy inqiroz edi. Nima qilishni o'yladim va institutga kirishga qaror qildim. O'z oliygohim terma jamoasida o'ynadim, lekin bu mutlaqo boshqa daraja edi. Oxirigacha ishondim: tiklanaman. Zarba berishni faqat chap oyoqqa qayta o'rganishimga to'g'ri keldi. Yakunda meni hech qaerga olishmadi. Institutdan keyin esa haqiqatan ham avtoustaxonada qo'shimcha ish sifatida ishlay boshladim. Mening hakamlikka kirib kelishim aynan shu bilan bog'liq.

– Qiziq.

– Tasodifan biznikiga ta'mirlash uchun O'zbekistonda taniqli FIFA arbitri – Noil Lutfullin kelib qoldi. Men uning mashinasi moyini almashtirayotgandim, Noil futbolni tugatgan-tugatmaganimni so'radi. Men esa rostdan ham tugatayotgan edim. Lutfullin o'sha paytda amaldagi, O'zbekistondagi juda taniqli top-darajadagi hakam edi. U menga o'zimni hakamlikda sinab ko'rishni taklif qildi. Boshida haftada bir marta bolalar o'yinini boshqarishni aytdi. Rozi bo'ldim.

– Yangi chorlovni qanday qabul qildingiz?

– Birdan tushundim: men o'zimga mos muhitdaman. Rohatlanardim. Avtoustaxonada boltlarni burayotganimda, hech qanday rohat yo'q edi.

Keyin Lutfullin viloyat bo'yicha turnirlarga borib, qanotda yordamchi bo'lib ishlashni taklif qildi. Bu meni yanada ko'proq jalb qildi. Vaqti-vaqti bilan maydonda ham ishladim. Lekin 2010 yilda menga bir qarorga kelishni taklif qilishdi va men bosh hakam bo'lishni tanladim. Shu tariqa O'zbekiston Superligasiga kirib keldim. Umuman olganda, O'zbekiston hakamlik maktabi juda kuchli, o'rnak olsa bo'ladigan misollar ko'p. Xuddi o'sha Ravshan Ermatovni olsak, unga zaxira hakami bo'lib tushish menga nasib qilgandi. O'rganadigan odamlar bor edi.

– Lekin o'sha paytda JCHga boraman deb hatto xayol ham qilmagan bo'lsangiz kerak?

– Xuddi shunday, yo'q. 2005 yilni hech qachon unutmayman. Endigina hakamlikni boshlagandim va uyimning yonidagi beton maydonchada mashg'ulot qilardim. Aylana bo'ylab yugurib, "Eh, Jahon chempionatiga borib qolsaydim", deb o'ylardim. Hech bo'lmasa bitta o'yinga! Balki shunchaki zaxira hakami qilib qo'yishar. Besh yil o'sha beton maydonchada yugurdim va faqat orzu qildim. Va ko'rib turganingizdek – ushaldi! Qodir Egam mening duolarimni eshitdi, buning uchun undan cheksiz minnatdorman.

– Hakamlikni tugatishingiz mumkin bo'lgan vaziyatlar ham bo'lganmi?

– Faoliyatim davomida qandaydir paytlarda chidash qiyin bo'lgan katta tanqid va bosimlarga duch kelganman. Ayniqsa, shakllanish bosqichida, yosh bo'lganim va ko'p narsani tushunmaganimda. Shunday paytlarda hammasini tashlab, qaergadir ketish fikrlari kelardi. Lekin etuk yoshda hammasiga ongli ravishda va tushungan holda qaraysiz: hamma joyda to'siqlar bor, agar xarakter bo'lmasa – hech qayerda hech nimaga erisha olmaysiz. Hakamlikda xarakter, sabr va sovuqqonlik juda muhim. Har bir omadsizlik ortidan omad keladi va aksincha.

– Butun faoliyatingiz davomida uyat his qilgan o'yinlaringiz bo'lganmi?

– Ochiq aytaman: bo'lgan. Asosan bu VAR tizimi joriy etilishidan oldingi o'yinlar edi. Haqiqiy halokat – jamoa mag'lub bo'lishiga sabab bo'ladigan xatoga yo'l qo'yasiz va buni to'g'irlab bo'lmaydi. Futbolchilar natijaga erishish uchun maydonga tushib, borlarini berib o'ynashadi. Va qandaydir odam senga hammasini buzib qo'ysa... Axir men o'zim ham o'ynaganman va hammasini tushunaman. Boshqa tomoni shundaki, futbolchilar hakamni boshqacha rakursda ko'rishadi.

– Qanday?

– Ularga hammasi ataylab va ongli ravishda qilinayotgandek tuyuladi. Hakam xato qilishi mumkinligini tushunishmaydi. Futbolchilar uchun hamma vaziyatlar yaqqol ko'rinib turadi. Aslida ularni hakamning xatosi emas, mag'lubiyat tashvishga soladi. Buni hakam penalti belgilagani yoki belgilamagani, yoki kimnidir chetlatgani bilan qabul qilish osonroq. Bu psixologiya.

– Siz faoliyatingizdagi birinchi Jahon chempionatida hakamlik qildingiz. Keyin-chi?

– Nimadir global narsa haqida o'ylayotganim yo'q. Albatta, yana bir marta Jahon chempionatiga borish uchun harakat qilaman va hamma narsani qilaman, lekin vaqt ko'rsatadi. Miyamda 2030 yilda aniq turnirga boraman degan fikr yo'q. Borishni xohlardim... Yana bir marta borishni kim ham xohlamaydi deysiz? So'zda emas, maydonda isbotlash kerak. Agar isbotlasam va yaxshi formada hamda emocional holatda ekanimni ko'rsatsam, odamlar buni baholashsa, unda nimadir o'xshashi mumkin.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Sport24