

- Zayniddin aka, eng avvalo uchrashuv haqidagi fikrlaringiz...
- Bugun kurashlarga boy uchrashuv bo'ldi. Birinchi bo'limda yakkakurashlarda bolalarimiz ko'p yutqazib qo'yishdi. Birinchi bo'limdan keyin ular bilan ozgina jiddiyroq gaplashib oldik. Endi qizil kartochkaga keladigan bo'lsak, o'yin boshidan 2-3 marta Olimovni yiqitishdi, bir marta ogohlantirish berib, ikkinchisida qizilni qayerdan topdi, nima bo'ldi u yerda... Bugun o'yin tasvirga olinmadi, xulosa chiqara olmaymiz buni aniq. Lekin u vaziyat o'yinni buzib qo'ydi. Ikkinchi bo'limga keladigan bo'lsak, kamchilik bo'lib o'ynagan bo'lsak ham, juda ko'p golli vaziyatlar yaratdik. Misol uchun, 11 kishi bo'lib ham raqib bunday vaziyatlar yarata olmadi. Lekin 10 kishi bo'lib ham bolalar o'zida kuch topib vaziyatlar yaratishdi. Endi omad degan narsa ham kerak, omad kelmadi. Shuning uchun biz bugun ochko yo'qotdik deb hisoblayman.
- Ikkinchi bo'limda maydonga tushirilgan va o'yinni kuchaytirishi kutilgan Sadirjonov maydondan olinib, o'rniga Nabatov tushirildi. Bu qaror haqida nima deya olasiz?
- Hozir baribir bolalar yosh. O'yinga kirishib ketishi qiyin bo'ldi bugun. 10 kishi bo'lib qoldik, himoyada ham o'ynash kerak, koncentraciya jiddiyroq bo'lishi kerak, ikki baravar o'zi va o'rtog'i uchun ishlashi kerak. Bugun o'yinga tushib keta olmadi, o'shaning hisobiga zaxiraga olindi va Nabatov tushirildi. Nimaga? Chunki baribir bizga tezkorlik kerak edi. Kamchilik bo'lib o'ynayotganda qarshi hujumda o'ynash kerak edi, o'shaning hisobiga shunday qarorga keldim.
- Jamoa to'purari Abdurahmon Abdullaev dastlabki 15 daqiqada hujum ortida, o'ng qanotda o'ynadi. Keyinchalik o'yin borishiga qarab markaz va chap qanotga o'tdi. Umuman olganda Abdullaevga erkinlik berildimi?
- Yo'q, endi hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda 4-4-1 ga o'tib oldik. Kamchilik bo'ldik, shuning uchun Abdullaev yarim himoyaga tushdi. Chunki himoyada bizda tizim bor, tizim buzilmasligi kerak. O'sha tizim buzilmasin deb uni yarim himoyaga tushirdik.
- Hozir "G'azalkent" tarkibida bir qancha yo'qotishlar bor: Ro'ziboev, Feruzbek Olimov, Diyorbek Tojiev. Bu yo'qotishlar jamoaning Kubok o'yiniga qanchalik ta’sir qiladi?
- Tayyorlanamiz. Yana bir bor takrorlayman - rahbariyat oldimga vazifa qo'ygan: futbolchini yetishtirib chiqarish. Ularning o'rnini bosadigan bolalar bor, ularga o'yin amaliyoti beramiz. Bu tabiiy hol, kimdir ketadi, kimdir o'rnini bosadi. Bu bizning ishimizning samarasi hisoblanadi.
- Bilamizki, futbolchingiz Olimovga nisbatan o'yinlarda ko'proq qo'pol holatlar kuzatiladi. Bu uning jismoniy holati bilan bog'liqmi yoki psixologik?
- Psixologik. Bu o'zi psixologiyaga bog'liq. Chunki hozir atrofga qarasangiz, o'yinni tahlil qilsangiz, sal narsaga asabiylashib ketaveradi. Futbolchilar bilan gaplashadi, hakam bilan gaplashadi, tortishadi. Misol uchun, bu narsa bo'yicha ish olib boryapmiz, gapiryapmiz. Lekin u o'zini ushlay olmasa, kelajakda o'ziga zarar bo'ladi. O'yindan oldin ko'rsatmada ham aytilgandi: "Hakam bilan gaplashmanglar, bu shunday hakam, bitta qarorga keldimi - o'zgartirmaydi". Hamma narsa o'yindan oldin aytilgan edi, lekin bo'lar ish bo'ldi.



