Kamoliddin Tojiev: "Bashar Resan "Paxtakor"da qoladi. Aymandan ko'proq gollar kutgandik"

9 okt 2026, 23:33
Superliganing 23-turi doirasida "Paxtakor" - "Bunyodkor" (3:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "sherlar" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev o'z fikrlarini bildirdi.

- O'yinni yaxshi boshladik va oxirigacha shunday bo'ldi ham. Uchta gol urdik. Bu g'alaba biz uchun juda muhim edi va buni yigitlar ham tushunib turgandi. Bolalarga rahmat deyman.

- "Paxtakor"ning eng katta muammosi - vaziyatlardan foydalanish. Birinchi bo'limning o'zida jamoa 4ta gol urishi, yakunda hisob 7:1 bo'lishi kerak edi. Balki realizaciya uchun murabbiy olib kelish kerakdir.

- Bu anchadan beri bor muammo. Buning ustida ishlayapmiz. Hudoga shukur, gollar ham urib turibmiz. Barcha o'yinlarda ko'plab vaziyatlar yaratyapmiz.

- Samarqanddagi o'yinda g'alaba qozonilishi kerak bo'lgan paytda 2:2, "Andijon"da ham g'alaba qozonilishi kerak edi. "Lokomotiv" bilan boshqacha o'yin bo'ldi. Muammolar esa hal bo'lmayapti.

- Ishlashda davom etyapmiz. Hozir endi hech kim mutaxassis bizga yordam bera oladi, deb vada bera olmaydi. Bu tomoni ham bor.

- Ayman Hussaynning transferi qanchalik omadli bo'ldi deb hisoblaysiz? Jamoaga undan oldin kelgan Chineduga kamroq o'yin amaliyoti berilmoqda.

- Aymanning ko'proq gol urishini kutgandik. Qizil kartochka ishlab beryapti, gol uryapti, jamoaga yordam bermoqda. Uning transferidan qoniqish hosil qilyapmiz. Chineduning holatiga ham e'tibor beryapmiz. Mashg'ulotlarda ko'proq kim tayyor yoki tayyor emasligini ko'ryapmiz. Hali o'yinlar ko'p. Barchaga amaliyot beramiz.

- "Paxtakor" chempionatda dominant o'yin uslubini tanlaydi. Elit OCHLda esa bazida ikkinchi raqamli bo'lib o'ynash ham kerak bo'ladi. Keyinchalik "Navbahor" bilan o'yin ham bor. Jamoa bu o'yinlarga tayyormi?

- Oldimizda "Al Qodisiya". Bu jamoani oldindan kuzatib boryapmiz. Raqib tarkibida kuchli futbolchilari borligi bizning himoyaviy o'yin ko'rsatamiz, degani emas. Biz o'z maydonimizda o'ynaymiz va uslubni o'zgartirmaymiz.

- Bashar Resan sobiq jamoasi "Persepolis"ga qaytmoqchi ekanligini, kamroq maosh olishga tayyorligi borasida ma'lumotlar tarqalgandi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Yo'q. U "Paxtakor"da qoladi va uning klub bilan shartnomasi bor.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia