Nodirxon Nematxonov: "Birinchi turda xavotir bo'lishi tabiiy. Moliyaviy muammolarga butkul echim topiladi degan umiddaman"

Оқил Абдубарноев
1 mar 2026, 14:24
"Surxon" himoyachisi Nodirxon Nematxonov "Lokomotiv"ga qarshi o'yindan so'ng (1:3) saytimizga intervyu berdi.

– O'yin haqida...

– Guvohi bo'lganingizdek, qiyin o'yin o'tkazdik. Asosan, o'zimiz ko'p xatoga yo'l qo'ydik. Kamchiliklarni keyingi bellashuvlarda bartaraf etishga harakat qilamiz.

– "Surxon" o'quv-yig'in mashg'ulotlarida ham 3-4 ta gol o'tkazib yuborgan holatlar bo'ldi. Murabbiy himoyadagi muammolarga echim topa olmadimi?

– Yig'indagi o'yinlar bilan rasmiy o'yinlar farq qiladi. Birinchi turda xavotir bo'lishi tabiiy. Tarkibda yoshlar ko'p, jamoa yangilangan. O'yindan o'yinga yaxshilanamiz degan umiddaman.

– Yoshlarda etarlicha tajriba bo'lmasligi mavsum davomida jamoa zarariga ishlamaydimi?

– Bizdagi yoshlar iqtidorli, turli yosh toifalaridagi terma jamoada to'p tepishgan. Ularning yordami tegadi. 

– Jamoadagi moliyaviy holat qanday?

– Moliyaviy muammolar asta-sekin hal qilinyapti. Rahbariyat bu muammoga butunlay echim topadi degan umiddaman.

– Keyingi turda "Surxon" amaldagi chempion "Neftchi"ga qarshi "syurpriz" tayyorlay oladimi?

– Birinchi navbatda, "Lokomotiv"ga qarshi o'yindagi xatolarni tahlil qilamiz. So'ngra "Neftchi"ni o'rganamiz.


Avvalroq “Surxon” hujumchisi Stefan Chinedu klubdagi debyuti va to'purarlik istagi haqida fikr bildirgandi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia