Yevropa klubi xo'jayini o'z uyi yaqinida otib o'ldirildi

Sherzod Nurmatov
1 okt 2026, 11:50
Bolgariya futboli o'tgan o'n yilliklarning qora kriminal davrini yodga soluvchi dahshatli fojiadan larzaga keldi.

Bolgariyaning "Botev Plovdiv" futbol klubi va PIMK yirik transport kompaniyasi egasi Iliyan Filipov o'z uyi yaqinida sovuqqonlik bilan boshidan otib ketildi. Jinoyat 30 sentyabrga o'tar kechasi sodir bo'lgan. Bu haqda taniqli surishtiruvchi jurnalist Romen Molina ma'lum qildi.

Filipov ishbilarmonlik doiralarida keng aloqalarga ega bo'lgan, mintaqaning eng boy va nufuzli tadbirkorlaridan biri hisoblanardi. O'limidan sal oldin biznesmen Bolgariya Ichki ishlar vazirligiga Plovdivdagi vaziyatni nazorat qilayotgan norasmiy ta’sir tarmoqlari va soyadagi guruhlar haqida rasmiy ogohlantirish xatlari yuborgandi.

Mahalliy OAV ushbu qotillikni uning kasbiy faoliyati hamda korrupsiya sxemalarini fosh etishga bo'lgan urinishlari bilan bog'lamoqda. Huquq-tartibot organlari buyurtma qotillik holatlari yuzasidan keng ko'lamli tergov ishlarini boshlab yubordi.

Bu voqea 1990 yillar oxiri va 2000 yillarning qorong'i davrini yodga soldi - o'sha paytlarda hududlar uchun kriminal urushlar Bolgariyaning o'ndan ortiq klublari prezidentlarining hayotiga zomin bo'lgandi. O'sha davrning eng shov-shuvli voqealaridan biri Plovdivning boshqa bir jamoasi - "Lokomotiv" egasi Georgiy Ilievning o'ldirilishi bo'lib, u Qora dengiz kurortidagi restoranda snayper tomonidan otib tashlangan edi.

Qayd etish joizki, "Botev Plovdiv" - Bolgariyaning eng ko'hna futbol klubi bo'lib, u 1912 yilda tashkil etilgan, ikki karra mamlakat chempioni va to'rt karra Bolgariya Kubogi sohibi hisoblanadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: x.com/Romain_Molina