Mirko Yyelichich: "Bunday o'yinlarni tomosha qilish juda yoqimli"

Aslanov Jasurbek
23 iyul 2026, 00:01
Superliganing 13-turi doirasida "Lokomotiv" - "Andijon" (3:3) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yyelichich matbuot anjumanida qatnashdi.



- Yaxshi o'yin bo'ldi. Ikkala jamoa ochiq o'yin ko'rsatdi. Bunday o'yinlarda o'ynash va tomosha qilish yoqimli. O'yinni ko'proq biz nazorat qildik. So'nggi daqiqalarda koncentraciyani yo'qotib qo'ydik. Ikki ochko yo'qotdik va bittagina ochko oldik.

- Aleksandar Shushnyarning o'rni qanchalik bilinmoqda? Abdulloh Yo'ldoshev bugun yomon o'ynamadi, gol ham urdi, biroq baribir 3ta gol juda ko'p.
- Bir nima deyish qiyin. Shushnyar yaxshi mavsum o'tkazmoqda va tartibli harakat qilmoqda. Kucherenko ham. Abdulloh Yo'ldoshev o'tgan o'yinni yaxshi o'tkazdi. Bugun uni yomon o'ynadi deb ayta olmayman. Balki kuchliroq raqiblar oldida unga biroz sifatlar yetishmayotgandir. Shushnyar-Kucherenko juftligida esa bizda sifat yaxshiroq ko'rinadi.

- Uchrashuvning 10-daqiqasida "Lokomotiv"ning goli hisobga olinmadi va to'p Temurxo'janing qo'liga tegdi deb hisoblandi. Bu vaziyatni ko'rdingizmi?
- Yo'q, ko'rmadim. Bu vaziyatga baho berish juda qiyin. Endi o'yinni ko'rib chiqamiz. Bizda o'yinni yutib ketish uchun bir qancha vaziyatlar bo'lgandi. Hakam o'yinni unchalik yaxshi his qila olmadi. Bunday paytda hakam ham o'zi istagandek ishlay olmaydi. O'sha vaziyatda hakam haq yoki nohaq edi deya olmayman. Shunchaki 50/50 vaziyatlarda bosh hakam ko'proq "Andijon" foydasiga qaror chiqardi.

- Jahon chempionati munosabati bilan katta tanaffus yuzaga kelgandi. Endi esa har besh kunda o'yin bo'ladi. Jamoa bunga tayyormi?
- Tayyor bo'lishimiz, istalgan tizimga moslasha olishimiz kerak. Agarda har ikki kunga o'yin qo'yishsa ham, bunga ko'nikib ketishimiz kerak bo'ladi. Agarda har uch kunda o'yin bo'lsa ham, bunga ko'nikib ketishimiz kerak. Katta damdan keyin endi ikkinchi o'yinni o'tkazdik va sekin-sekin futbolni tushunib boryapmiz. Lekin Superliganing boshqa o'yinlari ham tempi va intensivligi yomon emas. Istalgan jarayonda jamoalar yo'qolib qolishmaydi.

- "Lokomotiv" hisob 2:0 ligida uchinchisini ham urishi kerakdek ko'rinayotgandi. Lekin 5 daqiqa ichida jamoa 2ta gol qo'yib yubordi. Nima sababdan jamoa e'tiborsizlikka yo'l qo'ydi?
- Kichik detallar. Aynan shunday vaziyatlar o'yin taqdirini hal qiladi. Kichik detallarni hal qila olmas ekansan, o'yin taqdirini hal qila olmaysan. Istalgan odam xato qiladi. Bu biror futbolchining emas, jamoaning xatosi. Endi biz bu ishlarni boshqacha tarzda amalga oshirishni o'ylab ko'ramiz. Ko'p narsa futbolchining jismoniy va ruhiy holatiga bog'liq. Odamlar o'z fikrlarini bildiraverishadi. Lekin fikrlarning o'zi hech nimani bildirmaydi.

- "Lokomotiv" 760 kundan keyin o'z stadioniga qaytdi. Yangilangan maydon haqida nima deya olasiz?
- 5-6 yil oldingi maydon yaxshiroq edi. Hozir chim biroz boshqacha va notekisdek. Oldingi chim biroz pastroq va tekisroq edi. Bu yangi maydon, o'z maydonimizdek his qilishimiz uchun biroz vaqt kerak. Masalan, Siz ham uy qursangiz, jihozlarni joylashtirasiz va barchasiga ko'nikib olishingiz uchun vaqt kerak. Vaqt o'tib, maydonni ham o'zimizga bo'ysundiramiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia