Ivan Boshkovich: "Jamoani o'zgartirishni istamasdim, chunki "Bunyodkor" - katta klub"

14 noya 2026, 21:43
"Neftchi" hamda "Bunyodkor" o'rtasidagi Superliga bahsidan (0:4) so'ng mehmonlar ustozi Ivan Boshkovich matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"O'yin men kutgandek kechmadi. Dastlabki 15 daqiqada tezda ikkita gol o'tkazib yubordik. Bu adolatdan bo'lmadi, chunki biz 11 ga 11 formatidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rgan edik. Hozir menda hech qanday his-tuyg'u qolmadi. 0:2 hisobidan so'ng bahsga qaytish qiyin kechdi. Shunga qaramay, yigitlar harakat qilishdi va birinchi bo'limda yaxshi o'yin ko'rsatdik, biroq yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olmadik.

Ikkinchi bo'limda ham yana imkoniyatlar paydo bo'lishini va gol urib, o'yinga qaytishni kutgandik, ammo raqib bizni jazoladi. Hisob 3:0 ko'rinishiga kelganidan keyin esa imkoniyat qolmadi. Shunga qaramasdan, futbolchilarimga hech qanday etirozim yo'q. Sababi, bugun biz ruhiyat va xarakter borasida yutqazmadik, bu esa quvontiradi. Ushbu jihat bizga qolgan so'nggi uchta turda ochko jamg'arishga va oldimizga qo'yilgan vazifalarni bajarishga yordam beradi, deb o'ylayman", - dedi mutaxassis.

Shuningdek, murabbiy internet tarmoqlarida Jizzaxning "So'g'diyona" jamoasi bosh murabbiyligiga nomzodlar ro'yxatida borligi haqida tarqalgan xabarlarga ham oydinlik kiritdi.

"Men "Bunyodkor" bosh murabbiyiman va bu yerda bajonidil faoliyat yurityapman. Jamoani o'zgartirishni xohlamasdim, chunki "Bunyodkor" - katta klub, futbolchilarimiz ajoyib. Klubda moliyalashtirish masalasi joyida, salohiyat esa juda yuqori. Yil oxirigacha barcha masalani hal qilishimiz kerak. Xudo xohlasa, "Bunyodkor" Superligada qolishi va kelasi mavsumda o'zi munosib bo'lgan o'rinlarga qaytishi uchun hammasi iziga tushadi. Men boshqa ssenariy haqida umuman o'ylamayapman", - deya fikrini yakunladi Boshkovich.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia