

- O'yin haqida fikringiz?
- Yaxshi o'yin bo'ldi. Bahs qiyin kechishini bilardik va shunga yarasha hozirlik ko'rgandik. Bugun ko'p vaziyatlar yaratdik va unumli foydalandik. Avvalgi o'yinlarda ham ko'p vaziyat yuzaga keltirib, foydalana olmay kelayotgandik. G'alaba bilan hammani tabriklayman. Yigitlarga rahmat aytaman.
- "Paxtakor" oxirgi ikkita o'yinda ayniqsa hujumda yaxshi harakat qildi va bir nechta gollar urdi. Engillik yuzaga kelishining sababi nimada?
- Mashg'ulotlarda doim hammasi yaxshi bo'lishi uchun ishlaymiz. Omadimiz kelib gollar uryapmiz. Bundan hammamiz xursandmiz. Yanayam ko'proq to'p kiritishga intilamiz.
- Bugun realizaciya zo'r bo'ldi: to'rtta imkoniyat va uchta gol. Adashmasam, OKMKda 6-7ta vaziyat bo'ldi. Agar hisob 2:2 yoki 3:3 bo'lib qolganida "Paxtakor" yana qo'sha olarmidi?
- Bu - o'yin, vaziyatlarni yuazaga keltirdik va ulardan foydalanadik. Olmaliq jamoasi standartlarda kuchli ekanini futbolchilarimizga alohida uqtirgandik. Bugun raqibga imkon bermadik deb o'ylayman. Sal erkin harakat qilgan paytimiz ham bo'ldi. Kamchiliklar ustida ishlaymiz.
- Hisob 2:0dan keyin ham qarshi hujumlardan foydalanib hisobni 4:0ga keltirish mumkin edi.
- To'g'ri, bugun qarshi hujumga ko'p marta chiqdik. To'g'risi, yanada yaxshi o'yin ko'rsatishimizga maydon holati yo'l qo'ymadi. Hali mavsum uzun, yoshlarga ham imkon beramiz.
- Jamoa "Al Ahli" bilan o'yinga tiklanishga ulguradimi?
- Bugundan shuning ustida ishlaymiz.
- Yaqinda Ro'ziqul Berdiev va Aleksandr Xomyakov O'zbekistondagi eng yaxshi hujumkor jamoa deb OKMKni aytishgandi.
- Aslida men ham ularning fikriga qo'shilaman. OKMK yaxshi jamoalardan biri. Jamoani tajribali murabbiy boshqaryapti, tarkibi ham kuchli. OKMK oxirigacha kurashib futbol o'ynaydigan jamoa. Ham o'zi o'ynaydi, ham raqibga imkon beradi. Olmaliqda g'alaba qozonish oson emas. Hozirgi OKMK oldingilarga nisbatan kuchliroq. Bu yerda boshqa jamoalarga qiyin bo'ladi deb o'ylayman.
- Elit OCHLdagi raqib "Al Ahli"ni qanchalik o'rgandingiz?
- Bu jamoa o'yinlarini kuzatib boryapmiz va tahlil qilyapmiz. Har 3-4 kunda maydonga tushayotganimiz sababli yigitlarda toliqish bor. To'rt nafar futbolchimiz jarohat olgan. Zaxiramizda birgina Nasrullaev bor edi, qolganlar esa yoshlar. Albatta, "Al Ahli" bilan qiyin bo'ladi, lekin o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz.
- "Paxtakor" ishlari yurishib ketishi, uchtalab gol urib g'alaba qozonishi uchun Ortiqxo'jaev ketdi degan gaplar chiqishi yoki jamoadan Kubokdan chiqib ketishi kabi intriga kerakmidi?
- Biz ham birinchi davrada chempion bo'lmoqchi bo'ldik, endi shunaqasi ham bo'p turadi.



