

O'yindan keyin "Olimpik Mobiuz" bosh murabbiyi Farhod Nishonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Qiziqarli va muxlislarga yoqadigan o'yin bo'ldi. Har ikki jamoa ochiq futbol namoyish etishga harakat qildi. Omad bugun bizga kulib boqdi. G'alaba uchun yigitlarga rahmat, ko'rsatmalarni hamma to'g'ri bajardi. Qolaversa jamoa bo'lib ham yaxshi o'yin namoyish etdik. Haqli g'alaba qozondik deb o'ylayman.
- Abdug'afur Haydarovning zaxirada qoldirilishi sababi nimada?
- Unda kichik jarohat bor. Endi buni jarohat deya olmayman. O'yindan oldin shamollab isitmasi chiqdi. Shu bois tavakkal qilmadik va boshqa futbolchilarga imkon berdik.
- Hisob yirik ko'rinish oldi. "Yaypan"dan shunday o'yin kutganmidingiz?
- Aytib o'tganimdek, omadimiz keldi. "Yaypan" yaxshi jamoa. Proligada hamma jamoa yaxshi. "Yaypan"ga rahbariyat qulay sharoitlarni qilib bergani ko'rinib turibdi. Maydon holati ham juda maqul keldi. Yaxshi maydonda biz ham yaxshi futbol ko'rsatamiz. Bazi jihatlarda ustunlik mezbonlarda bo'ldi, faqat bizning omadimiz ko'proq keldi.
- Saidxon Hamidov himoyachi bo'lishiga qaramay uchta gol urishning uddasidan chiqdi.
- To'g'ri, Saidxon aslida himoyachi. Faqat taktikani o'zgartirdik. U bugun gol urishga vada bergandi. Eng qizig'i, uchta gol uraman degandi, chindan ham uchta to'p kiritdi.
- Hisobda oldinda bo'lishga qaramay, futbolchilardan doim tezkor o'yin namoyish etishni talab qildingiz. Bu nimadan dalolat?
- To'g'ri payqabsiz, biz doim tez o'yinni talab qilyapmiz. Chunki "Olimpik" negizida tashkil etilgan jamoamiz va oldimizga aniq maqsad qo'yilgan. Biz ertaga Yaponiya, Janubiy Koreya kabi jamoalar bilan o'ynay oladigan futbolchilar tayyorlashimiz kerak.
Hozirgi tezlik etarli emas, biz yanada kuchayishimiz lozim. Yana ikki-uch soniyaga tezlashishimiz talab etiladi. Shu bois ham hisobga qaramay, har doim futbolchilardan tezkorlikni talab qilyapmiz. Albatta, doim tez o'ynashning imkoni yo'q, payti kelganda tempni tushirishga to'g'ri keladi. Lekin bu vaqtni cho'zish degani emas.
Agar hisobdan kelib chiqib yoki raqibga moslashib o'ynasak, unda hech kim o'smaydi. Yevropa futbolini ko'ryapmiz, tezlik juda yuqori. Biz ham ularga havas qilamiz. Shu bois oddiy vaziyatlarda ham tez harakat qilishni yigitlardan so'rayman.



