"Navbahor" avgust oyidan Namangandagi "Markaziy stadion"ga qaytadi

Aslanov Jasurbek
22 iyul 2026, 13:37
Namangandagi "Markaziy stadion"ni Superliga talablariga moslashtirish ishlari yakuniga etdi.

“Navbahor” avgust oyidan boshlab uy uchrashuvlarini o'z shahrida o'tkazish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Bunga qadar Timur Kapadze shogirdlari uy uchrashuvlarini Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida o'tkazib kelayotgandi. Mavsum startidan boshlab Navbahor Superliga doirasidagi besh uchrashuvni Olimpiyada o'tkazib, umumiy hisobda 7 ochko jamg'arishga erishdi. Mazkur stadiondagi hisob bo'yicha oltinchi o'yin 23-iyul kuni Qizilqumga qarshi o'tishi rejalashtirilgan.

4 iyul kuni Liga mutaxassislari Namanganda bo'lib, stadionda amalga oshirilishi lozim bo'lgan qo'shimcha ishlarni belgilab bergandi. 20 iyul kuni Markaziy stadion qayta monitoringdan o'tkazildi va u rasmiy uchrashuvlarni qabul qilish uchun tayyor deb topildi. Shundan kelib chiqib, 2-avgust sanasiga rejalashtirilgan “Navbahor” - “Xorazm” uchrashuvi bilan namanganliklar o'z stadioniga qaytish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda “Markaziy stadion”da kabellashtirish ishlari davom etmoqda. Tez orada Namangandagi stadion mazkur masalada vodiyda “Istiqlol” stadionidan keyin kabellashtirilgan ikkinchi stadionga aylanishi kutilmoqda.

Izoh. “Markaziy stadion” chimi to'liq yangilangan. Biroq iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, unda sentyabr oyi yakuniga qadar, yani, maysa o'zini to'liq tiklab olgunigacha ayrim muammolar ko'zga tashlanishi mumkin. Bunday holat avvalroq “Bobur arena” stadioni chimi bilan ham kuzatilgan bo'lib, keyinchalik issiq havo massasi chekinib borishi hamda muntazam parvarish natijasida maysa o'zini to'liq tiklab olgandi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: pfl.uz