Islom Ismoilov: "Klubdagi har bir futbolchi terma jamoaga munosib. Hammasini chaqirishsin"

Оқил Абдубарноев
3 may 2026, 21:42
Superliganing 11-turidan o'rin olgan OKMK – "Neftchi" o'yinidan so'ng (0:0) mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz...

– Birinchi navbatda, uzoq yo'l bosib, noqulay ob-havo sharoitida bizni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. O'yin og'ir o'tishi oldindan ma'lum edi. So'nggi uchrashuvlarda "OKMK" jamoasining natijalari o'sib borayotgandi. Shu sababli, o'yinni to'liq nazorat qila oldik, deb o'ylayman. Vaziyatlardan unumli foydalanganimizda, g'alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Biroq, bu – futbol, unda kutilmagan holatlar ham uchrab turadi.

– Bugungi uchrashuvning dastlabki 35-40 daqiqasida "OKMK" yuqori pressing qo'llab, to'pni nazorat qildi va "Neftchi"ni biroz qiyin ahvolga solib qo'ydi. Birinchi bo'lim so'nggida va ikkinchi taymda qanday taktik o'zgarishlar amalga oshirildiki, raqibning ushbu ustunligi yo'qqa chiqarildi?

– O'yinoldi tahlillarimizda "OKMK" yuqori pressing qo'llaganda himoyada bo'sh hududlar ochilib qolishini aniqlagan edik. Bugun raqib Jamshid Iskanderovga shaxsiy biriktirilgan o'yinchi ajratib, asosiy pleymeykerimizni qisman zararsizlantirishga urindi. Ikkinchi bo'limda Iskanderovga orqaroqqa qaytib o'ynash vazifasi topshirildi. Natijada uni taqib qilgan raqib futbolchisi o'z hududini bo'shatdi. Biz aynan mana shu bo'sh qolgan hududlardan foydalanishga urg'u qaratdik.

– Bugungi kunda ko'plab klublarda hujumchilar bilan bog'liq muammolar mavjud. "Neftchi"da esa ikki nafar kuchli hujumchi bor va jamoa sermahsul o'yin namoyish etmoqda. Biroq bugun gol ura olmadinglar. Bunga vaziyatlardan foydalana olmaslik sabab bo'ldimi?

– Gol ura olmaganimizning asosiy sababi – yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmaganimiz. Murabbiy sifatidagi vazifam – jamoani hujumkor o'yin namoyish etish darajasiga olib chiqish. Futbolchilar mashg'ulotlarda tinimsiz mehnat qilmoqda, ammo realizaciya masalasida bazan oqsoqliklar kuzatilmoqda. Shunday bo'lsa-da, jamoamiz joriy mavsumda 25 ta gol urishga erishdi va hozirda turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

– Aprel oyi boshidan buyon tig'iz taqvim asosida 7-8 ta o'yin o'tkazildi. Ushbu davr boshlanishidan oldin jamoa qanday maqsadlarni ko'zlagan edi? Bu bosqichni qanday o'tdik, deb hisoblaysiz?

– Bu davr biz uchun muvaffaqiyatli o'tdi, deyish mumkin. O'yinlar orasidagi tanaffus qisqa bo'lgani jamoa tonusini saqlab turishga yordam berdi. Rejamiz 11 ta uchrashuvda maksimal 33 ochko jamg'arish edi. To'g'ri, bitta mag'lubiyat va bitta durang qayd etdik. Biroq, umumiy olganda, natijalar qoniqarli. Mart va aprel oylarida jamoa jami 12 ta rasmiy o'yinda maydonga tushib, ularning 10 tasida g'alaba qozondi. Bu – juda yaxshi start. O'tgan yilga nisbatan jamoamiz dadilroq o'ynamoqda va turnir jadvalidagi holatimiz ham buni tasdiqlaydi.

– Tez orada O'zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati saralashi doirasidagi yig'inlarni boshlaydi. "Neftchi" tarkibida ham nomzodlar etarlicha. Bosh murabbiyga jamoangizdan qaysi futbolchilarni tavsiya qilgan bo'lardingiz?

– Murabbiy sifatida futbolchilarimni ajratib ko'rsatmayman. Jamoamdagi O'zbekiston fuqarosi bo'lgan har bir o'yinchi terma jamoada to'p surishini istayman. Ularning barchasi bunga munosib, deb hisoblayman. Hammasini chaqirishsin (kuladi).


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia