Mirjalol Jo'raev: "Doim ham o'ylangan reja amalga oshmas ekan"

6 sen 2026, 21:01
Proliga 18-turidan o'rin olgan "Yaypan" – "Sho'rtan" uchrashuvidan so'ng yaypanliklar yordamchi murabbiyi Mirjalol Jo'raev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Raqibni g'alaba bilan tabriklayman. Har doimgidek jamoamiz yomon o'ynamadi. Raqib qarshi hujumlardan unumli foydalandi.

- Baribir so'rashga majburmiz. Bosh murabbiy Rashid G'ofurov nima uchun matbuot anjumaniga kelmadi?

- Ozgina ishlari chiqib qolgani bois o'rnilariga men keldim.

- Bugun birinchi bo'limni jamoa yaxshi o'tkazdi va "Sho'rtan"ga qaraganda ko'proq hujum qildi. Taym oxirida gol ham urildi. Bu holat futbolchilar ruhiyatini ko'tarishi kerak edi, lekin ikkinchi bo'limda buning aksi bo'ldi.

- Buning sababi doim ham o'ylangan reja amalga oshmas ekan. Peshonaga yozilgani bo'ladi. Reja bo'yicha biz birinchi golni urishimiz kerak edi va shunga ko'ra harakat qildik. Jamoamiz yomon o'ynamadi. Birinchi taym oxirida maqsadga etdik. Ikkinchi taymni o'zimiz ham boshqacha kayfiyatda o'tkazamiz deb o'ylagandik.

- Ozodbek Marupov qaydnomadan joy olmadi. Unda jarohat bormi?

- Ozodbekda jarohat yo'q. Safimizda uch nafar darvozabon bor va ular bir-birlari bilan raqobatlashyapti. Har uchala darvozabonga deyarli teng imkoniyat berib kelyapmiz. O'tkazib yuborilgan gollarda to'liq darvozabon xatosi deb o'ylamayman. Bugun jamoa sifatida mag'lub bo'ldik.

- "FarDU"dan qo'shilgan Asadbek Zokirjonov zaxiradan tushyapti, uning to'liq o'ynashga kuchi yetmaydimi?

- Zokirjonov yaqinda jarohatdan tuzalib endi-endi mashg'ulotlarga qo'shilishni boshladi. U deyarli olti oy futbol o'ynamadi. Sekin-asta hammasi joyiga tushib ketadi.

- Bugun "Sho'rtan" safida Iskandar Shaykulov, Abror Toshqo'ziev kabi tajribali futbolchilar o'ynadi.

- Menimcha, mahoratli futbolchilar bugungi bahs taqdirini hal etishdi. Futbolda tajriba ko'p narsani anglatadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia