

Argentina hukumati AQSH rasmiylaridan shu yozda bo'lib o'tadigan 2026 yilgi Jahon chempionati o'yinlariga 13 000 nafar muxlisning tashrif buyurishini taqiqlashni so'radi.
Argentina turnirga amaldagi chempion sifatida yo'l olmoqda va kelasi oyda Jahon kubogini boshi uzra ko'tarish uchun asosiy favoritlardan biri hisoblanadi.
Lionel Skaloni shogirdlari "J" guruhida peshqadamlik qilmoqda va o'zining ilk o'yinini chorshanba kuni tong saharda Kanzas-Sitida Jazoirga qarshi o'tkazadi. Shuningdek, pley-off bosqichiga chiqish maqsadida ular Avstriya va Iordaniya bilan ham kuch sinashadi.
Shu yozda butun dunyoning nigohi Argentinaga qaratiladi, biroq mamlakat hukumati bir qator muxlislarning ushbu o'yinlarga borishiga yo'l qo'ymaslikni qatiy maqsad qilgan.
Ispaniyaning "AS" nashri xabar berishicha, Argentina rasmiylari Qo'shma Shtatlarga aliment to'lovlaridan bo'yin tovlagan 13 000 ga yaqin ota-onalardan iborat ro'yxatni taqdim etgan.
Ularning fikricha, o'z farzandlarini moliyaviy jihatdan taminlay olmagan ota-onalarga 2026 yilgi Jahon chempionatiga borishga ruxsat berilmasligi kerak. Buenos-Ayres meri Xorxe Makri shunday dedi: "Agar ular o'z farzandlarini taminlamasa, ularga stadionga kirishga ruxsat berilmaydi".
Argentinaning bunday keskin poziciyasi "Xavfsiz tribunalar" deb nomlangan milliy hukumat tashabbusi bilan bog'liq. Dastur farzandlarining asosiy ehtiyojlarini e'tiborsiz qoldirib, sport tadbirlariga borish uchun pul topadigan ota-onalarni aniqlash va jazolashga qaratilgan. Ma'lum bo'lishicha, AQSH rasmiylariga topshirilgan ro'yxatga alimentdan qarzdor bo'lgan va avvalroq Argentina sudlari tomonidan qarzdor deb topilgan shaxslar kiritilgan.
So'nggi oylarda qarzdorlarni, yani belgilangan muddatda majburiy davriy to'lovlarni amalga oshirmagan shaxslarni topishga e'tibor kuchaytirildi. Argentina hukumati ushbu ro'yxatni AQSH huquqni muhofaza qilish organlari bilan baham ko'rish orqali Jahon chempionati o'yinlariga tashrif buyurishga urinayotgan qarzdor shaxslarni aniqlashga umid qilmoqda.
2023 yilda "Xavfsiz tribunalar" tashabbusi kengaytirilganidan beri, Argentina jamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda. Rasmiy statistikaga ko'ra, 1328 ta futbol o'yini davomida to'rt milliondan ortiq tomoshabin tekshirilgan. Bu davr mobaynida hibsga olish uchun orderlari bo'lgan 1166 nafar shaxs aniqlangan va o'nlab mamuriy taqiqlar joriy etilgan.
AQSH rasmiylarini qarzdorlar haqida xabardor qilishdan tashqari, ushbu kengaytirilgan ro'yxatga avval zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ham kiritilgan.
"Ro'yxat stadionlarga kirishi taqiqlanadigan 15 mingdan ortiq odamni o'z ichiga oladi", – dedi Milliy xavfsizlik vaziri Patrisiya Bullrich. "Bu biz uchun juda muhim, chunki Argentina stadionlarida biron bir jinoyat sodir etgan hech bir zo'ravon shaxs ushbu sport tadbirida ishtirok eta olmaydi".



