Inqirozdagi klublarni qutqarib qolgan muxlislar

Оқил Абдубарноев
1 avg 2026, 18:08
Zamonaviy futbol industriyasida professional klublarning moliyaviy barqarorligi va tijoriy mustaqilligi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Dunyo tajribasi shuni ko'rsatadiki, iqtisodiy inqiroz yoki boshqaruvdagi murakkablik davrida klublarni saqlab qolish va qayta tiklashda asosiy tayanch kuch bu – sodiq muxlislar auditoriyasi hamda stadionga tashrif buyuruvchilar tomonidan shakllantiriladigan daromad, xususan, chiptalar savdosidir.

Bugungi kunda milliy futbolimiz vakillari, xususan, poytaxtning "Bunyodkor" klubi ham o'ziga xos moliyaviy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Ushbu murakkab sharoitda xorijiy jamoalarning muxlislar bilan ishlash tizimi va chiptalar savdosi orqali inqirozdan chiqish borasidagi ijobiy tajribalarini o'rganish hamda mahalliy amaliyotga tatbiq etish strategik ahamiyat kasb etadi.

Maqolada moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgan klublarni bevosita chiptalar sotib olish, mavsumiy abonementlar xaridi, muxlislar kraudfandingi va akciyalar xaridi orqali qutqarib qolgan jamoalarning iqtisodiy va ijtimoiy modellarini chuqur tahlil qilamiz. Unda qanday qilib muxlislar tomonidan shakllantirilgan mablag'lar millionlab evrolik qarzlarni qoplagani va tarixiy jamoalarni tugatilishdan saqlab qolgani aniq misollar yordamida ochib beriladi.

"Xart of Midlotian" ("Xarts"): Mavsumiy chiptalar orqali qarzlarni qoplash

Shotlandiyaning eng yirik klublaridan biri "Xarts" 2013 yilda sobiq xo'jayini Vladimir Romanov davridagi boshqaruv xatolari sababli dahshatli moliyaviy inqirozga yuz tutdi. Klub 200 dan ortiq kreditorlar oldida jami 29 million funt sterling qarzdorlik bilan tashqi boshqaruvga o'tkazildi. Tashqi boshqaruvchi mamurlar klubning aktivlarini, jumladan tarixiy Taynkasl stadionini sotib yuborish va klubni butunlay tugatish xavfi borligini e'lon qilishdi.

Bunday kritik vaziyatda muxlislar zudlik bilan harakatga tushishdi va "Foundation of Hearts" (Xarts Fondi) tashkilotini tuzishdi. Klubni dastlabki oylarda tirik saqlab qolish va xarajatlarni qoplash uchun eng katta moliyaviy manba – bu mavsumiy chiptalar savdosi edi. Mamurlarning hisobotlariga ko'ra, eng og'ir davrda tushgan daromadning mutlaq ko'p qismi, yani 900 000 funt sterling aynan muxlislar tomonidan sotib olingan mavsumiy chiptalar orqali shakllangan. Muxlislar klub taqdiri noma'lum bo'lsa-da, chiptalarni ommaviy ravishda xarid qilib, naxd pul oqimini taminladilar.

Bundan tashqari, muxlislar har oylik to'g'ridan-to'g'ri debet to'lovlari orqali fondga muntazam pul o'tkazib turishdi. Yig'ilgan mablag'lar va badavlat muxlislarning foizsiz qarzlari evaziga fond mamuriyatdan chiqish uchun kreditorlar bilan murosa kelishuvini amalga oshirdi. Xususan, fond klubning mamuriyat davridagi kundalik xarajatlari uchun 1 million funt sterling, keyinroq esa 75 foiz akciyalarni sotib olish va kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun yana 2,6 million funt sterling (shu jumladan akciyalar uchun 100 000 funt) to'ladi. Bu jarayon chiptalar va abonement xaridlari klubni bankrotlikdan qutqaruvchi qanchalik qudratli vosita ekanligini tasdiqlaydi.

"Dinamo Drezden" va 72 mingdan ortiq "Arvoh chiptalar"

Germaniyaning quyi ligalarida harakat qiluvchi "Dinamo Drezden" klubining muxlislari 2020 yilgi COVID-19 pandemiyasi davrida futbol tarixidagi eng noyob va innovacion chipta sotib olish kampaniyalaridan birini amalga oshirdilar. Pandemiya tufayli stadionlarga muxlislar kirishi taqiqlangan, o'yinlar yopiq eshiklar ortida o'tayotgan edi. Bu esa televizion daromadlari kam bo'lgan, asosiy daromadi chiptalar savdosi va o'yin kunidagi tushumlarga bog'liq bo'lgan uchinchi divizion klublari uchun haqiqiy moliyaviy fojia keltirib chiqardi.

