

– Bugungi o'yin va jamoaning qayd etgan natijasi haqida qanday fikr bildirasiz?
– Avvalo, so'nggi paytlardagi qoniqarsiz natijalarimiz uchun muxlislardan uzr so'raymiz. Ularning oldida bu holatdan juda ham xijolatdamiz. O'yinni yaxshi boshladik va hujumkor harakatlarni amalga oshirdik. Bugungi kunda qo'l ostimizdagi bor futbolchilar shulardan iborat va ular maydonda o'zlarining bor imkoniyatlaridan kelib chiqib harakat qilishmoqda. Faqat bu o'rinda futbolchilarning darajasi o'z so'zini aytmoqda. Qayerdadir omad yetishmayapti, vaziyatlarni golga aylantira olmayapmiz. Agar hujum qilmasdan, o'yin jihatdan to'liq yutqazganimizda, boshqa gap edi. Bugungi o'yinda ham diqqatni yo'qotishimiz oqibatida ikkita standart vaziyatdan gol o'tkazib yubordik. "Lokomotiv" esa individual mahoratga ega o'yinchilari hisobiga ko'proq xavf tug'dirdi. Umuman olganda, jamoaviy harakatlarimiz yomon chiqmadi, faqat yakunlovchi nuqtani qo'yadigan o'yinchi topilmadi.
– Bugungi o'yinda murabbiy sifatida o'z xatolaringizni nimada ko'rasiz, xususan, tarkib va taktika tanlash jarayonida?
– Albatta, natija uchun murabbiy javobgar. Qayerdadir etarlicha tayyorgarlik ko'ra olmagandirmiz, buni o'yinni tahlil qilib ko'rib chiqamiz. Jamoamizda yo'qotishlar ko'p, xususan, ikki nafar asosiy markaziy himoyachimiz jarohat olgan. Shu sababli, ilojsizlikdan bu poziciyada o'ynash tajribasi kam bo'lgan Sandroni tushirishga majbur bo'ldik. Natijada, o'yinchini joylashtirishda va standart vaziyatlarda raqibni ushlashda xatoliklarga yo'l qo'yildi.
– Sandroning o'rniga markaziy himoyaga Usmonali Ismonalievni o'tkazib, Sandroni o'ziga qulayroq boshqa poziciyaga olib chiqish mumkin emasmidi? Chunki Ismonaliev faoliyatini himoyada boshlaganini bilamiz.
– Biz bu variantni mashg'ulotlar davomida sinab ko'rdik. Biroq Ismonaliev bu poziciyada o'zini noqulay his qilganini aytdi. Sandro esa avvalgi yillarda o'z jamoasida ushbu nuqtada o'ynagan edi va biz bunga tayyorgarlik ko'rgandik. Bitta poziciyani o'zgartiraman deb, ikkinchi poziciyani ham yo'qotib qo'ymaslik maqsadida Usmonovni qanotda qoldirdik.
– Birinchi bo'limdagi qoida buzilishi vaziyatida hakam penalti belgilamadi. Murabbiy sifatida bu holatga qanday izoh berasiz?
– Hakamlarning xatti-harakatlariga izoh bera olmayman. Ularning ishini baholaydigan maxsus inspektorlari bor. Qolaversa, biz bu holatni baribir o'zgartira olmaymiz.
– Siz jamoaga bosh murabbiy bo'lib kelganingizdan so'ng ketma-ket g'alabalar qayd etilib, ijobiy o'zgarishlar bo'lgan edi. Biroq FIFA kunlaridan keyingi tanaffusdan so'ng jamoada pasayish kuzatildi. Bu raqobatbardosh o'yinchilarning yetishmasligi bilan bog'liqmi?
– Birinchi davradan so'ng tarkibda raqobatni kuchaytiradigan futbolchilarni jalb qila olmadik. Maydondagi o'yinchilar yaxshi harakat qilmoqda, biroq birinchi davradagidek zaxiradan maydonga tushib, o'yinni yanada kuchaytira oladigan futbolchilar biroz yetishmayapti. Bu ham natijalarimizga o'z ta’sirini ko'rsatmoqda.
– Shohmalik Komilov jamoa o'yiniga to'liq kirishib keta olmayapti. Bunga sabab nima deb o'ylaysiz?
– Shohmalik maydonda juda ko'p harakat qiladi, ammo uning jamoaga keltirayotgan foydali ish koefficienti biroz pastroq bo'lmoqda. Bazan vaqtida to'p oshirish yoki tezkor qaror qabul qilishda kechikyapti. To'pni o'zida ko'proq ushlab qolish holatlari kuzatilmoqda.
– Jamoa hozirda turnir jadvalida pastlab, xavfli pley-off zonasiga tushib qolish arafasida turibdi. Ushbu murakkab vaziyatdan qanday chiqib ketishni rejalashtirmoqdasizlar?
– Yo'l qo'yilgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilamiz va yigitlar bilan bu borada jiddiy gaplashib olamiz. Barchamiz birgalikda harakat qilib, xatolar ustida ishlab, mazkur vaziyatdan chiqib ketishga urinamiz.
– Oldinda kubok o'yinlari kutib turibdi. "Lokomotiv" bosh murabbiyi maydon sifati yaxshi emasligini ta'kidladi. O'yinlarni qayerda o'tkazish va maydon holati borasidagi fikrlaringiz qanday?
– Biz uchun o'yinning qayerda o'tishi farq qilmaydi. Professional futbol ligasi qaysi stadionni belgilab bersa, o'sha yerda maydonga tushaveramiz. Eng asosiy talabimiz – maydonning tekis va sifatli bo'lishi. Chunki biz to'pni yerda nazorat qilib o'ynash uslubini qo'llaymiz va buning uchun sifatli maydon juda zarur hisoblanadi. Tekis maydon bo'lsa, bu maqsadga muvofiq bo'lardi.



