Ivan Boshkovich: "O'yin sifatiga qaraganda ko'prog'iga loyiq edik. Botti jamoadan ketdi"

5 noya 2026, 21:51
Superliganing 27-turi doirasida "Bunyodkor" - "Xorazm" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ivan Boshkovich fikrlarini bildirdi.

- O'ylaymanki, o'yin juda qiziqarli va bizning jamoa tomonidan ham sifatli bo'ldi. Futbolchilarimdan talab qilganimdek o'yin ko'rsatdik. O'yin sifatiga qaraganda, ehtimol, ko'proq narsaga loyiq edik, ammo imkoniyatlarimizni golga aylantira olmadik. Vaziyatlardan foydalanish borasida hali kamchiliklarimiz bor. Shunga qaramay, o'sib borayotgan va sifatli futbol o'ynayotgan jamoani ko'ryapman. Kelajakda bundan ham yaxshiroq o'yinimizga umid qilishimiz mumkin. Mavsum yakuniga qadar to'rtta uchrashuv qoldi. Kurashni davom ettiramiz. Oldimizda turgan vazifani bajarishimiz kerak. Buning uchun jamoamizda etarli salohiyat bor, deb o'ylayman. Faqat shu tarzda mashg'ulotlar va o'yinlarni davom ettirishimiz lozim. Ishonamanki, hammasi yaxshi bo'ladi.

- Ikkita masala bo'yicha savolim bor: biri ijobiy va biri salbiy. Avval salbiy tomonidan boshlasam. "Bunyodkor" so'nggi uchta golni qanotlardan o'tkazib yubordi. "Mashal"dan Akramov boshladi, bugun esa Pirmuhamedov va Izzatov... Buni endi tasodif deb bo'lmaydi. Siz taktikani chuqur o'rganadigan mutaxassissiz. Sizga ham shunday tuyulmayaptimi: hujum boshlangan paytda vingerlar himoyaga qaytishda oxirigacha ishlamayapti? Chunki bu eski taktik usul - laterallar oldinga qo'shiladi, to'p uzatiladi va zarba beriladi. Balki ayrim vaziyatlarda Abdujalilov ham jamoani qutqara olmagandir, bu boshqa masala. Ammo raqib zarba berish imkoniyatiga ega bo'lgani fakt. Krivokapich to'pni uzatgan vaziyatda ham himoya chizig'idan uzilib qolishdi, qanot o'yinchisi esa bemalol hujumga qo'shilib, gol urdi. Qolaversa, hamkasbingiz ham sizning jamoangizni diqqat bilan o'rganishganini va aynan shu vaziyatlardan foydalanishganini tan oldi. Bu holatga qanday izoh berasiz?

- Albatta, bilaman. Nafaqat bu raqib, balki barcha jamoalar bir-birini o'rganadi. Raqiblar bizning zaif tomonlarimizdan foydalanishga harakat qilishadi, biz ham ularning kamchiliklariga qarshi o'z ustunliklarimizni ishga solamiz. Siz aytgan jihatga kelsak, o'ylaymanki, bugun biz ikkita golni standart vaziyatlardan o'tkazib yubordik. Birinchi gol autdan keyingi vaziyatda yuzaga keldi. Bu yerda reakciyamizning sustligi sababli o'z vaqtida son jihatdan ustunlikni yarata olmadik va raqib shu qanotdan foydalandi.

Ikkinchi golda esa, umuman olganda, hammasini to'g'ri bajardik. Poziciyalarimizni saqladik, ammo omadsizlik tufayli gol o'tkazib yubordik. Futbolda bunday holatlar bo'lib turadi. Raqib burchak zarbasini juda yaxshi amalga oshirdi. Biz esa egallashimiz kerak bo'lgan poziciyalarni egallagan edik. Ammo shunday bo'lib qoldi.

- Bir so'z bilan aytganda, raqib sizlarni ushlab oldi. Endi ikkinchi, ijobiy masalaga o'tsam. Murabbiylar va mutaxassislar bilan suhbatlashganimda, Superliganing bir nechta jamoalari sizdan, yani "Bunyodkor"dan hayiqishini eshitdim. Ular o'yin uslubingiz, futbolchilaringizning xohishi va maydondagi kurashi haqida gapirishadi. "Bunyodkor" bilan o'ynash juda qiyin, ular bizni qattiq qiynaydi, deyishadi. Bundan tashqari, jamoangizda yosh futbolchilar ko'pligi sababli ularga nisbatan psixologik bosim ham boshqacha bo'lishi mumkin. Siz esa turnir jadvalining quyi qismida kurashyapsiz. Shunday bo'lsa-da, Superliganing kuchli jamoalari sizdan hayiqishadi. Bu holatni qanday izohlaysiz?

- Menimcha, nafaqat men, balki har qanday murabbiy yaxshi harakatlanadigan, agressiv o'ynaydigan, pressing qiladigan va raqibni yuqoridayoq to'xtatishga harakat qiladigan jamoaga qarshi o'ynashni yoqtirmaydi. Bundan tashqari, bizning futbolchilarimiz to'p bilan ham sifatli o'ynay olishadi. Bu ularning jismoniy va funkcional imkoniyatlari, mahorati, tayyorgarligi hamda iqtidori bilan bog'liq. Albatta, bunday futbolchilarga qarshi o'ynash oson emas. Agar haqiqatan ham shunday bo'lsa, bundan xursandman. Ammo mening fikrimcha, "Bunyodkor"dan murabbiy kim bo'lishidan qati nazar, barcha raqiblar doimo hayiqishi kerak. Maydonga kim tushishidan qati nazar, bu jamoadagi barcha futbolchilar hurmatga loyiq.

1000168028.jpeg

- Markaziy himoyachilar haqida savolim bor. Mening fikrimcha, Muhammad Hakimov asosiy tarkibning mustahkam o'yinchisiga aylandi. Uning 16 yoshda ekanini hisobga olsak, bu aql bovar qilmas natija. Bunday yoshda shunday o'yin ko'rsatish ajoyib holat. Rahmonov esa tajribali futbolchi, jamoa afsonasi. Ammo so'nggi o'yinlarda Bukrin ham maydonga tushyapti va unga munosib raqobat ko'rsatyapti. Agar ikkalasi ham bir xil jismoniy holatda bo'lsa va hammasi joyida bo'lsa, qaysi biri asosiy tarkibda o'ynaydi?

- Har bir futbolchining o'ziga xos xususiyatlari bor. Bizning tarkibimiz juda yosh, bu ham o'z ta’sirini ko'rsatadi. Jamoada tajriba yetishmaydi. Shuning uchun sog'lom raqobat bo'lishi kerak. Futbolchilarning rivojlanayotgani va o'sib borayotganidan xursandman. Hakimov ham, Bukrin ham, boshqa futbolchilarimiz ham yaxshi tomonga o'zgarishyapti. Lekin, kechirasiz, Superligada ko'p yillardan beri o'ynab kelayotgan futbolchilarimiz ham bor. Masalan, jamoamiz sardori Abdumavlon Abdujalilov kabi tajribali futbolchilar bizga maydonda juda kerak. Ular nafaqat o'z o'yin saviyasi, balki tajribasi va maydondagi muloqoti bilan ham jamoaga yordam berishadi. Ular maydonda xuddi murabbiylar kabi. Bukrinda ham o'zini ko'rsatish uchun imkoniyat bor. Jarohatlar, sariq kartochkalar sababli tarkibda o'zgarishlar bo'lishi mumkin. U berilgan imkoniyatdan foydalandi, deb ayta olaman. Kelgusi o'yinlarda kim maydonga tushishini esa vaqt ko'rsatadi.

- Asosiy tarkib ro'yxatini olganimda, unda asosiy darvozabon sifatida Abdumavlon Abdujalilov, ikkinchi darvozabon sifatida esa Muhammad Yusuf Sobirov ko'rsatilgan edi. Bundan oldin Federiko Botti jamoani tark etganini eshitgandim. Bu ma'lumot to'g'rimi?

- Ha, u jamoadan ketdi.

- Demak, endi u bilan shartnoma bekor qilindimi?

- Buning sabablarini aniq bilmayman. Lekin u mashg'ulotlarga kelmayapti. Balki, uning klub bilan og'zaki kelishuvi bordir, ammo bu haqda aniq ma'lumotga ega emasman. Hozir u jamoada yo'q va mashg'ulot jarayonida ishtirok etmayapti.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia