Zayniddin Tojiev: "Shu kabi o'yinlar orqali yoshlar o'sib boradi"

23 iyul 2026, 22:44
Proliga 11-turidan o'rin olgan "G'azalkent" – "Metallurg" (3:2) uchrashuvidan keyin "G'azalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Juda qiyin bahs bo'lishi aniq edi, shunga yarasha yigitlarni jiddiy tayyorladik. Oraliq tanaffus berilgani bizga qo'l keldi. 0:2 hisobida ortda borayotib o'zimizda kuch topa oldik va 3:2 hisobida g'alaba qozondik. Buning uchun futbolchilarimizga katta rahmat. Bilasiz, jamoamiz yoshlardan iborat va bu kabi o'yinlar tajriba to'plashda qo'l keladi.

- O'zingiz aytib o'tgandek "G'azalkent" asosan yoshlardan iborat. Hisob 0:2 bo'lgach, yoshlar ruhan sinib qolishi ham mumkin edi. Shunday pallada tanaffus payti nimalar dedingiz?

- Ruhan sinmasligimizga ishongandik, faqat ikkita gol o'tkazib yuborganimizda negadir cho'chib harakat qildik. Oldimizga falonchi o'rinni olish degan aniq maqsad qo'yilmagan. Maqsadimiz - yoshlarni tarbiyalab katta futbolga etkazib berish. Tanaffus payti futbolchilarga qo'rqmay o'ynanglar, hisobga qaramanglar deb aytdik. Chiroyli o'yin ko'rsatishga harakat qildik. Ikkinchi taym boshlanganidan 30 soniya o'tib gol urib olganimiz yaxshi bo'ldi, bu bizga qo'l keldi.

- Tarkibdagi o'zgarishlar haqida.

- Doim jamoalarda o'zgarish bo'lib turadi, bizda ham shunday. Kimdir keladi, kimdir ketadi. Aytganimdek, bizda o'rin olish bo'yicha maqsad yo'q. Maqsad - yoshlarni tayyorlash. Bugun safimizda ikki nafar 2010 yilda tug'ilgan futbolchi o'ynadi. 2009lar ham bir nechtani tashkil etadi. Bundan ham yosh futbolchilar kelsa, ularni ham ko'ramiz.

- Laziz Mirzaev jamoaga qanchalik qo'shilib ketdi?

- Laziz Mirzaev bizga begona emas, aslida u o'zimizning o'yinchi. U yoshligida futboldan ketaman deganida biz imkon berib "Odil Junior"ga chaqirgandik. Keyinchalik omadi kelib o'smirlar terma jamoasiga chaqirildi, Angliyaga gol urdi, hatto Ispaniyada faoliyat yuritib qaytdi. Biz uni yoshligidan tarbiyalab kelganmiz. Mirzaev o'zimizning yigit, shu bois jamoaga qo'shilib ketishi qiyin kechmadi.

- Bunday "kambek" yoshlarning ruhan o'sishiga sabab bo'ladimi?

- Yuz foiz. Bunga ishonchim komil. Bolaga bosim qilsangiz, u cho'kib boraveradi. Bizda esa unday bosim yo'q. Maydonga chiqib bemalol o'ynanglar deymiz. Yoshlarning salohiyatini o'yinlar orqali bilib olamiz. Bugun hech kim yomon o'yin ko'rsatmadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia