Fabio Kannavaro JCHdagi murabbiylikdagi debyuti, Kolumbiyaga qarshi uchrashuv, Portugaliyaga qarshi bo'lajak bahs haqida fikr bildirdi

22 iyun 2026, 09:15
O'zbekiston MTJ bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCHdagi murabbiylikdagi debyuti Kolumbiyaga qarshi uchrashuv, Portugaliyaga qarshi bo'lajak bahs haqida fikr bildirdi.

- Murabbiylik faoliyatingizdagi ilk taassurotlar qanday bo'ldi?

- Bu mutlaqo boshqacha hissiyot ekan. Murabbiy sifatida juda ko'p narsaga e'tibor qaratishingiz, ko'plab masalalarni nazorat qilishingiz va jiddiy tayyorgarlik ko'rishingiz kerak bo'ladi. Albatta, ich-ichingizda hayajon va baxt hissi bo'ladi, ammo oxir-oqibat butun e'tiboringiz jamoaga qaratiladi. Natijada atrofdagi juda ko'p narsalarni sezmay qolishingiz ham mumkin. Futbolchi sifatida esa turnirdan ko'proq zavq olish imkoniyati yuqori bo'ladi.

Murabbiyning futbolchidan farqi shundaki, murabbiy sifatida juda ko'p aziyat chekasiz, chunki siz maydon tashqarisida turasiz. Futbolchilarga yordam bergingiz, hamma narsani nazorat qilgingiz keladi, lekin buni to'liq uddalay olmaysiz. Faqatgina bazi o'zgarishlarni amalga oshirishingiz mumkin, xolos. Shu sababdan ham murabbiy ko'proq tashvish va bosimni his qiladi.

- Kolumbiyaga qarshi o'yindan keyin qanday xulosalarga keldingiz?

- Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdan keyingi eng katta saboq shu bo'ldiki, bu darajadagi turnirlarda xatolar juda qimmatga tushishini anglab etdik. Biz ajoyib o'yin o'tkazdik, jamoaviy harakat qildik, agressiv va intizomli o'ynadik. Lekin bir lahza e'tiborni yo'qotsangiz yoki raqibni nazoratsiz qoldirsangiz - jazolanishingiz aniq. Birinchi goldagi holat bo'lmasligi uchun uzoq vaqt tayyorgarlik ko'rgandik, ammo baribir xatoga yo'l qo'ydik. Ikkinchi gol esa autdan keyin yuzaga keldi. Men futbolchilarga markaz orqali o'ynamaslik kerakligini aytgandim, chunki bu juda ham xavfli hudud hisoblanadi. Shuning uchun bu darajadagi xatolar sonini kamaytirish biz uchun juda muhim.

Shu bilan birga, ikkinchi bo'limdagi o'yinimizdan juda mamnun bo'ldim. Men doim futbolchilarga: "Agar to'p bizda bo'lsa, o'z uslubimizni ko'rsatishimiz kerak", deb uqtiraman. Futboldan qo'rqmaslik, o'zimizga ishonish va o'yin zavqini his qilishimiz zarur. Ikkinchi bo'limda jamoa aynan shuni ko'rsata oldi. Ular o'yinni nazorat qilishga urinishdi, gol urishdi va yana gol urish uchun ko'plab imkoniyatlarga ega bo'lishdi. Afsuski, uchinchi golni ham o'tkazib yubordik va bu biz uchun juda og'ir bo'ldi.

- Navbatdagi raqib - Portugaliya terma jamoasi haqida nima deya olasiz?

- Men futbolchilarimdagi bosimni kamaytirishga harakat qilaman, chunki biz jahon chempionatining eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi o'ynaymiz. Portugaliya tarkibi yulduzli futbolchilarga to'la. Va, albatta, ularda Krishtianu Ronaldu bor - so'nggi 20 yil ichida Lionel Messi bilan bir qatorda dunyoning eng buyuk futbolchilaridan biri bo'lib kelayotgan afsona. Portugaliya to'pni nazorat qilishni yaxshi ko'radi va raqibga bosim qilish imkonini bermaydi. Ular qisqa paslar orqali o'yinni boshqarishadi va har bir vaziyatda xavf tug'dira olishadi.

Shu sababli, biz himoyada juda intizomli bo'lishimiz shart. Shu bilan bir qatorda, to'p bizga o'tganda ularga muammo tug'dirishga harakat qilishimiz lozim. Har bir jamoaning kuchli va zaif tomonlari bo'ladi. Biz ularning kuchli jihatlarini imkon qadar cheklab, zaif tomonlaridan foydalanishga intilishimiz kerak.

Ha, albatta, Ronaldu - buyuk futbolchi va katta yulduz, ammo o'yin boshlanganidan keyin bularning barchasini unutish kerak. Biz faqat o'z vazifamizga e'tibor qaratishimiz shart. Maydondan tashqarida futbolchilar o'rtasidagi munosabatlar juda yaxshi bo'lishi mumkin, lekin maydonda siz do'st emassiz. U yerda faqat o'z jamoangiz manfaatini o'ylashingizga to'g'ri keladi.

- Ushbu JCHdan keyin odamlar jamoangizni qanday eslab qolishlarini istardingiz?

- Turnir yakunida odamlar O'zbekistonni jahon chempionatida ilk bor qatnashayotgan, lekin kuchli jamoalardan qo'rqmaydigan jamoa sifatida eslab qolishlarini xohlayman. Biz chiroyli futbol ko'rsatadigan, yaxshi tashkil etilgan va intizomli jamoa sifatida tanilishimiz kerak. Shuningdek, biz barcha raqiblarni hurmat qilamiz va ulardan ham o'zimizga nisbatan xuddi shunday hurmat bilan munosabatda bo'lishlarini istaymiz

O'xshash yangiliklar


Manba: UzbekistanFA