2020 yilning dekabr oyida, klub Germaniya Kubogi doirasida "Darmshtadt"ga qarshi o'yinni bo'sh stadionda o'tkazishi kerak bo'lgan bir paytda, muxlislar moliyaviy muammolar girdobida qolgan jamoani qo'llab-quvvatlash maqsadida "arvoh chiptalar" sotib olish tashabbusini ilgari surishdi. Chiptalar narxi atigi 5 evro etib belgilandi va muxlislar xayriyasi evaziga ularga esdalik, virtual chiptalari taqdim etildi.

Natija shunchalik katta bo'ldiki, o'yinga kirish umuman mumkin bo'lmasa-da, muxlislar jami 72 112 ta chipta sotib olishdi. Bu raqam klubning tarixiy uy stadioni sig'imidan ikki barobar ko'p edi va bu ko'rsatkich klub tarixidagi eng yirik tashriflar uchligiga kirardi. Ushbu misli ko'rilmagan akciya orqali klub taxminan 360 560 evro miqdorida sof daromad qildi va bu mablag' jamoaning pandemiya davridagi moliyaviy bo'shlig'ini to'ldirishga va bankrotlik xavfini ortda qoldirishga yordam berdi. Kraudfanding nazariyasi nuqtayi nazaridan, bu xodisa favqulodda birdamlik va klubga hissiy egalik tuyg'usining eng yuqori cho'qqisidir.

"Reynjers": Kasoddan so'ng muxlislar sadoqati va rekord tashrif

Shotlandiyaning eng nomdor va tarixiy klublaridan biri bo'lgan "Reynjers" 2012 yilda jiddiy moliyaviy inqirozga yuz tutdi. Klubning soliq boshqarmasi oldidagi 21 million funt sterlingdan ortiq qarzdorligi tufayli klub tashqi boshqaruvga o'tkazildi. Murosa kelishuvi kreditorlar tomonidan rad etilgach, 140 yillik tarixga ega klub 2012 yilda tugatildi va uning aktivlari yangi kompaniyaga o'tkazildi. Natijada, shotland futboli giganti Shotlandiya liga tizimining eng quyi pog'onasiga – to'rtinchi divizionga badarg'a qilindi.

To'rtinchi divizionda televizion huquqlar va tijorat shartnomalaridan tushadigan daromadlar deyarli yo'q edi. Klubni saqlab qolishning yagona yo'li – chiptalar sotuvi bo'lib qoldi. Direktorlar kengashi 2012/13 yilgi mavsum uchun chiptalar va abonementlar narxini 33 foizga arzonlashtirishga qaror qildi, toki imkon qadar ko'proq muxlislar jamoani qo'llab-quvvatlashi mumkin bo'lsin.

Muxlislarning bunga javobi fenomenal bo'ldi. To'rtinchi diviziondagi oddiy o'yinlarda ham o'rtacha tashrif 45 744 kishini tashkil etdi va bu ko'rsatkich Buyuk Britaniyada beshinchi, butun Yevropada esa 15-o'rinni qayd etdi. Mavsumning so'nggi o'yinida "Bervik Reynjers"ga qarshi bahsda stadionga 50 048 muxlis tashrif buyurib, dunyo bo'ylab to'rtinchi darajali ligalar uchun mutlaq jahon rekordini o'rnatdi. Chiptalarning bunday ommaviy va uzluksiz sotuvi yangi tashkil etilgan klubning dastlabki eng og'ir yillarida yagona va eng yirik moliyaviy fundament bo'lib xizmat qildi va klubning qayta tiklanishiga zamin yaratdi.

"Sankt-Pauli": Xaloskor o'yin chiptalari va futbolkalar

Germaniyaning o'ziga xos siyosiy va ijtimoiy madaniyatga ega bo'lgan "Sankt-Pauli" klubi 2001-2002 yillarda Bundesligada "Bavariya"ni mag'lub etgan bo'lsa-da, tezda quyi ligalarga tushib ketdi va 2003 yilda katta moliyaviy inqiroz yoqasida qoldi. Klubni saqlab qolish va qarzlarni qoplash maqsadida muxlislar qutqaruv harakati nomli yirik kampaniya tashkil etishdi.

Kampaniya doirasida klub ramzlari tushirilgan, yuzida "Retter" (Qutqaruvchi) deb yozilgan futbolkalar sotuvga chiqarildi va bor-yo'g'i 6 hafta ichida 140 000 ta futbolka sotildi. Shuningdek, daromad olish maqsadida Germaniyaning eng qudratli jamoasi "Bavariya"ga qarshi maxsus o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Ushbu xayriya o'yini uchun chiqarilgan barcha chiptalar muxlislar tomonidan sotib olindi va tushgan mablag'lar to'liqligicha klubning moliyaviy majburiyatlarini bajarishga yo'naltirildi. Bu harakatlar orqali muxlislar klubni uchinchi ligada saqlab qolishdi.

"Real Ovedo": Butun dunyoni birlashtirgan 10 evrolik akciyalar

Ispaniyaning shonli tarixga ega, La Ligada 38 mavsum o'ynagan "Real Ovedo" klubi 2001 yilda yuqori diviziondan tushib ketganidan so'ng dahshatli moliyaviy inqirozga yuz tutdi. 2003 yilda o'yinchilarning maoshlari to'lanmagani sababli ular klub ustidan kasaba uyushmasiga arz qilishdi va klub uchinchi diviziondan to'g'ridan-to'g'ri to'rtinchi divizionga tushirib yuborildi. O'sha paytda klubda na o'yinchilar bor edi va na pul; uning ustiga 40 million evrolik kreditorlar bilan kelishuv mavjud bo'lib, bu qaddini bukkan qarz yuki edi (bu qarz shartnomasi faqatgina 2024 yilga kelibgina to'liq yakunlandi).

2012 yilning noyabr oyiga kelib vaziyat o'ta qaltis tus oldi. Klub zudlik bilan bankrotlik va yopilishdan qutulish uchun 17 noyabrgacha 1,9 million evro, mavsumni yakunlash uchun 2,5 million evro va o'rta muddatli kelajak uchun 4 million evro topishi shart edi. Shu vaqtda klub boshqaruvi va muxlislar har bir akciya narxini 10,75 evro etib belgilab, global kraudfanding kampaniyasini boshlashdi. Guardian nashri jurnalisti Sid Lou va Ispaniya radiosi orqali keng ko'lamli tashviqot ishlari olib borildi.

Ushbu akciyaga jahon bo'ylab misli ko'rilmagan e'tibor qaratildi. Bor-yo'g'i ikki hafta ichida dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan 20 mingdan ziyod oddiy muxlislar va insonlar jami 1,93 million evrolik akciyalarni sotib olishdi. Bu global e'tibor va kraudfandingning o'ziga xos fenomeni edi. Masalan, AQSHning MLS ligasidagi "Portlend Timbers" klubining yuzlab muxlislari Ovedo akciyalarini xarid qilib, Amerika va Ispaniya klublari o'rtasida o'ziga xos birodarlik aloqalarini o'rnatdilar. Shuningdek, Ispaniya terma jamoasi va sobiq Ovedo tarbiyalanuvchilari bo'lgan Santi Kasorla, Xuan Mata, Michu va Adrian kabi yulduzlar ham o'z mablag'lari bilan yordam berib, akciyalar sotib olishdi.

Ushbu muxlislar to'lqini Meksikalik milliarder, o'sha paytda dunyoning eng boy odamlaridan biri bo'lgan Karlos Slimning e'tiborini tortdi. Radioboshlovchilarning uning vakili Arturo Elias Ayubga qilgan hazilomuz qo'ng'irog'idan so'ng, vakil vaziyatni o'rganib chiqdi. Muxlislarning beqiyos sadoqati, ularning o'z klublarini qutqarish yo'lidagi chipta va akciya xaridlari Ayub va Slimni hayratda qoldirdi. Akciyalar sotuvining so'nggi kunida Slim klubga 2 million evro sarmoya kiritdi. Natijada Slimning "Grupo Carso" kompaniyasi klubning 32,44 foiz akciyasiga egalik qilgan bo'lsa-da, muxlislar guruhlari 40,81 foiz ulush bilan hamon eng yirik akciyador bo'lib qoldilar va yomon niyatli eski rahbariyatning ta’sirini keskin kamaytirdi.

"Portsmut": Angliyadagi eng yirik muxlislar klubi va uning savdosi

Angliyaning 2008 yilgi Angliya Kubogi g'olibi "Portsmut" o'z tarixi davomida xususiy mulkdorlarning noto'g'ri boshqaruvi va nazoratsiz sarf-xarajatlari qurboniga aylandi. Klub ketma-ket 2010 va 2012 yillarda dahshatli moliyaviy inqirozga uchrab, tashqi boshqaruvga o'tkazildi va Premer-ligadan quyi ligalarga tushib ketdi. Sobiq xo'jayin, gonkonglik kreditor Balram Chaynray klubdan o'zining 17 million funt sterlinglik qarzini talab qilgan va Fratton Park stadionini garov sifatida ushlab turgan bir vaziyatda, klub yo'q bo'lib ketish xavfi ostida qoldi.

2013 yilda muxlislar tomonidan tuzilgan "Pompey Supporters Trust" tashkiloti klubni saqlab qolish va xarid qilish tashabbusini o'z qo'liga oldi. Dastlab 2000 dan ortiq muxlislar 100 funtdan zaklat to'lab, keyinchalik buni har biri 1000 funtlik akciyalarga aylantirishdi. Ushbu kraudfanding jarayoni orqali oddiy muxlislar jami 2 million funt sterlingdan ortiq mablag' yig'ishdi. Shuningdek, 50 000 funtdan ortiq sarmoya kiritgan badavlat muxlislar (ular "Prezidentlar" deb nomlangan) ham klubni qutqarishda muhim rol o'ynashdi.

Mamurlar muxlislarning ushbu to'lovini qabul qilib, stadionni Chaynrayning 17 millionlik qarzi davolaridan ozod qildi va PST tashkilotini afzal ko'rilgan xaridor sifatida tanladi. Natijada PST tashkiloti klubning 48,5 foiz akciyalariga egalik qiluvchi eng yirik va hal qiluvchi boshqaruvchiga aylandi va Buyuk Britaniyadagi eng yirik muxlislar tomonidan boshqariladigan klubga aylandi.

Muxlislar boshqaruvining 4 yili davomida klub qarzlardan qutuldi, chiptalar sotuvi barqarorlashdi va 2016-17 yilgi mavsumda Liga-2 chempioni bo'ldi. Bu moliyaviy sog'ayish yirik xorijiy investorlarning e'tiborini tortdi. 2017 yilda "Walt Disney" kompaniyasining sobiq rahbari Maykl Aysner o'zining "Tornante" investiciya guruhi orqali klubni 5,67 million funt sterlingga sotib olish taklifini kiritdi (bundan tashqari stadion va infratuzilmaga qo'shimcha 10 million funt sarmoya kiritish vadasi bilan).

Ushbu savdo jarayoni muxlislar demokratiyasining va akciyadorlikning yaqqol ifodasi bo'ldi: 2 272 nafar PST akciyadorlari o'rtasida ovoz berish jarayoni o'tkazildi. Ularning 93,6 foizi ovoz berishda ishtirok etdi va shulardan 1 825 nafari (hamda Prezidentlarning 75 foizi) klubni sotishga rozilik bildirdi. Umumiy hisobda klub kapitalining 81,4 foizi sotuvni maqulladi (talab etilgan chegara 75% edi). Bu misol shuni ko'rsatadiki, chiptalar va akciyalar sotib olib klubni qulashdan saqlab qolgan muxlislar nafaqat inqirozni bartaraf etishdi, balki moliyaviy barqarorlikka erishgach, klub kelajagi uchun mas'uliyatni yirik korporativ investorga demokratik saylov asosida sotish orqali foydaga ega bo'lishdi.

"Union Berlin": Qon va ter orqali bunyod etilgan klub

Germaniyaning Sharqiy Berlinida joylashgan, 1906 yilda metallurg ishchilar tomonidan asos solingan "Union Berlin" tarixi muxlislar fidoyiligining eng noyob namunasidir. 2004 yilda jamoa ikkinchi diviziondan uchinchi divizionga tushib ketdi va bankrotlik xavfi ostida qoldi. Germaniya Futbol Assotsiatsiyasi klubdan uchinchi divizionda o'ynash licenziyasi uchun 9 iyungacha 1,46 million evro kafolat puli talab qildi, aks holda jamoa havaskorlar ligasiga quvilar edi.

