

"Arriyadiyah" nashrining xabar berishicha, nemis mutaxassisi jamoasining o'yini va natijasidan mamnun ekanini, biroq golli vaziyatlardan foydalanish borasida hali ishlash kerakligini takidlagan.
"G'alaba va jamoamizning o'yinidan xursandman. Birinchi va ikkinchi bo'limlarda bundan ham ko'proq gol urishimiz mumkin edi. Uchrashuv oxirigacha o'yin jarayonini nazorat qila oldik.
Bizga hal qiluvchi zarba va so'nggi qarorlarni qabul qilishda aniqlik yetishmayapti. Jamoa 90 daqiqa davomida bir xil saviyada o'ynay olishi uchun hali vaqt kerak. Futbolda eng qiyin vazifa – gol urish.
Bir qancha vaziyatlarga ega bo'ldik, to'p darvoza ustuni va to'siniga tegdi. Agar o'sha imkoniyatlardan foydalanganimizda, o'yin haqidagi fikrlar yanada ijobiy bo'lardi. Ammo biz ko'p jihatdan rivojlanmoqdamiz va eng muhimi ham shu", – dedi Vissing.
Matbuot anjumanida "Al Ittihod" himoyachisi Muhannad ash-Shanqitiy ham ishtirok etdi. "Paxtakor" darvozasiga dastlabki golni urgan futbolchi uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi deb topildi.
"Muxlislarimizni g'alaba bilan tabriklayman. Bu qiyin uchrashuv bo'ldi. Eng muhimi – uch ochkoni qo'lga kiritdik.
So'nggi xalqaro tanaffus davomida o'z ustimda ishlashga alohida e'tibor qaratdim. Gol urganim va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi mukofotini olganim – ota-onam hamda rafiqamning duolari sharofati", – dedi ash-Shanqitiy.
Eslatib o'tamiz, "Al Ittihod" mazkur g'alabadan keyin ochkolari sonini 7 taga etkazdi va 5-turning qolgan uchrashuvlari yakunlangunga qadar G'arb mintaqasi turnir jadvalida sakkizinchi o'ringa ko'tarildi.



