Durbek Umaraliev: "Afsuski, yutib turgan joyimizda mag'lubiyatga uchradik"

23 iyul 2026, 23:14
Proliga 11-turidan o'rin olgan "G'azalkent" – "Metallurg" (3:2) uchrashuvidan keyin "Metallurg" yordamchi murabbiyi Durbek Umaraliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor mavsum restarti bilan hammani tabriklayman. O'yin juda qiziqarli va kurashlarga boy kechdi. "G'azalkent" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Biz raqibni yaxshi o'rganib chiqqandik, qarshi hujumlarda tezkor o'yin namoyish etishini bilardik va shunga ko'ra hozirlik ko'rgandik. Afsuski, yutib turgan joyimizda qo'pol xatolarga yo'l qo'yib mag'lubiyatga uchradik.

- Shunday bo'ldiki, ikkinchi taymda "G'azalkent"da kayfiyat ko'tarilib, "Metallurg"da aksincha tushib ketdi.

- Buning sababi ikkinchi bo'lim boshidayoq gol o'tkazib yuborganimiz bo'ldi. Shu gol raqibning kayfiyatini ko'tardi, bizda esa hammasi orqaga keta boshladi. Jamoamiz tushkun kayfiyatga tushib qoldi. Shunga o'zimiz ham hayronmiz.

- "Metallurg"da tajribali futbolchilar ko'p. Balki yoshlarni ko'paytirish kerakdir?

- Biz aksar jamoalardan keyin mavsumga hozirlik ko'rishni boshladik, aniqrog'i fevralda. Tarkibni maksimal kuchaytirishga, yaxshi o'yinchilarni yig'ishga harakat qildik. Vaqti kelib yoshlar ham tarkibimizda o'ynaydi.

- Ichki muhitda nimadir bormi? Chunki o'yin payti futbolchilar bir-biriga ovozni balandlatib gapirgan holatlar bo'ldi. 

- Ichki muhitimiz yaxshi, hech qanday muammo yo'q. Ovozni ko'tarib gapirish yutuqni ko'proq xohlaganimizdan. Afsuski, bazan yuqori xohish xatolarga va mag'lubiyatga olib kelishi mumkin.

- Transfer oynasi hamon ochiq va yangilar kelishi mumkinmi?

- Albatta, bu borada ishlayapmiz. Selekciya to'xtab qolgani yo'q va muzokaralar ketyapti. Jamoamizga yordam beradigan futbolchilarni taklif etamiz.

- "Metallurg"da moliyaviy holat qanday?

- Rahbariyatga katta rahmat, klubimizda moliyaviy muammo yo'q. Bizda hammasi joyida.

- Oxirgi savol. Ilhom Mo'minjonov nega matbuot anjumanida ishtirok etmadi?

- O'yindan keyin Ilhom aka biroz o'zlarini betob his qildilar. Sababi shu.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia