Islom Ismoilov: "Futbolchilarga kecha Superliga jamoalari ko'rsatgan natijalarni bir necha bor ta'kidladik"

Aslanov Jasurbek
11 may 2026, 23:05
O'zbekiston Kubogi 1-turdan o'rin olgan "Neftchi" - "Guliston" uchrashuvi 6:1 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo g'alaba bilan jamoamiz muxlislarini tabriklyman. Har bir o'yin o'z nomi bilan rasmiy o'yin. Rasmiy maqomdagi uchrashuvlar baribir oson o'tmaydi. Bugun yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lsak-da, raqibimiz bizga qarshi yaxshi harakat qildi. "Guliston" safida Superligada o'ynagan tajribali futbolchilar bor. Maydonda to'liq ustunlik qildik deb o'ylayman. Uchrashuv har tomonlama biz xohlagandek bo'ldi.

- Bugun debyutini o'tkazgan yoshlar haqida fikringiz?
- Sekin-asta bir qator yoshlarimiz debyut qilib boryapti. Bu biz uchun ham yaxshi holat. "Neftchi"dek jamoada debyut qilish hammaga ham nasib qilavermaydi. Buning o'ziga yarasha yuki bor, yoshlar mehnatdan to'xtab qolmasa bo'lgani, ularni yorqin kelajak kutmoqda.

- Kuchsiz jamoaga qarshi tajribali futbolchilarni qanday ruhlantira oldingiz?
- Yaxshi savol. Kecha Superliganing bir nechta klubi 1-tur bahslarida mag'lub bo'ldi. Bugun esa biz futbolchilarga erkinlikka berilmanglar deb qayta-qayta ta'kidladik. Futbolda raqibni mensimaslik qanday holatlarga olib kelishini bilamiz. Shu bois xotirjam bo'lish kerak emasdi.

- O'tkazib yuborilgan gol borasida fikringiz?

- Bugun chap qanot himoyasida harakat qilgan o'yinchimiz aslida himoyachi emas, o'sha vaziyatda oxirigacha o'ynashga harakat qildi, to'pni darvozabon bilan o'ynamoqchi bo'ldi, lekin o'xshamadi.

- Marushich zaxiraga olinganidan qoniqmagandek ko'rindi.
- Hamma ko'proq o'ynashni xohlaydi. Bu normal holat, lekin biz murabbiylar natijaga javob beramiz.

- Ikki frontda kurashish oson emasligini bilamiz. Shundan kelib chiqib "Neftchi" asosiy e'tiborni Superligaga qaratadimi yoki O'zbekiston Kubogigami?
- E'tiborni jamoamiz ishtirok etadigan barcha turnirlarga qaratamiz. Hamma o'yinlarda g'olib chiqishni xohlaymiz. Biz uchun asosiy va ikkinchi musobaqa degan tushuncha yo'q.

- Kubok o'yinlari tugaganidan keyin tanaffus yuzaga keladi. Undan keyingi rejalar qanday?
- Reja ishlab chiqqanmiz va klubimiz rahbariyati ruxsati bilan ommaga ma'lum qilamiz.

- 16 may kuni "Neftchi" O'zbekiston terma jamoasiga qarshi nazorat bahsini o'tkazadi. Shu o'yindan nima kutyapsiz?
- Murabbiy sifatida men har bir o'yinni, hatto o'rtoqlik uchrashuvi bo'lsa ham yutishni xohlayman. Terma jamoamizga qarshi juda qiziq uchrashuv bo'ladi deb o'ylayman. Terma jamoa bilan o'ynash maroqli bo'ladi, lekin o'z nomi bilan o'rtoqlik uchrashuvi bo'ladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia