

Kilian Mbappening jarohatdan tiklanishi borasida yangi tafsilotlar paydo bo'ldi.
Avvalroq, "Real" hujumchisi dam olish kunlari fizioterapevtlar va reabilitaciya bo'yicha mutaxassislar bilan faol ish olib borgani xabar qilingandi. Takidlanishicha, fransiyalik futbolchining rejasi shu yakshanba kuni "El Klassiko"da o'ynashdan iborat. Mbappening La Liganing 35-tur uchrashuvidagi ishtiroki bo'yicha yakuniy qaror chorshanba kuni o'tkaziladigan MRTdan so'ng qabul qilinadi.
COPE muxbiri Melchor Ruizning ma'lumotlariga ko'ra, Mbappening tibbiy ko'rigi chap oyog'ining son mushaklari holatini tekshirish uchun ertangi kunga qoldirilgan.
Bugun Kilian trenajyor zali va basseynda shug'ullandi. Ertaga u umumiy guruh mashg'ulotlarining bir qismida ishtirok etishi kutilmoqda.
Ayni damda futbolchining "Kamp Nou"da "Barselona"ga qarshi o'yinda maydonga tusha olishiga ishonch bildirilmoqda.



