Emilian Karas: "Chempionlar ligasi Toshkentga qaytganidan xursandmiz"

Оқил Абдубарноев
11 okt 2026, 14:38
Elit Osiyo Chempionlar ligasi 2-turidan o'rin olgan "Paxtakor" – "Al Qodisiya" uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida toshkentliklar yordamchi murabbiyi Emilian Karas va yarim himoyachi Bashar Resan ishtirok etdi.

Emilian Karas:
Chempionlar ligasi Toshkentga qaytganidan xursandmiz. Ertaga ushbu kuchli raqibni kutib olayotganimizdan mamnunmiz. Muxlislar kelib, bizni yanada ko'proq qo'llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz. Raqib jamoa tarkibida Yevropa va Amerikadan katta mablag' evaziga xarid qilingan yuqori saviyali futbolchilar jamlangan. Ularda "Liverpul" va "Seltik" kabi klublarda ishlagan, katta nomga ega juda yaxshi murabbiy bor. Yani, jamoa juda raqobatbardosh. Hozirgi bosqichda ular ikkinchi o'rinda bormoqda va menimcha, peshqadam "Al-Hilol" bilan birgalikda chempionatdagi eng yaxshi o'yinni ko'rsatmoqda. Shunday bo'lsa-da, biz raqibni kutyapmiz va ertangi o'yinga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Yaxshi o'yin ko'rsatishga, eng muhimi, ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz. Shunday ajoyib ob-havoda barchani futbolga, ertangi o'yinga yigitlarimizni qo'llab-quvvatlash uchun taklif qilamiz.

Bashar Resan:
Barchaga assalomu alaykum. Albatta, qiyin o'yin bo'ladi. Raqibimiz so'nggi ikki mavsumda Saudiya Arabistonining eng yaxshi jamoalaridan biri bo'lib kelmoqda. Biz o'tgan kuni chempionat doirasida bitta o'yin o'tkazdik, ular ham xuddi shunday, o'tgan kuni o'ynashdi. Hozir biz tayyormiz, chunki bilasiz, milliy terma jamoalarda etti nafar futbolchimiz bor, ular O'zbekistonga, Iroqqa va boshqa turli mamlakatlarga safar qilishdi. Ular endigina qaytib kelishdi va ko'p vaqtlarini tiklanishga sarflashdi. Biz ushbu o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'ryapmiz va ertaga muxlislarimizni kutib qolamiz. Inshaalloh, yaxshi natijaga erishamiz. Barcha bu o'yinning qiyin o'tishini biladi va unga tayyor.

– Jamoa Chempionlar ligasining 1-turida safarda o'ynadi va qaysidir manoda rejalari o'xshadi, o'ziga kerakli natijaga erishildi. 2-turda ham jiddiy raqib. Oldingi raqib va hozirgisining qaysi jihatlari farq qilishini sezdingiz va bunga jamoa tayyormi?

– O'yinga bo'lgan yondashuvlar bir-biriga o'xshamaydi. Biz o'z muxlislarimiz qarshisida, o'z uyimizda o'ynayapmiz. Oldingi raqibning o'z muammolari bor edi. Hozirgi raqibimiz esa juda yaxshi holatda, ketma-ket g'alabalarga erishdi va raqiblaridan ustunlik qilmoqda. Ular juda yaxshi ko'rinishga ega. Aytishim mumkinki, hozirgi raqibimiz eng yaxshi o'yin ko'rsatayotgan jamoalardan biri hisoblanadi. Ular oldingi raqibimizdan farqli o'laroq, boshqacha sxemada harakat qilishadi va ularda ko'proq birga o'ynab shakllangan, uyg'unlashgan tarkib mavjud. Ammo bizning ham ertangi o'yin uchun o'z rejamiz bor va ijobiy natijaga erishishga harakat qilamiz.

– Chempionat o'yinlarida Sanjar Quvvatov muntazam asosiy tarkibda maydonga tushayotgan bo'lsa-da, OCHL 1-turida Vladimir Nazarov maydonda edi va o'tkazib yuborilgan golda qisman uning ham aybi bor edi. O'sha o'yinda Nazarovni tanlashingizga nima sabab bo'ldi va bo'lajak o'yinda ham uni asosiyda ko'rishimiz mumkinmi?

– Bizda ikkita kuchli, teng kuchga ega darvozabon bor. Bu juda yaxshi holat, chunki ularning o'sishiga va o'zaro raqobatiga yordam beradi. Ikkalasi ham ertangi o'yinga tayyorgarlik ko'rmoqda. Ertaga kim maydonga tushishini o'yindan oldin hal qilamiz. Takrorlayman, bizda ikkita ajoyib va teng kuchli darvozabon mavjud, shu bois darvozamizni kim qo'riqlashi biz uchun muammo emas.

– Raqibning qaysi jihatlari sizni ko'proq xavotirga solmoqda va tahlil davomida qanday zaif nuqtalarini ko'rdingiz?

– Har bir jamoaning o'z kuchli va zaif tomonlari bo'ladi. Hozir biror narsaga alohida urg'u bermoqchi emasman, bu haqda o'yindan keyin gapirishni afzal ko'raman. O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rish va har bir o'yinchi maydonda nima qilishi kerakligini aniq bilishi shart. Jamoa hujumga e'tibor qaratadi, ularda yaxshi hujumkor futbolchilar bor. Hatto himoyachilari ham hujumga juda yaxshi qo'shiladi. Qolganini ertaga o'yindan so'ng muhokama qilamiz.

– Savolim Bashar Resanga. So'nggi paytlarda sobiq klubingiz "Persepolis"ga qaytishingiz haqida ko'plab xabarlar tarqalmoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin va kelajagingiz borasida qaror qabul qildingizmi?

Bashar Resan:
Yo'q, hozir bor e'tiborimni faqat klubimga qaratganman, chunki hali shartnomam bor. Jamoamiz bilan O'zbekiston chempionligi uchun kurashyapmiz va bunga juda yaqinmiz. Shuningdek, ertaga Chempionlar ligasida ham o'yinimiz bor. Biz faqat mashg'ulotlarga diqqatimizni jamlaganmiz. Bular shunchaki xabarlar va bunday gaplar turli davlatlardan chiqishi tabiiy hol, chunki bilasiz, shartnomam dekabr oyida yakuniga etadi. Ko'plab klublardan takliflar tushishi odatiy holat, lekin men bularni bir chetga surib, bor diqqatimni jamoamga yordam berishga qaratganman. Chunki biz bu mavsumda ham o'z o'rnimizni saqlab qolishimiz kerak, O'zbekistonda eng yaxshi o'rin va eng yaxshi holatda bo'lishga loyiqmiz – axir biz "Paxtakor"miz. Jamoam va do'stlarim uchun bor kuchimni berishim kerak. Bular esa shunchaki oddiy yangiliklar – shartnomasi yakunlanayotgan har qanday futbolchi nafaqat "Persepolis"dan, balki turli davlatlardan takliflar olishi tabiiy. Bu mavzuda esa, inshaalloh, keyinroq yana gaplashamiz.

– "Dinamo Kiev" shtabida bo'lganingizda "Paxtakor"ga qarshi uchta nazorat o'yini o'tkazgansiz. O'sha paytda klub haqidagi tasavvuringiz bilan bugun ichkaridan ko'rayotganingiz o'rtasida qanday farq bor?

Emilian Karas:
– Oradan ancha vaqt o'tdi. Umuman olganda, yig'inlardagi o'rtoqlik o'yinlarini rasmiy uchrashuvlar bilan solishtirib bo'lmaydi. Biz Turkiyada aynan shunday nazorat o'yinlarida to'qnash kelgandik. Jamoalar bunday paytda doim yuklamalar ostida o'ynaydi va maksimal imkoniyatlarini ko'rsata olmaydi. Lekin "Dinamo Kiev"ning sobiq buyuk o'yinchisi Maksim Shackix bilan ko'rishish juda yoqimli edi. "Paxtakor" doimo kuchli qarshilik ko'rsatardi, chunki ular uchun "Dinamo Kiev"ga qarshi o'ynash principial ahamiyatga ega edi. Bu o'yinlar xotiramda muhrlanib qolgan. Biroq yana qaytarib aytaman, nazorat uchrashuvlarini rasmiy o'yinlar bilan taqqoslab bo'lmaydi. Bu jamoalar uchun yaxshi tayyorgarlik vazifasini o'tab bergan edi xolos.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia