

"Tulkilar" oxirgi paytlarda APL va Chempionship o'rtasida sarson bo'lib qolmoqda. Ammo "Lester" egasi Ayavatt Shrivaddxanaprabxa uchun klubni tark etish muammolar echimi emas.
Ayavatt klubni 2018 yilda otasi Vishay aviahalokatda fojiali tarzda halok bo'lganidan keyin qabul qilib olgan. Shundan beri vaziyatni barqarorlashtirish oson bo'lmadi, ammo Ayavatt uchun eng muhimi - otasi boshlab ketgan ishni davom ettirish.
"Menimcha, 2012 yil avgust oyida otam bilan birinchi bor bu erga kelgan kunimizdan boshlab reja bo'yicha ish tutganmiz, futbolni sevganmiz va bu klubni yaxshi ko'rganmiz. Hozir ham xuddi shu narsani his etaman. Men futbolga oshnoman va 25 yoshimda bergan birinchi intervyumda aytganimdek, bu ishni uzoq muddat qilish niyatidaman. Klubni sotish echim emas.
Otam vafot etganidan keyin va biz Angliya Kubogini yutganimizda, o'ylaymanki, uning uchun juda ko'p ish qildim. Albatta, bu hech qachon etarli bo'lmaydi, ammo men uning bu klubni yaxshi ko'rganini bilaman. Uning rejasi qanday bo'lganini bilaman va xuddi shu ishni davom ettirishni istayman.
Men bu erda boshlagan barcha ishlarni yakunlaganimga ishonch hosil qilmasdan turib ketolmayman. Hozir men uchun eng muhimi, klub yaxshi holatda bo'lishini taminlash. Men hali ham bu joyni yaxshi ko'raman va klub yana muvaffaqiyatli bo'lishini xohlayman", – dedi Shrivaddxanaprabxa.
"Tulkilar" 2024-2025 yilgi mavsumda APLga yangi chiqqan jamoa sifatida chempionatni 18-o'rinda yakunlab, APLdan tushib ketdi.
Chempionshipda ham ishlar unchalik yaxshi emas: "Lester" 29 o'yindan so'ng 14-o'rinda bormoqda.
To'g'ridan-to'g'ri yuqori ligaga chiqish haqida gapirish qiyin, ammo jamoani pley-off hududidan bor-yo'g'i olti ochko ajratib turibdi.



