Kamoliddin Tojiev: "Qizil kartochka rejalarimizni o'zgartirib yubordi"

Administrator
19 sen 2026, 22:48
Superliga 22-turdan o'rin olgan "Mashal" – "Paxtakor" uchrashuvidan so'ng "Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- "Mashal" bilan bahs qiyin kechishini bilardik. Muhimi, g'alaba qozonganimiz. Birinchi bo'limdagi qizil kartochka rejalarimizni o'zgartirib yubordi. Tanaffusda yigitlarga kerakli ko'rsatmalarni berdik va ikkinchi taymda iroda ko'satib g'alaba qozondik. Oxirigacha kurash olib borishgani uchun yigitlarga rahmat aytib qolaman. Bu o'yin biz uchun nihoyatda muhim edi. Aslda har bir bahs biz uchun muhim bo'lib qolmoqda.

- Bugun kim ko'proq xatoga yo'l qo'ydi: "Mashal"mi, "Paxtakor"mi yo hakamlar jamoasimi?
- Qo'pol xatolar ko'rinmadi. Biz ham, "Mashal" ham qo'pol xatolarga yo'l qo'ymadi. O'z imkoniyatlarimizdan foydalanib g'alabaga erishdik. O'yin yoqdi deya olmayman, murakkab uchrashuv kechishini bilardik. Uzoq yo'l bosib keldik. O'yinga tayyorgarlik ko'rish uchun ikki kun vaqtimiz bo'ldi va asosan tiklanish bilan mashg'ul bo'ldik.

- Qizil kartochka o'yinni qanchalik o'zgartirib yubordi?
- Aytganimdek, rejalarimizni tubdan o'zgartirib yubordi. Hech kim o'yin boshida qizil kartochka olib keyin bu rejaga o'tamiz deb o'ylamaydi. O'zim tomonimdan xato kuzatildi deya olmayman. Kimni maydonga tushirgan bo'lsak, hamma yaxshi harakat qildi. O'n kishi qolib ham g'alaba qozondik.

- "Mashal" hozircha oxirgi o'rinda va tarkibida yoshlarni o'ynatyapti. "Paxtakor" esa ikkinchi o'rinda bormoqda. Kichik hisobda g'alaba qozondik deb hisoblaysizmi?
- Bitta to'p farqi bilan yutuqqa erishgan bo'lsak-da, futbolchilar o'yinga oddiy qarashdi deya olmayman. Baribir kurash oxirigacha kechdi. Tig'iz taqvim bo'yicha o'yinlarni o'tkazyapmiz, hech bir bellashuv oson bo'lmayapti. "Al Ahli" bilan o'yindan keyinoq bu uchrashuvga hozirlikni boshladik. "Mashal" yosh bo'lgani bilan o'z o'yin uslubi bor. Bugun ham o'zini ko'rsatishga harakat qildi.

- Oybek Bozorov bir necha yil "Nasaf"ning asosiy futbolchisi bo'lib keldi. Lekin u "Paxtakor"da zaxirada qolib ketyapti. Bu futbolchining jismoniy holati bilan bog'liqmi yoki o'yin uslubi mos tushmayaptimi?
- Oybekda jarohat bor edi, shu bois Saudiyaga ham bora olmadi. G'uzorga kelishimizdan oldin faqat ikkita mashg'ulotda ishtirok etdi. Hozircha to'liq tayyor emas. Endi-endi tuzalib safimizga qaytyapti. Jarohati yana takrorlanmasin deb hozircha zaxirada qoldirdik.

- Ma'lumki, "Paxtakor" ishtirokidagi o'yinlar Iroqda translyatsiya qilinyapti va shu bois Iroqda "Paxtakor" futbolchilariga nisbatan qiziqish ortganini eshitdik. Siz bu borada nima deya olasiz?
- Translyatsiyadan oldin ham bizning futbolchilar Iroqqa borgandi, bir o'yinchimiz to'purar bo'ldi. Ularning uch nafar futbolchisi bizda to'p tepmoqda. Endi baribir qiziqish bo'ladi. Lekin hozircha hech kimga taklif tushmadi.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia