Islombek Ismoilov: "Futbolda yutqazmaydigan jamoaning o'zi yo'q"

9 apr 2026, 23:59
Superliga 6-turidan o'rin olgan "Neftchi" – "Paxtakor" (0:1) uchrashuvidan keyin "Neftchi" bosh murabbiyi Islombek Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Birinchi navbatda mag'lubiyat uchun jamoamiz muxlislaridan uzr so'rayman. Bugun mag'lubiyatga loyiq emasdik. "Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman. Bugun futbolchilarimiz qo'ldan kelgan barcha ishni amalga oshirishdi. Bu - futbol, bitta vaziyat o'yin taqdirini hal qildi. Uchrashuvni takror ko'rib chiqib xatolarni tahlil qilamiz. Futbolda yutqazmaydigan jamoaning o'zi yo'q. Baribir bir kun kelib hamma mag'lub bo'ladi. Endi bor e'tiborimizni keyingi bahsga qaratamiz.

- Rustam Ashurmatov bilan Igor Sergeev agar FIFA ruxsat "Neftchi"ga kelishi mumkin ekan. Bu gap qanchalik haqiqatga yaqin?
- Bu bo'yicha menda aniq ma'lumot yo'q, buni klub rahbariyati hal qiladi. Shu bois hech narsa deya olmayman.

CHA_7906.JPG

- Jamoangizda ikkinchi-uchinchi rejalar ko'zga tashlanmadi.
- Bu gapga qo'shilmagan bo'lardim. Ikkinchi rejamiz ikki nafar hujumchi bilan uzun paslar orqali o'ynash edi. Buni amalga oshirdik, lekin vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Kerak paytda faqat bir nafar tayanch yarim himoyachisi bilan o'ynadik. Ko'p e'tiborni hujumga qaratdik.

- Jamshid Iskanderovni almashtirish nima bilan bog'liq bo'ldi? Chunki "Paxtakor" chuqur himoyaga o'tgandi va bu paytda sizga ijodkor futbolchi kerak bo'lardi. Lekin siz Iskanderovni almashtirdingiz.
- Iskanderovning zaxiraga olinishi jismoniy holati bilan bog'liq emas, chunki futbolchimiz optimal formada. Shunchaki "Paxtakor" qarshi hujumda o'ynashga o'tganidan so'ng biz ikkinchi hujumchini maydonga tushirib uzun paslar orqali hujum tashkil qilishga qaror qildik va ikkinchi hujumchini tushirish uchun Iskanderovni almashtirdik. Chunki maydon markazida Yovovich endigina maydonga tushgandi, agar Jokichni almashtirganimizda tayanch yarim himoyasida futbolchisiz qolardik. Shu bois yagona yo'l sifatida Iskanderovni zaxira oldik.

- Ikrom Aliboev bugun ko'rinmadi.
- Aliboev o'yinoldi mashg'ulotlarda jarohat oldi, shu bois qaydnomaga kiritmadik.

- Boshqa jarohat olganlar yo'qmi?
- Yo'q qolgan barcha soppa-sog'.


Manba: championat.asia