

- O'yin haqida fikringiz?
- Qiyin g'alaba bilan jamoamizni, uzoq yo'l bosib kelgan muxlislarimizni va barcha ishqibozlarni tabriklayman. G'alaba qozongan bo'lsak-da, uchrashuv og'ir o'tdi. "Xorazm" bizga yaxshi qarshilik ko'rsatdi. Sun'iy maydonda to'p tepish og'ir bo'ldi, bu ham o'z ta’sirini ko'rsatdi. Lekin harakat qildik, futbolchilarimiz berilgan ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi.
- Sun'iy qoplamali maydon haqida fikringiz? Talabga javob beradimi?
- Sun'iy maydon baribir sun'iy bo'ladi. Raqibning ikki futbolchisi maydon holati sabab jarohat oldi deb o'ylayman. Bizdan Ibrohimxalil Yo'ldoshev ham sun'iy maydon sabab jarohat oldi. Baribir tabiiy maydonga yetmaydi.
- "Neftchi" 9 tur ortda qoldiki, yetakchi ekanini isbotlab kelyapti. Lekin xalqaro uchrashuvlarga tayyorgarlik qanday bo'lyapti? Chunki oldinda Elit Osiyo chempionlar ligasi kutmoqda.
- Bu juda muhim musobaqa va bu turnirda nafaqat Farg'ona, balki O'zbekiston nomidan o'ynaymiz. Biz yil boshidan ushbu musobaqaga hozirlikni boshlaganmiz. Bu borada katta hajmli ishlar amalga oshirilmoqda. Murabbiylar shtabi ham jamoani optimal formada olib borish uchun harakat qilyapmiz. Hammasi bosqichma-bosqich bo'lyapti. Oldinda uch-to'rt oy vaqt bor, bu vaqt oralig'ida ham tayyorgarlikni davom ettiramiz.
- Bu savolni berganim o'zbek futboli obro'si shunga ham bog'liq.
- Albatta, buni barchamiz his qilib turibmiz. Nasib qilsa, eng yaxshi natijani ko'rsatishga harakat qilamiz.
- Yosh himoyachi Nurmuhammad Abdug'aniev haqida fikringiz?
- Nurmuhammad kelajagi porloq futbolchilardan. Agar mehnatdan to'xtab qolmasa, Husanov darajasidagi himoyachi yetishib chiqishi mumkin. Odatda yuqori jamoalarda yoshlarga kam imkoniyat beriladi, biz bugun imkon berdik va u o'zini yaxshi namoyon etdi.
- "Xorazm"dan qanday qarshilik kutgandingiz?
- Raqibni o'rganish jarayonida o'yin uslubini tahlil qilib chiqqandik va raqibimiz biz kutgandek harakat qildi. Biz o'yin nazoratini qo'lga olgach, raqib noiloj uzun paslar bilan o'ynay boshladi va biz ularni o'z uslubidan chiqara oldik. Lekin "Xorazm" qisqa paslar bilan o'ynashni xush ko'radi.



