Nabi: "Eron va O'zbekiston kuchli jamoalar ishtirokida qo'shma turnirlar o'tkazish yo'lini izlashlari kerak"

Aslanov Jasurbek
24 sen 2026, 00:08
Eron va O'zbekiston kelajakda kuchli jamoalar ishtirokida turnir tashkil qilishi mumkin.

Eron futbol federatsiyasi vice-prezidenti va terma jamoa direktori Eron hamda O'zbekiston o'rtasida futbol sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta'kidlab, ikki mamlakat futbol va futzalda yuqori salohiyatga ega ekanini hamda kuchli jamoalarni taklif etgan holda qo'shma turnirlar o'tkazish orqali mintaqa futbolining yanada rivojlanishiga zamin yaratishi mumkinligini aytdi.

Federatsiya rasmiy sayti xabariga ko'ra, Mehdi Muhammad Nabi Eron terma jamoasining O'zbekistonda bo'lib turganida ushbu mamlakat mehmondo'stligi uchun minnatdorchilik bildirdi: "O'zbekistonning ajoyib mehmondo'stligi uchun tashakkur aytamiz. O'ylaymanki, Eron va O'zbekiston Osiyo futbolida qitaning sharqiy mamlakatlaridan o'zib ketish uchun reja tuzishlari kerak".

Futbol federatsiyasi vice-prezidenti so'zida davom etdi: "Men Eron futbol federatsiyasida ko'p yillardan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman va so'nggi yillarda Eron ham, O'zbekiston ham futbol va futzalda yaxshi o'sishga erishdi deb hisoblayman. Ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni avvalgidan ham ko'proq rivojlantirish uchun salohiyat mavjud".

Terma jamoa direktori qo'shma musobaqalar o'tkazishni rejalashtirish zarurligini ta'kidlab shunday dedi: "Yaxshi va kuchli jamoalarni taklif qilish imkoni bo'lgan qo'shma turnirlarni loyihalashtirishimiz kerak; bu musobaqalar Eronda o'tkaziladimi yoki O'zbekiston mezbonlik qiladimi, farqi yo'q. Eron, O'zbekiston, Rossiya va boshqa jamoalar ishtirokida yuqori sifatli turnirlarni rejalashtirish mumkin".

Nabi CAFA musobaqalari haqida ham to'xtalib o'tdi: "CAFA o'yinlari biz uchun kutilgan natijani bermaydi, ammo har holda ushbu musobaqalarda ishtirok etishga majburmiz. CAFA musobaqalari markazi bo'lgan Tojikistonda hatto tegishli mashg'ulot imkoniyatlari ham mavjud emas. Maqsadimiz - G'arbiy Osiyoda sodir bo'lgan voqea Markaziy Osiyoda takrorlanmasligi va to'g'ri rejalashtirish orqali ushbu mintaqadagi musobaqalar saviyasini oshirishdir".

U qo'shimcha qildi: "Eron futbol federatsiyasi tomonidan janob Xaroti va janob Jamoli ushbu turnirni muvofiqlashtirish uchun mas'uldirlar va biz bu masalani jiddiy ravishda kuzatib borishimiz kerak. Umumiy rejaga erishish uchun yaxshi va foydali yig'ilishlar o'tkazishga tayyormiz".

Futbol federatsiyasi vice-prezidenti so'zi so'ngida Eron va O'zbekistonning Jahon chempionatidagi ishtirokiga to'xtalib o'tdi: "Ikkala jamoa ham Jahon chempionatida ishtirok etish tajribasiga ega va keyingi bosqichlarga chiqish yo'li ham uzoq emas. Markaziy Osiyo futbolini rivojlantirish va musobaqalar saviyasini oshirish uchun Eron va O'zbekiston futboli salohiyatidan foydalanishimiz kerak".

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: the-ffiri.com