

"Juda xursandman. Uzoq tanaffusdan keyin g'alaba qozondik, bu uzoq kutilgan g'alaba. Eng muhimi - bugun natija bo'ldi. Rejalashtirgan narsalarimiz - o'yin rejasi va taktik ko'rsatmalar ham ish berdi, ayniqsa birinchi bo'limda ikkita gol urdik. Raqiblar bizning o'yinimizni ikkinchi qavatga uzun uzatmalar va to'pni olib qo'yish orqali buzishga harakat qilishdi, lekin biz bunday o'yinga tayyor edik. Ikkinchi bo'limda biroz charchab qoldik. Yoshlar uchun 90 daqiqa davomida bunday intensivlik darajasini ushlab turish jismoniy jihatdan juda qiyin bo'ldi, lekin o'yinni vaqtida kuchaytira oldik. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar yordam berishdi va o'yinni kuchaytirishdi. 70-daqiqagacha raqibda yaqqol vaziyatlar bo'lmadi, garchi himoyada yakkakurashlarda tarkibimiz yosh bo'lgani uchun bazida oqsab qolgan bo'lsak ham. Lekin bugun yigitlar o'zlarining irodasi va xarakterini ko'rsatishdi va shuning evaziga uchta juda muhim ochkoni yulib olishdi. Bu biz uchun katta turtki, o'ziga xos qanot bo'ldi. Keyingi raqibga yaxshi kayfiyat bilan tayyorgarlik ko'ramiz. "Bunyodkor" futbol klubi har doim qiyin vaziyatlardan chiqib ketgan, o'zida kuch topa olgan va biz Superligada qolish uchun oxirigacha kurashamiz", - deya gap boshladi Ivan Boshkovich.
- "Buxoro" Superligadagi eng atletik, jismoniy jihatdan eng kuchli jamoalardan biri ekanini bilamiz. Bugun ko'zga tashlangan narsa - bu sizning to'pni qanday nazorat qilganingiz emas, balki yosh yigitlaringizning ushbu jangchi, baquvvat yigitlarga qarshi yakkama-yakka tengma-teng kurashganidir. Va aynan individual yakkakurashlarda juda ko'p g'alaba qozonildi. Buning sababi nimada?
- Aytib o'tganimdek, biz tayyorgarlik ko'rgan edik va raqibning kuchini bilardik. Ularda ikkinchi qavatda juda kuchli, shuning uchun biz markazda ko'p sonli o'yinchilar bilan to'pni olib qo'yishga tayyorgarlik ko'rdik. Ha, birinchi bo'limda bitta yakkakurashni boy berganimizdan keyin gol o'tkazib yubordik, lekin keyinroq xarakter va 5 ta almashtirish orqali o'yinni kuchaytirib, o'zimizga kela oldik. Ikkinchi bo'limda jismoniy holatimiz oqsaydi deb qo'rqqan edim, lekin yigitlar yaxshi vaziyatlarga to'g'ri munosabat bildirishdi. Statistikaga ko'ra, bizda yutqazilgan yakkakurashlar ko'p, lekin eng muhim vaziyatlarda bir-birimizni "straxovka" hisobiga zonalarni yopishga ulgurdik.
- Oldingi o'yinlar haqida gapiradigan bo'lsak, jamoa yaxshi o'ynadi, lekin vaziyatlardan foydalanishda muammo bor edi. Nasafga yirik hisobda yutqazdingiz, "Lokomotiv" bilan 4:1 hisobida o'yin bo'ldi... U yerda 4 ta ajoyib zarba va 4 ta gol bo'ldi, sizda esa ko'plab vaziyatlar bo'ldi, lekin gol ura olmadingizlar. Bugun vaziyatlar kam bo'ldi, lekin o'yin bo'yicha ustunlik qildingiz. Darvozabonning ikkita xatosi bo'ldi. Futbol aynan bugun "Bunyodkor"ga qarzini qaytardimi?
