

- Farhod aka, bugungi o'yin haqida o'z fikrlaringiz bilan bo'lishsangiz...
- Bugun qiyin g'alaba qozondik. Chunki o'tgan o'yinda “Metallurg” bilan yaxshi o'yin ko'rsatib, lekin natijaga erisha olmagandik. Bugun aksini ko'rdik: o'yinimiz o'xshamadi, lekin muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik. Yigitlar harakat qildi, xatolarga yo'l qo'ydik, ko'plab vaziyatlardan foydalana olmadik. Baribir raqib ham yaxshi qarshilik qildi, himoyada tartibli o'ynadi. Bular ham bor, lekin etirozim yo'q - muhimi uch ochko.
- Birinchi bo'limdayoq o'zgarishga qo'l urdingiz, buni sababi nimada?
- Majbur bo'ldik. Chunki u o'yinchimiz anchadan beri o'ynamayotgandi, jarohat olib, deyarli bu yil endi maydonga chiqishi edi. Boshida o'sha yo'l qo'ygan xatosiga reakciya bildira olmadi, o'ziga kela olmadi. Shuning uchun keyingi xatolar kelib chiqmasligi uchun almashtirdik.
- Bugun umuman olganda "Olimpik MobiUz"dan kutilgan yaqqol ustunlik ko'rinmadi. Bunga balki 19-tur uchrashuvining oldinga surilgani sabab bo'lgandir, jamoada charchoq bormi?
- Albatta, charchoq bo'lgan. Aslida bo'lmasligi kerak, lekin ruhiy tomondan juda ko'p zarba bo'ldi. Biz uchun og'ir o'yin bo'ldi u, og'ir va alamli mag'lubiyatga uchradik. Shuning uchun men o'zim ham, murabbiylar ham, yigitlarda ham shu narsani ko'rdim - bu o'yinga ruhan tiklana olmadik.
- Bugun uchta yaqqol golli vaziyat ko'kka sovurildi. Mana shu vaziyatlardan unumli foydalana olmaslik evaziga ochko yo'qotishdan qo'rqmaysizmi?
- Har o'yin pand eymiz. “Metallurg” bilan o'yinda vaziyatlarimizdan foydalanganimizda yirik hisobda yutgan bo'lardik. Endi bu bizga bog'liq emas, chunki futbolchilarning mahoratiga, tajribasiga bog'liq. Jamoa vaziyatlar yaratyapti, golli vaziyatlar juda ham ko'p yaratyapti - bu degani jamoa o'yin bo'yicha yutqazmayapti. Bizning ishimiz ularni o'sha vaziyatgacha olib borish. Vaziyatdan foydalanish baribir futbolchining mahoratiga bog'liq. Bu ham sekin-sekin vaqti-vaqti bilan joyiga tushib ketadi deb o'ylayman. Agar vaziyat bo'lmay turib yutqazsak, bu juda yomon. Vaziyatlar bor, lekin foydalanish bo'yicha juda ko'p ishlar qilinyapti.
- Terma jamoaga chaqirilgan futbolchilar haqida ham to'xtalsangiz: bugun ularning o'rni juda bilindi...
- Albatta, terma jamoaga chaqirilgan o'yinchilar - o'z nomi bilan terma jamoa, kuchli. Biz uchun birinchi navbatda baribir terma jamoa turadi. Shuning uchun ularga omad tilaymiz. Ularning o'rni juda ham bilindi, o'rnini yopishga harakat qildik. Hozir quvonarlisi - o'sha yilning boshida jarohat olgan o'yinchilar sekin-sekin formasiga kirib boryapti. Agar ular formasiga kirsa, keyingi o'yinlarda bu ham muammo bo'lmaydi deb o'ylayman.
- Milliy terma jamoa o'yini hisobiga 19-tur uchrashuvi oldinga surildi. Bu narsa milliy terma jamoa g'alabalariga qarab davom etaveradimi, rejalashtirilganmi?
- Albatta, bizning jamoamizning tashkil etilishidan, loyihamizdan maqsad - birinchi o'rinda terma jamoa. Terma jamoa manfaati uchun hamma qilinayotgan ishlar PFL bilan kelishgan holda oldinga surib o'ynashga qaror qilindi. Baribir keyinga qoldirib o'ynaydigan bo'lsak, u yog'iga o'yinlar soni ko'p, raqibda ham, bizda ham muammo bo'lishi mumkin edi. Shuning uchun kelishgan holda oldinga surib o'ynadik. Albatta, birinchi navbatda terma jamoa manfaati uchun.