Aynan shu paytda muxlislar "Bluten für Union" (Union uchun qon) nomli misli ko'rilmagan akciyani boshlashdi. Germaniyadagi tibbiyot qonunchiligiga ko'ra qon topshirgan donorlarga ma'lum miqdorda pul to'lanadi. Muxlislar ommaviy ravishda kasalxonalarga borib qon topshirishdi va olingan pulni to'liqligicha klub hisobiga o'tkazishdi. Bu akciya keng jamoatchilikni hayratda qoldirdi va hatto Berlin meri Klaus Voverayt ham bu harakatni qo'llab-quvvatlab, donorlik futbolkasini sotib oldi. Qon pulidan tashqari, o'yinlarga kirish uchun xarid qilingan chiptalar orqali yig'ilgan mablag' jamoani uchinchi divizionda saqlab qolish uchun etarli bo'ldi.

Muxlislarning yordami bu bilan cheklanmadi. 2008 yilda klub hamon moliyaviy qiyinchiliklar iskanjasida edi va uchinchi divizion licenziyasini olish uchun tarixiy "Stadion An der Alten Försterei" stadionini to'liq ta'mirlash talab etilardi. Qurilish firmalarini yollashga puli bo'lmagan klubga yana muxlislar yordamga keldi. 2 300 dan ortiq muxlislar jami 140 000 soatlik ko'ngilli jismoniy mehnat qilib, stadionni o'z qo'llari bilan qayta qurib chiqishdi. Bugungi kunda stadion yonida quruvchi kaskasi tasvirlangan yodgorlik o'rnatilgan bo'lib, u klub muxlislarining socialistik birdamlik va fidoyilik qadriyatlarini o'zida mujassam etgan. Bu mehnat tufayli tejalgan mablag'lar to'g'ridan-to'g'ri klubning qarzlari va maoshlarini qoplashga xizmat qildi.

"Uimbldon": Korporativ adolatsizlikka qarshi muxlislar isyoni

Angliyaning 1988 yilgi FA Kubogi g'olibi "Uimbldon" tarixi futboldagi biznes aralashuvining eng salbiy oqibatlarini o'zida aks ettiradi. Teylor hisobotidan so'ng barcha stadionlar o'tiradigan joylarga ega bo'lishi kerakligi talab qilindi va klub o'z stadioni Plau Leynni tark etishga majbur bo'ldi. Klub xo'jayinlari moliyaviy muammolar va yangi stadion qurish niyatida 2002 yilda klubni Londondan 97 km uzoqlikdagi Milton Kins shahriga ko'chirishga qaror qilishdi. Futbol Assotsiatsiyasi bunga ruxsat bergach, jamoa ko'chib o'tdi va 2004 yilda nomini "MK Dons" deb o'zgartirdi, tarixiy klub esa o'z shaxsiyatini yo'qotdi.

O'z tarixi va jamoasidan ayrilgan muxlislar bu korporativ qarorga bo'ysunmadilar. 2002 yil 30 may kuni ular mahalliy pablardan birida yig'ilib, noldan "AFK Uimbldon" nomli muxlislarga tegishli yangi klub tuzishdi. Klub o'z faoliyatini Angliya futbol tizimining eng pastki qismlaridan biri – 9-divizionda boshladi. Dastlabki tarkibni yig'ish uchun ochiq sinov o'yinlari o'tkazilib, unda 230 nafar havaskor yigitlar qatnashdi va ilk jamoa shakllantirildi.

Yangi klubga muxlislarning e'tibori beqiyos edi. Mazkur 9-divizionda boshqa klublarning o'yinlariga o'rtacha 50 kishi tashrif buyuradigan bir vaqtda, "AFK Uimbldon" o'yinlariga muntazam ravishda 3 000 dan ortiq muxlis chipta xarid qilib kelar edi. Aynan mana shu chiptalar savdosi klubni tez suratlarda yuqori ligalarga chiqishi uchun zarur moliyani taminladi. Muxlislar tomonidan boshqariladigan ushbu klub 78 ta o'yinda mag'lubiyatsiz seriya qayd etdi. Klub moliyaviy jihatdan barqaror o'sib, 13 mavsum ichida 6 marta yuqori ligaga ko'tarildi va 1-Liga darajasiga qadar yetib keldi. Muxlislar chiptalar va obligaciyalar sotuvi orqali millionlab funt yig'ib, klubning tarixiy uyi bo'lgan "Plau Leyn" hududida 9 300 o'rinli yangi stadion qurdilar va qariyb 30 yillik tanaffusdan so'ng 2020 yilda o'z uylariga qaytishga muvaffaq bo'lishdi.

