

O'yindan keyin "Yaypan" yordamchi murabbiyi Mirjalol Jo'raev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Hisob o'yinga mos kelmadi. Yomon o'ynadik deya olmayman. Futbol shunaqa, bir kun yutasan, bir kun yutqazasan. Aslida yomon o'yin ko'rsatmadik. Uchrashuvni ko'rmay natijaga qaragan kishi "Yaypan" umuman o'ynamapti deb o'ylasa kerak. Lekin aslida unday bo'lmadi, biz ham bor kuch bilan harakat qildik, faqat omad kelmadi.
- Hakamlik borasida qanday fikrdasiz? "Yaypan" darvozasiga penalti belgilanishidan oldin to'p raqib futbolchisi qo'liga tegdi, ammo hakam indamadi. Penaltidan keyin esa o'yin o'zgarib ketdi.
- Men o'sha holatni yaqqol ko'rdim. Biz gol uradigan vaziyatda hakam penalti qo'yib berdi. Bu ham hakamning vijdoniga havola. Gol urganimizda hisob qisqargan bo'lardi, lekin hakam qo'pol xatoga yo'l qo'ydi deb o'ylayman. Bu esa hisobga ta’sir qildi.
- O'yinda bir nechta rotaciya guvohi bo'ldik. Buning asosiy sababi nimada?
- Asosiy sabab jarohatlar bilan bog'liq. To'purar futbolchimiz Muslimbek ham jarohat tufayli o'yinda qatnasha olmadi.
- "Yaypan" U-19 jamoasidan asosiy jamoaga futbolchi jalb etish murabbiylar rejasida bormi?
- Biz asosiy va U-19 bitta jamoamiz. Chunki murabbiylar mashg'ulotda ham birga ishlab bir-birimizga yordam berib kelyapmiz. Yaxshi yoshlarimiz bor, bosh murabbiyimiz Rashid aka bilan maslahatlashib iqtidorli o'yinchilarni taklif etamiz.
- Rashid G'ofurov nima sababdan matbuot anjumaniga kelmadi?
- To'g'risi, sababini bilmayman. Aytishadi-ku, hamma narsa yaxshilikka.