- "Bunyodkor"ni yaxshi ko'radiganlarning barchasi bugun yig'ilishdi: akademiya yigitlari ham, futbolchilar ham, rahbariyat ham. Ijobiy energiya maydonga ko'chadi va shunday muhit hukm surdi. O'ylaymanki, bu bizga g'alaba qozonishga yordam berdi. Yigitlar ishlashda davom etishlari juda muhim. Inson ishlab, bor kuchi bilan mehnat qilsa, Xudo uning ajrini beradi. O'zingiz aytganingizdek, ikkita zarbadan ham ikkita gol bo'ldi. Yigitlarga takrorladim: taslim bo'lmaslik kerak, oxirigacha kurashish kerak. Biz hammaga qarshi o'ynay olishga munosib ekanligimizni isbotladik. Oldingi "Lokomotiv" bilan o'yinda ham jamoa har qanday raqibga qarshi o'ynashga munosib ekanini, faqat vaziyatlardan foydalanishni to'g'rilash kerakligini aytgan edim, bugun buni uddaladik.
- Hozirgi kunda "Bunyodkor" tarkibida Rahmonov va Abdujalilovdan tashqari katta yoshli futbolchilar umuman yo'q - ko'plari hatto asosiy tarkib bilan mashg'ulot o'tkazishmagan. Hozir bu yigitlarni boshqarish qanchalik qiyin bo'lyapti? Bu xuddi hamma o'zini ko'rsatishga harakat qiladigan bolalar bog'chasiga o'xshaydi.
- Bu bizning ishimiz. Ular mas'uliyatni qanchalik tez anglab etsalar va uni o'z zimmalariga qanchalik tez olsalar, shunchalik tez o'sadilar. Murabbiy sifatida menga o'zidan ko'p narsani talab qiladigan, rivojlanishni xohlaydigan va mas'uliyatni o'ziga oladigan futbolchi bilan ishlash qiyin emas. Bularning barchasi akademiyaning malakali va o'qitilgan futbolchilaridir. Kuch vaqt o'tishi bilan keladi, ular bilan oson ishlashimiz uchun malakamiz etarli.
- "Bunyodkor" mavsum davomida ajoyib o'yin ko'rsatmoqda, lekin shu bilan birga jamoa yutqazmoqda. Hozir ligada shunday holat yuz bermoqdaki, akademiya bolalari va tajribali futbolchilarr bilan tengma-teng kurashmoqda. Nahotki futbol shunchalik keskin o'zgargan bo'lsa, yosh yigitlar maydonga tushib mana shunday jang qila olsa?
- Agar futbolchi malakali bo'lsa, unga jismoniy jihatdan kuchli bo'lishi uchun faqat vaqt kerak. Taktika va mahorat esa ularda bor. Biz yaxshi tahlil o'tkazdik. Yaxshi futbol - bu faqat to'pni chiroyli oshirib o'ynash emasligi ustida ishlashimiz kerak edi. Yaxshi futbol - bu himoyalanishni bilish, raqibga maydonda to'p bilan vaqt va makon bermaslik, uni buzishdir. Bugun biz aynan shuni ko'rsatdik: to'psiz o'yin, himoyadagi agressiya va raqibga o'ynashga imkon bermaslik. Buzish va yaxshi himoyasiz ochko yutish qiyin. Biz bolalarga himoyadagi o'yinda mas'uliyatli bo'lish kerakligini o'rgatyapmiz.
- Keyingi turda "Paxtakor" uchun syurpriz tayyorladingizmi? Tarkibning 90 foizi yana maydonga tushib o'ynashga qay darajada tayyor?
- Hozircha erta, keyingi matbuot anjumanida bilib olamiz. Albatta, har qanday raqibga tayyorgarlik ko'ramiz. "Paxtakor" bilan ham, xuddi "Nasaf" bilan bo'lgani kabi o'ynash mumkin. Tartib-intizom va rejimga rioya qilish kerak, har doim imkoniyat bo'ladi. Bazida chiroyli o'ynaganlar emas, boshqalar g'alaba qozonishi ham mumkin. Pragmatik futbol ham yaxshi futbol hisoblanadi. O'yin eng yorqin bo'lmaganda ham ochko yutishni bilish keak va yosh futbolchilarni ham bunga o'rgatish lozim.