"Beri": Boshqaruv qoidalarining inqirozi va qayta tug'ilish

Angliyaning 1885 yilda tuzilgan qadimiy klubi "Beri" 2019 yilda ingliz futboli uchun haqiqiy ogohlantirish qo'ng'irog'iga aylandi. Klub xo'jayini Stiv Deyl klubini avvalgi xo'jayin Styuart Deydan atigi 1 funtga sotib olgan edi. Biroq u klubning moliyaviy ahvoli haqida yolg'on ma'lumotlar berganligi va katta miqdordagi (taxminan 5-12 million funt) soliq va boshqa qarzlarni qoplay olmagani natijasida klub 2019 yil 27 avgust kuni Ingliz Futbol Ligasidan shafqatsizlarcha chetlatildi.

Ingliz futbolidagi "Munosib xo'jayin" testi qanchalik samarasiz ekanligini va xususiy mulkdorlar klublarni qanchalik osonlik bilan yo'q qilishi mumkinligini ko'rsatgan bu fojiadan so'ng, muxlislar klubni qutqarishga kirishdilar. Ular dastlab "Bury AFC" nomli yangi Feniks klub tuzishdi. 2022 yilda esa "Est.1885" nomli muxlislar guruhi hukumatning qisman moliyaviy ko'magi va o'zlarining kraudfanding mablag'lari orqali tashqi boshqaruvchilardan klubning tarixiy stadioni "Gigg Leyn"ni va "Beri FK" nomini sotib olishga erishdilar. 2023 yilda ikki muxlislar guruhi birlashib, asl klub nomi ostida maydonga qaytdi. Bu jarayonlarda ham, o'yin kunidagi tushumlar va abonement xaridlari moliyaviy barqarorlikning asosi bo'lib qolmoqda.

Birja va korporativ boshqaruv illyuziyasi "Borussiya Dortmund" misolida

Bazi ekspertlar va kuzatuvchilar futbol klublari qatiy moliyaviy tartibga solinishi uchun ular korporativ tizimda ishlashi, yani fond birjalariga chiqarilishi (akciyadorlik jamiyatiga aylanishi) kerak deb hisoblashadi. Ularning fikricha, birja tartib-qoidalari moliyaviy nazorat va shaffoflikni taminlaydi. Biroq birjaning shaffoflik talablari ham futbol klubini doim ham inqirozdan asray olmaydi va muxlislarning o'yin chiptalarini xarid qilishi korporativ modeldan kuchliroq ekanligini ko'rsatadi. Buning eng yorqin misoli Germaniyaning "Borussiya Dortmund" klubidir.

"Borussiya Dortmund" 2000 yilda Germaniya birjasiga chiqqan birinchi va yagona futbol klubi bo'ldi. Dastlabki akciya narxi 11 evro etib belgilandi. Biroq raqobatbardosh bo'lish uchun o'ta qimmatbaho o'yinchilarni sotib olishga sarflangan mablag'lar va sportdagi muvaffaqiyatsizliklar klubni 2003-2005 yillarda jiddiy moliyaviy inqirozga yuz tutishiga sabab bo'ldi. 2009 yilga kelib korporativ umumiy zarar 145 million evroga etdi, akciyalar narxi esa bozorda 1 evrodan ham pastga tushib ketdi. Investorlar va akciyadorlar qattiq zarar ko'rdi.

Garchi klub kreditorlar bilan kelishuv va moliyaviy qayta qurish orqali saqlab qolingan bo'lsa-da, bu jarayonda klubning asl qiymatini ushlab turgan kuch – muxlislarning bevosita moliyaviy yordami, yani chiptalar xaridi edi. Eng og'ir, bankrotlik yoqasidagi yillarda ham 80 000 ga yaqin muxlislar har bir o'yinda stadionni to'ldirishda va mavsumiy chiptalarni rekord darajada xarid qilishda davom etishdi. Korporativ nazariya klublarni oddiy foyda keltiruvchi savdo aktivi deb ko'rsa-da, Dortmund voqeasi ko'rsatdiki, klubning asl maqsadi investorlarga dividend to'lash emas, balki muxlislar bazasini saqlab qolish va ular uchun kurashishdir. Aynan mana shu tinimsiz chipta xaridlari klubga doimiy naxd pul oqimini taminlab berdi va uni bankrot bo'lishdan asrab qoldi.

"Bunyodkor" inqirozi va jahon tajribasi – Yevropa grandlarining xatolari va najot yo'llari

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia