Kamoliddin Tojiev: "Bori bilan ishlayapmiz. Hujumchimiz yo'q. Hujumchi gol urmasa, kim uradi?"

20 noya 2026, 21:43
Superliga 28-turidan o'rin olgan "Lokomotiv" - "Paxtakor" (2:1) bahsidan so'ng mehmonlar ustozi Kamoliddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"O'yinni yaxshi boshladik, tezkor gol urdik. Lekin goldan keyin o'yinni biroz qo'ldan chiqardik. "Lokomotiv" birinchi bo'limning ikkinchi yarmida ustunlik qildi. Ikkinchi bo'limni ham yaxshi boshladik, vaziyatlar yaratdik, ammo darvozamizdan ikkita gol o'tkazib yubordik. Oxirigacha kurashdik. Hozir tarkibimizda 11 nafar futbolchi bor, terma jamoadan 3 nafar o'yinchi kelib qo'shildi. Har uch kunda o'ynash, ayniqsa terma jamoa safida ikkita uchrashuv o'tkazib kelgandan so'ng juda qiyin. Ertaga yana safarga yo'l olishimiz kerak, ikki kundan keyin yana o'yinimiz bor. Futbolchilarimiz orasida jarohatlar ham ko'payib ketdi. Bugun oxirigacha kurashdik, lekin ikkita gol o'tkazib, g'alabani qo'ldan chiqardik", - deya gap boshladi Kamoliddin Tojiev.

- Bu yil "Paxtakor"ning bunchalik ko'p himoyaviy o'yin ko'rsatganini ko'rmagandim. Bu uchrashuvni jamoaning eng ko'p himoyalangan o'yini desa bo'ladimi?

- Yo'q, faqat birinchi bo'limda shunday bo'ldi. Yuqorida aytganimdek, charchoq yig'ilib qolmoqda: har uch kunda o'ynash, safarlar - bularning barchasi ta’sir qilyapti, yigitlarda tetiklik yetishmayapti. Shuning uchun biroz shunday o'yin bo'ldi. Lekin ikkinchi bo'limda yaxshi harakat qildik, shunchaki ikkita gol o'tkazib yubordik.

- Birinchi bo'limni ko'rdik, "Paxtakor" hisobga qarab o'ynadi, "Lokomotiv" hujumkor futbol namoyish etgan bo'lsa-da, golli vaziyat yarata olmadi. Lekin tezkor golning erta urilgani jamoaga zararga ishlamadimi? Shundan so'ng tashabbusni to'liq raqibga berib qo'ydinglar. Raqibda tashabbus bo'lsa, baribir 25 ta vaziyatdan bittasi gol bilan yakunlanadi-ku...

- Ha, xuddi shunday. Birinchi bo'limdan keyin yigitlarga ham aytdim: tezkor gol hisobga qarab o'ynashga sabab bo'lib qoldi. Tanaffusda ularga o'ynash kerakligini, doimiy himoyalanish bilan baribir gol o'tkazib yuborishimizni tushuntirdim. Ikkinchi bo'limga chiqib, ikkita vaziyat yaratdik. O'sha imkoniyatlardan foydalanganimizda g'alaba qozonardik, ammo ikkita gol o'tkazib yubordik.

- Yana bir qiziq masala: Flamarion urgan golni olaylik - u vaziyat 1 foizli imkoniyat edi, aql bovar qilmas zarba va gol bo'ldi. Lekin Oybekda 70 foizli, Flamarionning o'zida ikkinchi bo'limda 60 foizli vaziyatlar bo'ldi. Golli vaziyatlar ko'kka sovurilib, negolli vaziyatdan shunday gol urilishini qanday izohlash mumkin?

- Butun mavsum davomida ancha ko'p vaziyatlar yaratyapmiz, lekin ulardan foydalana olmayapmiz. O'sha vaziyatda ozgina omadimiz keldi, qolaversa, Flamarion yaxshi ochilib, kuchli zarba berdi. Mavsum boshidan beri ko'plab vaziyatlar yaratyapmiz, ammo gol urolmayapmiz. Futbolda shunaqasi ham bo'lib turadi.

- Igor Sergeev masalasi: uni qaytarish mumkinmi? Barcha markaziy hujumchilarga hurmat saqlagan holda aytaman, o'tgan mavsumda Sergeev yarim vaziyatdan ham gol urardi. Osiyo Chempionlar Ligasi elit bosqichida "Al-Nassr" va "Al-Qodisiya"ga qarshi o'yinlarda oltita vaziyatdan bitta gol urilgani xavotirga soladi...

- Hozircha uning klubi bilan shartnomasi bor. Agar qaytaman desa, Sergeevning o'z mahorati va obro'si bor - biz uni har doim bajonidil jamoaga taklif qilamiz. Lekin hozir amaldagi shartnomasi mavjud.

IMG_0318.JPG

- Bashar Resanning jarohati qanday, keyingi o'yinda maydonga tusha oladimi?

- Hozir ko'ramiz, lekin menimcha, bu o'yinni 99 foiz o'tkazib yuboradi.

- "Paxtakor"ning mag'lubiyatidan keyin "Neftchi" deyarli chempionlik masalasi ham hal bo'ldi. Jamoa ketma-ket uch mavsumdan beri chempion bo'la olmayapti. E'tibor bersak, bahordan beri muammolar bir xil: vaziyatlardan foydalana olmaslik va ikkinchi bo'limda ochko yo'qotish. 8-9 oydan beri bu surunkali muammolar to'g'rilanmadi. Bunda asosiy ayb kimda deb o'ylaysiz - murabbiyda yoki jamoa ichida?

- Bir yildan beri bizda hujumchi masalasi muammo bo'lib turibdi. Birinchi davrada ham shunday edi, ikkinchi davrada ham shunday. Hujumchi gol urmasa, qiyin bo'ladi - baribir ortda gol o'tkazib yuborasiz. Bori bilan ishlayapmiz. Hujumchimiz yo'q. Hujumchi gol urmasa, kim uradi? Hozircha faqat yarim himoyachilarimiz gol uryapti.

- Oxirgi savol, Chinedu transferini omadli bo'ldi deb hisoblaysizmi?

- Biz undan ko'prog'ini kutgandik.

O'xshash yangiliklar

Manba: championat.asia