Islom Ahmedov: "Biz o'z falsafamizdan kechmadik, lekin "Paxtakor" – kuchli raqib"

1 avg 2026, 23:09
Superliganing 15-turi doirasida "Andijon" - "Paxtakor" uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov o'z fikrlarini bildirdi.

– O'yin haqida…

– Bugungi o'yinning qiyin kechishini bilardik. Lekin baribir, "Paxtakor" – o'ziga xos grand jamoa, buni hammamiz bilamiz. Uning safi juda ham kuchli futbolchilardan tashkil topgan, shuningdek, jamoa kuchli murabbiyga ega. Shuning uchun o'yin qiyin kechishini bilib, shunga qarab tayyorgarlik ko'rdik. Biz o'z falsafamizdan kechmagan holda, yani iloji boricha to'pni nazorat qilishga va hujumkor o'yin namoyish etishga harakat qildik. Biroq "Paxtakor" bunga kuchli qarshilik ko'rsatdi va, ochig'i, biz o'zimiz xohlagandek o'yin ko'rsata olmadik. Raqib haqiqatan ham juda kuchli edi. Maqsadimiz – o'z maydonimizda g'alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilish edi, ammo o'yin durang natija bilan yakunlandi.

– Bitta o'yinda ikkita qizil kartochka olinishi hammamiz uchun o'ylab ko'riladigan, tarbiyaviy masala hisoblanadi. Ushbu qizil kartochkalar ko'rsatilgan holatlar bo'yicha qanday izoh berasiz?

– Birinchi vaziyatga keladigan bo'lsak, himoyachimiz to'pni uzatma orqali olib chiqib ketmoqchi edi. Biz futbolchilarimizga doim shoshilmasdan, qisqa uzatmalar orqali harakat qilishni uqtiramiz. Aynan shu vaziyatda qayerdadir xatoga yo'l qo'yildi. Bu holat futbolda "so'nggi umid qoidabuzarligi" deyiladi. U yerda hech qanday tajovuzkorlik yo'q edi. Shunchaki, futbolchi emociyaga berilib, o'zini to'xtata olmagan yoki vaziyatni boshqara olmagan bo'lishi mumkin. Oxirgi himoyachi darvozaga gol kirib ketishining oldini olish maqsadida harakat qildi va o'z-o'zidan paydo bo'ladigan refleks sababli shunday holat yuzaga keldi.

Ikkinchi vaziyatni esa oqlamagan bo'lardim. Bu vaziyatni qayta ko'rib chiqib, albatta, tegishli choralarni ko'ramiz.

– Bugun muxlislar ham, jurnalistlar ham maydonga tushgan Hamidullo Karimovdan gol kutishgan edi. Uning belgilangan vaqtdan kechroq tushirilganiga qanday fikr bildirasiz?

– Yo'q, avvalgi o'yinlarda biz uni o'yinning ancha oxirrog'ida tushirardik. Bugun esa o'yinni yanada kuchaytiradi, degan maqsadda odatdagidan ertaroq maydonga tushirdik. Unga ko'proq o'yin amaliyoti bermoqchi edik. Lekin o'yinda majburiy o'zgarishlar yuzaga kelib qoldi. Bazi futbolchilarimiz jarohat olgani sababli o'yinni oxirigacha davom ettira olishmadi. Shu bilan birga, xohlaymizmi-yo'qmi, Hamidulloga qarshi raqib jamoaning kuchli himoyachisi harakat qildi. Bunday vaziyatda o'z imkoniyatini to'liq namoyon etish qiyin bo'ladi, chunki ko'p narsa raqibning harakatlariga ham bog'liq.

– Maydon markazini kuchaytirish maqsadida Shohmalik Komilovni maydonga tushirish to'g'riroq bo'lmasmidi?

– Shohmalikni tushirish mumkin edi, lekin u jamoamiz safiga endigina qo'shildi. Unga o'zimizning o'yin falsafamizni sekin-asta tushuntirib, o'rgatib boryapmiz. Vaqti kelib, uni ham maydonga tushiramiz.

– Qanot himoyachisi Mahmud Mahammadjonov o'yin davomida o'zini yaxshi tomondan ko'rsatayotgan edi, biroq zaxiraga olindi. Bunga nima sabab bo'ldi?

– Bu majburiy o'zgarish bo'ldi. U jarohat olgani tufayli o'zini zaxiraga olishimizni so'radi. Futbolchining o'zi so'ragani va jarohati borligi sababli uni almashtirishga majbur bo'ldik.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia