

- Farhod aka, bugungi o'yin haqida o'z fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Bugun judayam xursandmiz, juda muhim g'alabani qo'lga kiritdik. Peshqadam ustidan qozonilgan g'alaba har doim yoqimli bo'lgan. Yigitlarga rahmat, yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Og'ir va juda qiyin o'yin bo'ldi, baribir buni tan olaman. "Aral" bekorga Proligada peshqadam emas, baribir o'z kuchini ko'rsatdi. Shunga qaramay, yigitlar xarakter ko'rsata oldi, kurashdik va muhim g'alabani qo'lga kiritdik.

- Jamoa ikkinchi goldan keyin ham "avtobus" tashlab olmadi, aksincha vaqti-vaqti bilan hujumga o'tib turdi. Yani hisobni ushlash maqsadi yo'q edi. Lekin yaratilayotgan vaziyatlarni yakunlashda ozgina muammolar borligi ko'zga tashlandi…
- Ha, muammolar bo'ldi. Futbolchilarimiz baribir bosim ostida qolganda, o'sha hal qiluvchi epizodlarda yaxshiroq harakat qilishimiz, yaxshilanishimiz kerak. Ko'rgan bo'lsangiz, 3 metrdan, 5 metrdan, 10 metrdan gol ura olmayapmiz. Shunga qaramay, eng muhim narsa - harakat bor, to'g'ri joyga yugurishyapti, gol uradigan zonalarga kirib borishayapti, u erga oxirgi paslar yetib borayapti. Bosqichma-bosqich barchasi yaxshilanib, gollar ham uramiz. Jamoamizning o'yin uslubi shunaqa, biz har doim himoyada o'ynamaymiz. O'zimizning uslubimiz bor - har doim hujumkor futbol o'ynashga harakat qilamiz. Ko'rganingizdek, o'tgan o'yinda ham, undan oldingi o'yinda ham, bu safar ham zaxiradan tushgan o'yinchilarimiz o'yinni sezilarli darajada kuchaytirib beryapti.
- Raqibning imkoniyatidan kelib chiqqan holda, bu o'yinda ochko olish rejalashtirilganmidi yoki maksimal g'alabami?
- Yigitlarning o'zida ham yutish uchun juda katta xohish va jiddiy tayyorgarlik bor edi. Bu o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. Maqsafimiz faqat g'alaba qozonish edi, shuning uchun oldinga katta kuch bilan harakat qildik.



