Emilian Karas: "Pul maydonda futbol o'ynamaydi. Ronaldu kelsa bizga osonroq bo'lardi"

Абдулвосит Бектемиров
1 noya 2026, 16:02
Elit OCHL 4-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Al Nassr" bahsidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Emilian Karas ishtirok etdi.

"OCHL Elit doirasida navbatdagi o'yinimizni o'z maydonimizda Saudiya Arabistoni chempioniga qarshi o'tkazamiz. "Al Nacsr" - katta nomga va butun dunyoga tanilgan mashhur futbolchilarga ega jamoa. Ular juda yaxshi murabbiyga ega hamda tezkor, texnik jihatdan kuchli, Yevropaning top-chempionatlarida katta tajriba to'plagan o'yinchilardan tashkil topgan. Bu bizni qo'rqitmaydi, aksincha, yanada kuchliroq ruhlantiradi.

Bizning o'z maqsadlarimiz bor. Asosiy vazifa - tig'iz taqvim va parvozlardan so'ng futbolchilarni tezroq tiklab olish. Yigitlar ertaga maydonga chiqib, birgalikda sifatli o'yin ko'rsatishiga hamda ijobiy natija qayd etishimizga ishonaman", - deya gap boshladi Emilian Karas.

- Krishtianu Ronalduning Toshkentga kelmagani futbolchilarni ruhiy bosimdan xalos qilib, xotirjamroq tayyorgarlik ko'rishga yordam berdimi?

- Tarkibdan qati nazar, "Al Nassr"da yuqori saviyali yulduzlar juda ko'p va ularda Krishtianuning o'rnini bosa oladigan ijrochilar etarli. Balki Ronalduning yo'qligi bizga yanada qiyinchilik tug'dirar, chunki u maydonda bo'lganida butun jamoa unga o'ynaydi va raqibning harakatlarini o'qish osonroq bo'ladi. Boshqa futbolchilar tushganda esa hujumni rivojlantirish variantlari ko'payadi. Shu bois biz uchun Ronaldusiz "Al Nassr"ga qarshi o'ynash qiyinroq bo'lishi mumkin. Yigitlar esa xalqaro bahslarga o'z-o'zidan alohida kayfiyat bilan tayyorlanishadi.

- "Paxtakor" har uch kunda maydonga tushmoqda, og'ir safarlar bor. Klubdagi tiklanish, fizioterapiya va tibbiy shtab ishini qanday baholaysiz?

- Tiklanish masalasiga kelsak, bizda hamma sharoit bor, ammo eng asosiy yetishmayotgan narsa - bu vaqt. Har uchinchi kunda maydonga tushyapmiz va doimiy safarlardamiz. Agar barcha o'yinlar uyda bo'lganida, parvozlarsiz tiklanish ancha engil kechardi. Biz professional klub sifatida yigitlarni jismoniy va psixologik jihatdan tiklash uchun qo'limizdan kelgan barcha choralarni ko'ryapmiz.

emiliano karas ichiga.jpeg

- "Al Nassr" safida Sadio Mane va Joao Feliks kabi mahoratli o'yinchilar bor. "Paxtakor" ertaga faqat himoyalanmasdan, hujumkor futbol ko'rsatishi uchun qandaydir taktika tayyorlandimi?

- Biz o'ynagan barcha jamoalarda katta mablag' evaziga sotib olingan sifatli futbolchilar bor. Biroq pul futbol o'ynamaydi - maydonga har ikki tomondan 11 nafardan futbolchi tushadi. G'alaba qozonish uchun jamoaviy tarzda juda yuqori saviyali o'yin ko'rsatishimiz, har bir chiziqda bir-birimizni "straxovka" qilishimiz kerak. Biz jamoaviy kuchimizga tayanamiz. Raqib safida kim maydonga tushishidan qati nazar, o'z o'yinimizni namoyish etib, natijaga erishishga harakat qilamiz.

- Iroqdagi "Eyr Fors"ga qarshi uchrashuvdan so'ng maydon holatini tanqid qilgandingiz. Lekin "Paxtakor" hali OCHL Elitada g'alaba qozongani yo'q. Bu faqat tashqi omillar bilan bog'liqmi yoki jamoa o'yinida ham kamchiliklar bormi?

- Iroqdagi maydon haqiqatan ham dahshatli ahvolda edi, to'g'ri, bu ikkala jamoa uchun ham bir xil sharoit bo'lgan. Agar biz birinchi bo'lib gol urganimizda, bahs umuman boshqacha kechardi. Biz ko'proq to'pni yerda saqlab o'ynaydigan texnik jamoamiz, bunday maydonda esa to'g'ri chiziqli futbolga o'tish talab etilardi. Masalan, keyingi bahsda sun'iy qoplamali maydonda o'ynagan bo'lsak-da, u tekis edi va u yerda bemalol futbol o'ynash mumkin edi. Mag'lubiyatlardan biz ham xafamiz va ertangi bahsda o'zimizni oqlab, OCHLdagi ilk g'alabamizni qo'lga kiritishga bor kuchimizni sarflaymiz.

- Ichki chempionat va xalqaro maydondagi oxirgi o'yinlarda "Paxtakor"ning hujum chizig'ida oqsash kuzatilmoqda, gol urishda qiyinchiliklar bor. Hujumchilardagi bu muammoni bartaraf etish ustida qanday ish olib borilmoqda?

- Hozirgi tig'iz grafikda to'liq mashg'ulotlar o'tkazishga vaqt yo'q, kunimiz faqat tiklanish bilan o'tmoqda. Futbolda eng qiyin ish - bu gol urish, yani hujumni yakunlash fazasi. Bu yuqori mahorat talab qiladi, shuning uchun ham hujumchilar dunyoda eng qimmat va qadrli o'yinchilar sanaladi. Albatta, biz vaziyatlar yaratish va xavfli hujumlar uyushtirish ustida ishlayapmiz. Har bir o'yinda ko'proq gol urishni xohlaymiz, ertangi uchrashuvda ham muxlislarimiz va jamoamiz ishonchini oqlashga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

paxtakor al nassr pressa ichiga.jpeg

O'xshash yangiliklar


Абдулвосит БектемировMuallif