Farhod Nishonov: "Sifat bilan birga natija ham bo'lishi kerak"

Оқил Абдубарноев
4 may 2026, 21:20
Proliga 7-turidan o'rin olgan "Olimpik MobiUz" - "Kattaqo'rg'on" (0:0) o'yinidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Farhod Nishonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqida o'zingizning fikrlaringizni o'rtoqlashsangiz.

– Qiyin o'yin bo'ldi. Har bir o'yin qiyin bo'lyapti biz uchun. Yigitlar harakat qildi. O'ylaymanki, yaxshi, sifatli epizodlar bo'ldi, yaxshi ham o'ynadik. Lekin xato-kamchiliklarimiz ko'p, ularni to'g'rilashimiz kerak. O'yindan o'yinga kuchayib borishimiz kerak, deb o'ylayman. Sifatli o'yin talab qilyapmiz, bu – yaxshi, lekin sifat bilan birga natija ham bo'lishi kerak.

– O'tgan mavsum ettinchi turda, xuddi mana shunday paytda jamoangiz birinchi o'rinda edi. Hozir esa ettinchi o'rinda, adashmasam. Bu nima bilan bog'liq? Jamoaning kuchsizlangani bilanmi yoki Proliga kuchaydimi?

– Jamoamizning asosiy o'yinchilari ketishgan, ularga omad tilaymiz. O'ylashimcha, bunga ozgina vaqt kerak. Pro liga o'tgan yilgidan ko'ra bu yil farq qiladi, chunki joriy yilda jamoalar soni ko'p, kuchli jamoalar soni ko'p, yaxshi jamoalar bor. Men o'ylaymanki, chempionat hali uzoq davom etadi. Bizda imkoniyatlar hali etarlicha. O'sha yo'qotilgan ochkolarni keyingi o'yinlarda asta-sekin qo'lga kiritamiz.

– Bugungi o'yinda jamoa ikki ochko yo'qotdimi yoki bir ochkoga ega chiqdimi?

– "Ikki ochko yo'qotdi" desak bo'ladi, chunki biz g'alaba uchun o'ynagandik. Ko'rganingizday, durang bo'ldi. Lekin o'yin shuni ko'rsatib berdiki, durang ikkala jamoaning harakatlariga ham mos natija bo'ldi, deb o'ylayman.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia